Uyda hashamat muhimmi yoki qulaylik?

Har bir inson uchun uy - bu shunchaki to‘rt devor emas. Uy insonning ruhiy oromgohi, hayotining markazi. Bu yerda erkin nafas oladi, oilasi bilan birga vaqt o‘tkazadi, dam oladi, kundalik hayot tashvishlaridan uzoqlashadi. Shuning uchun, birinchi navbatda, uy inson hayotini yengil va samarali qilishga yordam berishi kerak.
Hashamat esa asosan, uyning tashqi ko‘rinishi, materiallarining qiymatliligi, interer bezaklari va mebellariga bog‘liq jihatlaridir. Albatta, hashamat uyga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi, biroq hashamat har doim qulaylikni kafolatlamaydi. Shuning uchun ham uyning qanday qurilishi, jihozlanishi inson hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Lekin ayrim odamlar obro‘ va boyligini ko‘rsatish uchun hashamatli uy qurishni afzal biladi. Aslida uyda bolalarning o‘ynashi, dars tayyorlashi, dam olishi uchun alohida xonalar, mehmonlar uchun, ovqat tayyorlash va qulay dam olish uchun xonalar bo‘lishining o‘zi yetarli. Ammo keyingi yillarda ko‘pchilik uyda hashamat kerakmi yoki qulaylik, degan savol ustida bosh qotirmoqda.
Qulaylik - har kuni seziladigan ne’mat
Qulay uy - bu insonning fiziologik va ruhiy ehtiyojlariga javob beradigan muhit. Bunday uyda har bir jihat inson hayotini yengillashtirishga qaratilgan bo‘ladi. Masalan, xonalarning to‘g‘ri joylashuvi, yorug‘likning yetarli bo‘lishi, havo aylanishi, joyning kengligi va harakatga qulayligi - bularning barchasi qulaylik elementlari.
Misol uchun, agar oshxona kichik bo‘lib, ish joylari to‘g‘ri joylashtirilmagan bo‘lsa, har kuni ovqat tayyorlash og‘ir vazifaga aylanadi. Shuningdek, sanitariya xonalari bo‘lmasa, kundalik ehtiyojlar qiyin kechadi. Agar uyda isitish va sovutish tizimi samarasiz bo‘lsa, turli fasllarda yashash muammoga aylanishi mumkin. Hatto juda chiroyli, bezakli uy ham bunday holatda insonga orom bermaydi. Shuning uchun, birinchi navbatda, uy inson hayotini yengil qilishi kerak. Qulaylik - bu zarurat.
Hashamat - ko‘zga ko‘rinarli, lekin hammaga mos emas
Hashamat, asosan, uyning tashqi ko‘rinishi, materiallarining qimmatligi, bejirim bezaklar, qimmat jihozlar, boshqalarda uchramaydigan texnikalar bog‘liq jihatlaridir. Bu - nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki insonning ijtimoiy maqomi va imkoniyatlarini aks ettiruvchi belgidir.
Albatta, hashamat uyga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi. Masalan, keng zallar, baland shiftlar, tabiiy tosh va daraxt materiallaridan tayyorlangan mebellar, san’at asarlarini eslatuvchi yorug‘lik lampalar va eksklyuziv bezaklar - bularning barchasi insonda ijobiy hissiyot uyg‘otadi. Ayniqsa, mehmonlar uchun bu juda ta’sirli bo‘lishi mumkin. Biroq, juda hashamatli uyda harakat qilish qiyin, joylashuv samarasiz bo‘lishi, qishda uyni isitishning qiyinligi, o‘rinsiz bezaklar turmush tarziga mos kelmasligi mumkin. Ba’zida hashamatli mebellar nafaqat qimmat, balki foydalanish uchun noqulay ham bo‘ladi.
Qulaylik va hashamat o‘rtasidagi muvozanat
Eng yaxshi yondashuv qulaylik va hashamatni uyg‘unlashtirish. Ya’ni, uy, avvalambor, inson hayotiga mos, funksional va qulay bo‘lishi kerak. Undan keyin imkoniyat bo‘lsa, unga hashamat unsurlari qo‘shilishi mumkin. Masalan, oshxonada zamonaviy texnika bo‘lishi, biroq u estetik jihatdan ham chiroyli joylashtirilishi yoki mehmonxonada did bilan tanlangan qulay divan bo‘lishi va maqbul joylashtirilishi lozim.
Bugungi kunda minimalizmga asoslangan dizaynlar bu muvozanatni yaxshi ta’minlaydi. Ularda ortiqcha bezaklar o‘rniga keng joy, yorug‘lik, tabiiy ranglar va funksional jihozlarga e’tibor qaratiladi. Bu esa bir vaqtning o‘zida ham qulay, ham zamonaviy va shinam uy muhitini yaratadi.
Demak, hashamat va qulaylik - bu bir-biriga qarshi tushunchalar emas. Lekin inson o‘z uyini qurish yoki ta’mirlash paytida, avvalo, hayot tarziga mos keladigan qulaylikni tanlashi kerak. Chunki har kuni seziladigan, har kuni foydalaniladigan narsa qulaylikdir. Hashamat esa shunga qo‘shimcha sifatida, agar imkoniyat bo‘lsa, uyga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan unsurdir.
Insonning haqiqiy uyi - u yerda o‘zini erkin, xavfsiz va oromda his qiladigan joydir. Shu sabab, uy tanlashda yoki qurishda tashqi ko‘rinishdan avval, ichki muhitning qulayligiga e’tibor berish doim oqilona yechim bo‘ladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.