Aqtaudagi AZAL halokati bo‘yicha kelishuv: Ozarbayjon adolatga erishdi

Ozarbayjon va Rossiya so‘nggi yillardagi o‘ta og‘riqli va qayg‘uli masalalardan biri bo‘yicha yechimga erishdi — AZAL samolyoti halokati yuzasidan kompensatsiyalar masalasi hal etildi.

Bu natija oylab davom etgan muzokaralar, Bokuning qat’iy pozitsiyasi va Ozarbayjon prezidentining shaxsiy sa’y-harakatlari samarasi bo‘ldi. Qo‘shma bayonotda aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga tovon to‘lash kelishilgani tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 25 dekabrda Aqtau yaqinida sodir bo‘lgan halokat Rossiya havo hududida PVO tizimining beixtiyor ishlashi oqibatida yuz bergani aniqlangan. Halokatda 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgani, 29 nafari tirik qolgani eslatildi.
Tomonlar kompensatsiyalar to‘lashni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni kelishib olgan va halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan. Kelishuv tashqi bosimlarsiz, ikki tomonlama muloqot orqali ishlab chiqildi. Bu esa hatto eng og‘ir va fojiali masalalar ham siyosiy iroda va o‘zaro hurmat orqali hal etilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Ozarbayjon adolat, javobgarlik va ochiqlik tamoyillaridan chekinmadi. Prezident nazorati ostida olib borilgan izchil siyosat natijasida adolatli qarorga erishildi va bu kelishuv nafaqat huquqiy yechim, balki inson adolatini tiklash sifatida baholanmoqda.