“Zanjirband sher” tilsimi yoxud Navoiy dinsizlikni, mayxo‘rlikni targ‘ib qilmagan
Farididdin Attorga ko‘ra, jism “ot” bo‘lsa, ruh “suvoriy” hisoblanadi. “Ot” ko‘zga ko‘rinadi, “suvoriy” esa latif bo‘lib, ko‘zga ko‘rinmaydi. Alisher Navoiy ana shu “suvoriy”ni yoddan chiqarmaslik maqsadida zanjirband sherning rasmini chizgan va unga tez-tez nazar solib, tafakkurini “sozlagan”.
Bizga yaqingacha Alisher Navoiyni faqat shoir sifatida tanitishgan. Lekin u, avvalo, Naqshbandiya tariqatining yetuk olimi, tasavvuf ta’limotini mukammal egallagan donishmand bo‘lgan. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher”, deya ulug‘lagan. Ma’lumki, “Nizomiddin” arabchada “diyonat nizomi”, “dinni tartibga soluvchi”, degan ma’nolarni anglatadi. “Mir” esa “amir” so‘zining qisqartmasidir. Demak, Alisher Navoiy o‘z davrida diniy ulamo, ya’ni dinu diyonat amiri sifatida tanilgan.
G‘urbatda g‘arib shodumon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikondek oshyon bo‘lmas emish
Ulug‘ bobokalonimizga tegishli bu satrlar ham tasavvufiy ramzlardan iboratdir. Jumladan, undagi “G‘urbat” - tana, “G‘arib” - ruh, “Oltin qafas” - ot, “Bulbul” - suvoriy, “El” - tanadagi qo‘l va oyoqlarni anglatadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, u ijodida zohiriy ilm bilan birga ruh bilan bog‘liq (“ilmi hol”, ya’ni ilohiy) tasavvufiy qarashlarini ham bayon etgan.
Tasavvuf ilmida tarbiya ta’limdan ustun qo‘yilganligi sababli Alisher Navoiy ham ko‘p vaqtini imon-e’tiqodga chorlovchi axloqiy asarlar yaratishga sarflagan. Uning she’rlaridagi barcha hikmatlar Allohning kalomi hamda Payg‘ambarimiz (s.a.v) dan meros hadislardan suv ichadi.
Afsuski, sho‘ro tuzumi davrida uning asarlari ongli ravishda noto‘g‘ri talqin qilindi. Shu yo‘l bilan ulug‘ bobokalonimizning ijodidan o‘zimizga qarshi qurol yasashdi:
Zohid senga hur, menga jonona kerak,
Jannat senga bo‘lsin, menga mayxona kerak.
Bu satrlardagi tasavvufiy ramzlarni tan olmay, bobokalonimizga tuhmat qilishdi va din ahlini “axmoq zohid” deyishdi. Boshqalarni esa Alisher Navoiy “aytganidek” maishat qilib qolishga undashdi.
Holbuki, tasavvuf ta’limoti bilan tanishgan g‘arb madaniyatining ilg‘or vakillaridan biri – Gyote bundan ancha oldinroq, “Forsiylar yolg‘iz yetti shoirni (tasavvuf ilmi shoirlari nazarda tutilgan) buyuk, deb tan olishadi. Shu qatorga kirmaganlari orasida ham mendan ustunlari ozmuncha emas...”, deya ulug‘larimiz zakovatini tan olgan edi.
- Biz yevropaliklar, - deya fikrini davom ettiradi u. – O‘zimizni ancha madaniyatli xalq deb hisoblaymiz. Lekin biz yaratgan madaniyat Muhammad alayhissalom yaktagining yamog‘iga ham arzimaydi.
Alisher Navoiy zullisonayn bo‘lib, forsiyda ham ko‘plab bebaho asarlar yaratgan. Asosiysi, u har ikki tilda ham xalqni Haqqa yo‘naltirishga, gunohlardan tiyilishga undagan. U ilm, ma’rifat, ibodat, axloq va insoniylikda zamonasiga namuna bo‘lgan. Boshqacha aytganda, o‘rta asr renessansi davrida Navoiy va boshqa avliyolarimizning barakasi millatimiz boshiga yog‘ilib turgan.
Alisher Navoiyning bizga qoldirgan bebaho merosini to‘liq anglash uchun Navoiy va tasavvuf ta’limoti orasidagi tugunni yechishimiz, mavjud lug‘atlarni tasavvuf ta’limoti qoidalari asosida qayta tuzib chiqishimiz lozim. Navoiy va boshqa tasavvuf ilmi namoyandalarining ijodini to‘g‘ri anglashni boshlasak, millatimiz zehnini ilm nuri yanada nurafshon qilishi shubhasiz.
To‘raboy Hayitov.