Baxtga yor doim Navoiy, toki Jomiy bor ekan
Abdurahmon Jomiy 1414 yil 7 noyabrda Nishopur yaqinidagi Jom shahrida tug‘ilgan.
Bobosi Mavlono Muhammad va otasi Nizomiddin Ahmad singari Abdurahmon ham qo‘liga qalam olib, she’r yoza boshlagan vaqtdan boshlab o‘z tavallud topgan shahri nomini o‘ziga adabiy taxallus qilib olgan (Ba’zi olimlarning fikricha, "Jom" so‘zi "idish" ma’nosida tasavvufiy tushunchani ham bildiradi. Sharqdagi adabiy an’anaga ko‘ra adabiy taxallus ko‘p ma’noli bo‘lishi ma’qul ko‘rilgan).
U asosiy umrini Hirotda o‘tkazdi va shu yerda mashhur shoir va mutafakkir bo‘lib yetishdi. Bolalik chog‘idayoq Jomiy zehnining o‘tkirligi bilan ajralib turgan. Boshlang‘ich ma’lumotni otasidan olgan. U o‘z bilimini takomillashtirish maqsadida yigirma ikki yoshida o‘sha kezlardagi eng yirik ilmiy markaz sanalmish Samarqand shahriga kelib, 1436–1452 yillar (16 yil) davomida shu yerda bilim olgan.
Hirotda uning o‘qishiga Xoja Alouddin Ali Samarqandiy, Shahobiddin Muhammad Jojarmiy kabi mashhur mudarrislar o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lsa, Jomiy turli fanlar bo‘yicha o‘z tahsilini Samarqandda nihoyasiga yetkazishni ixtiyor qilgan. Natijada u arab tili, ilohiyot, tasavvuf, she’r qoidalari, adabiyot tarixi va boshqa fanlarning asoslarini juda erta va o‘zlashtirgan. Ulug‘bek madrasasida Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi allomalarning ma’ruzalarini eshitish sharafiga muyassar bo‘lgan. U fiqhshunos olim, arab tili, "Qur’on", hadislar bo‘yicha mutaxassis Fazlulloh Abullaysdan ham ko‘p dars olgan.
Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro o‘tirgandan so‘ng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortgan. Chunki Sulton Husayn va uning ko‘p avlodlari o‘zlarini unga murid, deb e’lon qilganlar.
Buyuk mutaffakir Alisher Navoiy ham Jomiyni o‘ziga pir deb bilgan. Yosh jihatidan Jomiy Navoiyga ota qatori – Navoiy tug‘ilganida Jomiy 27 yoshda bo‘lgan. Jomiy va Navoiy o‘z davri adabiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy muhitining ikki buyuk ustuni edi. Yuksak insoniy fazilatlar, mehr-muhabbat, odamiylik, samimiyat, halollik, sadoqat, fidoyilik, so‘z nafosatini, go‘zalligi va jozibasini teran his etish va buni o‘quvchiga mohirona yetkaza olish har ikki shoir ijodida ustuvor o‘rin egallaydi. Jomiy va Navoiy kabi bir-birining ijodiga ta’sir o‘tkazgan zamondoshlar adabiyot tarixida noyob hodisa hisoblanadi.
Ta’kidlash o‘rinliki, jahon adabiyotining bu ikki yirik vakili hayotida Samarqand alohida o‘rin tutadi. Ularning ikkisi ham yoshlik yillarida ilm-ma’rifat istab ushbu muazzam shaharga kelgan va bu ikki daho hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun bugungi kunda Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududida ikki buyuk mutafakkir – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali qad rostlagan. Bu, shubhasiz, azaliy o‘zbek va tojik adabiyoti an’analari davom etib kelayotganidan dalolat berib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.