“Samarqand no‘xat sho‘ragi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

O‘zbek milliy taomlarini tayyorlanish jarayoni va ovqatlanish madaniyati juda uzoq tarixga ega va xalqimizning ko‘p yillik tajribasiga asoslanadi. Urf-odat va an’analar hududning iqlim sharoitidan va mahalliy aholining turmush tarzidan kelib chiqqan holda shakllangan.
Har bir hudud aholisi milliy taomlar tayyorlash borasida o‘z uslubiga ega. Samarqand no‘xat sho‘ragining o‘ziga xos tomoni, unda pishirilgan go‘shtlar va ilik aralashmasi, go‘shtlar qaynatilgan sho‘rvalar aralashmasi va 1-2 soat davomida xona haroratida quritilgan Samarqand nonining ishlatilishi va natijada ta’mlarning umumiy gammasiga erishishdir.
“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik ob’yekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Shu talablardan kelib chiqib, viloyat adliya boshqarmasi va "Intellektual mulk markazi" davlat muassasasining ko‘magi bilan “Samarqand no‘xat sho‘ragi” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov bugun viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga “Samarqand no‘xat sho‘ragi” geografik ko‘rsatkich hujjatini topshirdi.