"Shah adli uyini aylayin deb ma’mur"

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan navoiyxonlikda buyuk mutafakkir ushbu misrasida o‘zining ma’rifiy faoliyatining asosiy shiorini aytgan, degan fikrga kelindi.

Aka-uka tadqiqotchilar Hasanxon hamda Husaynxon Yahyo Abdulmajidning "Navoiydan chu topqaylar navoye" kitobi asosida shoir va hadisshunos ilmiy merosiga murojaat qilindi. Kitob mualliflaridan biri Hasanxon Yahyo Abdulmajid, avvalambor, Alisher Navoiy ijodiyotining ma’rifiy yo‘nalishlari, xususan, shariat, tariqat ilmidagi xizmati xususida so‘z yuritdi. Jumladan, Alisher Navoiyning ilmu odob to‘g‘risidagi qarashlari, bu haqdagi ayrim asarlari tahlil etildi. Shoir g‘azallaridagi ma’joziy obrazlar haqida ma’lumotlar berildi.

Filologiya fanlari doktori, professor Erkin Musurmonov Navoiy asarlarida ma’naviy poklik mavzusining aks etishi haqida xulosalar berdi. Notiq - Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev alloma ijodining Movarounnahrdagi boshqa adiblar ijodiga ijobiy ta’sirini misollar orqali keltirib o‘tdi. Shuningdek, Navoiy asarlaridagi ma’joziy obrazlar hamda ularning ilmiy tasnifi haqida fikr yuritdi.

Navoiyxonlik doirasida samarqandlik ijodkor Farmon Toshevning to‘rt tomlik saylanma asarlari kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

- Har yili shu paytda hadis ilmi markazida maslakdoshlarimiz bilan birgalikda ana shunday tadbir o‘tkazamiz, - deydi davra tashkilotchisi Farhod Xoliqov. – Unda Misrdan tashrif buyurgan hadisshunos olimlar, markaz talabalari hamda viloyatimizning mumtoz adabiyot yetakchi olimlari ishtirok etadi. Nazarimda bunday davralarni mahalla va qishloqlarda, oliy o‘quv yurtlarida har oyda o‘tkazib turib, keng ommani Alisher Navoiyning betakror merosidan, xususan, odob va ahloqqa oid qarashlaridan xabardor etish imkoni tug‘iladi.