Tarix sinoatlari: Sharq savdosining sirli elchilari

Buyuk Ipak yo‘lining kashf etilishi insoniyat hayotida katta burilishlarga olib kelganligini dunyo olimlari allaqachonlar isbotlaganlar va bu yo‘lning ahamiyati haqida ko‘plab tadqiqotlar olib borilgandir.

Sug‘dlarning Buyuk Ipak yo‘liga qo‘shgan hissalarini baholashda yana bir o‘lchov borki, bu haqida ham alohida to‘xtalmoqni lozim topdik. Bu sug‘d tili va yozuvidir.

Sug‘d tilining Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy ahamiyati haqida juda ko‘p yozilgan. Sug‘dlarning bu savdo karvon yo‘lida tutgan muhim o‘rnini sug‘d tilida yozilgan qo‘lyozma va bitiklarning dunyoning turli tomonlaridan topilishi ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Sug‘d tilida yozilgan hujjat, xat va boshqa turdagi bitiklar Yaponiya, Xitoy, Koreya, Vetnam, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston va Pokistondan topilgan. So‘nggi yillarda bu topilmalarning soni ko‘paymoqda. Qadimgi Sug‘diyonaning asosiy hududini o‘z ichiga olgan O‘zbekistonda ham sug‘d yozuvlari yozilgan tangalar, bullalar, kulolchilik idishlarining soni yildan yilga oshib bormoqda.

O‘zbekistondan ancha uzoqda joylashgan Yaponiyada ham sug‘dlar bilan qadimda bo‘lgan aloqalardan xabar beruvchi muhim ashyolar saqlangan. Nara shahridagi Xoryuji ibodatxonasida sandal yog‘ochiga yozilgan sug‘d yozuvi bor. Bu noyob yozuv hozirda Tokio davlat muzeyida saqlanadi. Bundan tashqari, Naradagi Todaiji ibodatxonasining Shosoin xazinasida imperatorga qilingan sovg‘a-salomlar saqlanadi. Bu buyumlar orasida qadimda Sug‘ddan olib kelinib imperatorga tortiq qilingan noyob sovg‘alar ham bor.

Qadimgi Silla davlatining poytaxti hisoblangan Kyonchju shahrida joylashgan imperator Xeungdeokka tegishli maqbara atrofida Sug‘dlar tasvirlangan tosh haykallar topilgan. Bu topilmalar, Koreyaga sug‘d savdogarlari borganliklari va koreyaliklar sug‘dlar haqida o‘z tasavvurlariga ega bo‘lganliklaridan dalolat beradi.

Hozirgi Koreya hududida dunyoga kelgan va Tang imperiyasi poytaxti Chan’anda buddaviylik ibodatxonasida monax bo‘lib xizmat qilgan Xecho Buyuk Ipak yo‘lini tarixi, geografiyasini o‘rganishda katta hissa qo‘shgan. Xecho Hindistonga ziyorat safariga yo‘l oladi va yo‘li ustida ko‘rgan-kechirganlarini batafsil yozib boradi. Bu kundalikda o‘sha davrdagi xalqlarning urf-odatlari, turmush tarzlari, diniy qarashlari haqida muhim ma’lumotlar jamlangan.

Bu noyob qo‘lyozma XX asrning boshlarida fransuz olimi Pol Pelo tomonidan Dunxuan shahridagi Mogao g‘oridan topilgan. Shu tariqa monax Xechoning noyob kundaligi insoniyatga yetib keladi. Xitoy va Sug‘d aloqalari to‘g‘risida, bu yerdan topilgan sug‘d bitiklari haqida juda ko‘p yozilgan. Xitoy tarixiy yilnomalarida Sug‘d haqida juda noyob ma’lumotlar saqlangan. Ayniqsa, 1907 yili ingliz olimi Aurel Steyn boshchiligidagi ekspeditsiya tomonidan Dunxuan shahrining g‘arbiy qismidan topilgan sug‘d xatlari katta ahamiyatga egadir. Bu xatlar Dunxuan va Jinchengdagi sug‘d koloniyalaridagi sug‘dlar tomonidan Samarqandga jo‘natilgan xatlardir. Xatlar xitoy qog‘oziga yozilgan bo‘lib, ayrimlari ipak gazlamasi bilan o‘ralgan. Bu ipak qoldiqlari qadimiy ipak namunalaridan hisoblanadi. Xatlardagi ma’lumotlar sug‘d savdo koloniyalarida yashagan muhojirlarning hayoti, o‘sha davrlarda sodir bo‘lgan voqealar haqida muhim xabarlar beradi. Xatlarning birida Xitoy poytaxti hisoblangan Luoyang va Yeh shaharlarining xunnlar tomonidan istilo qilinganligi, natijada imperatorning poytaxtni tashlab chiqishga majbur bo‘lganligi yozilgan.

Olimlar bu voqea milodiy 311 yili sodir bo‘lganligini aniqlaganlar. Xitoyning Uyg‘ur avtonom viloyatidan ham muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan sug‘d yozuvlari topilgan. Bu sug‘d yozuvlari asosan Turfan shahridagi yodgorliklardan topilgan bo‘lib ularning asosiy qismini xristianlik, moniylik va buddaviylik dinlariga mansub bo‘lgan diniy matnlar tashkil etadi. Bu yerdan topilgan sug‘d hujjatlari orasida diniy matnlardan tashqari moliyaviy mazmunga ega bo‘lgan hujjatlar ham uchraydi. Turfan shahridagi Astana mozor-qurg‘onidan topilgan sug‘d hujjatlaridan biri “Qul sotib olish haqidagi shartnoma” bo‘lib chiqdi. Bu hujjatda Samarqandlik savdogarning Xitoy monaxiga ayol kishini qul sifatida sotganligi aytilgan. Bundan tashqari Turfanning Beziklik yodgorligidan sug‘d tilida yozilgan bir hujjat topilgan edi.  Bu xat moniylik diniga e’tiqod qilgan bir guruh dindorlarning moniylik dini amaldorlaridan biriga yozgan xati bo‘lib chiqdi. Bu xat o‘sha davr diniy muhitini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mo‘g‘uliston hududida ham ko‘plab sug‘d yozuvlari saqlangan. Ular asosan toshlarga yozilgan sug‘d bitiklaridir. Bu toshlardan biri – Turk hoqonligi davrida, ikkinchisi esa Uyg‘ur hoqonligi davrida bitilgandir. Hozirgi Mo‘g‘uliston hududidan topilgan sug‘d yozuvlaridan biri Bugut bitigidir. Toshga yozilgan bu sug‘d yozuvlari Turk hoqonligi va Ashina hoqonlari to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi. Mo‘g‘ulistondan topilgan yana bir sug‘d bitigi bu Qorabolg‘asun bitigi bo‘lib, unda Uyg‘ur hoqonligining yettinchi hoqoni, ya’ni Bilga hoqonning harbiy zafarlari haqida ma’lumotlar beradi. Bu bitik uch tilda: sug‘d, uyg‘ur va xitoy tillarida yozilgan.

Turk va uyg‘ur hoqonlari o‘zlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan toshbitiklarni sug‘d tilida yozib qoldirganliklari bu tilning xalqaro til sifatida mavqiye baland bo‘lganligini ko‘rsatadi. Sug‘d yozuvlaridan keyinchalik uyg‘ur yozuvi paydo bo‘lganligini, uyg‘ur yozuvidan esa o‘z navbatida mo‘g‘ul hamda manchjur yozuvlarini kelib chiqqanligini inobatga oladigan bo‘lsak, sug‘d tili va yozuvi ko‘pgina xalqlar uchun katta naf keltirganligiga yana bir karra amin bo‘lamiz.

Qo‘shni Qozog‘iston hududidan topilayotgan sug‘d yozuvlarining soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bu yozuvlar orasida Chimkent viloyatidagi Kultyube yodgorligidan topilgan, xom g‘ishtning sirtiga yozilgan sug‘d yozuvlarining ahamiyati kattadir. Bu yozuvlarda Sug‘dning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Kesh va Naxshabning nomlari ham yozilgan. Bu nomlari yuqorida tilga olingan to‘rt shaharning Qozog‘istondagi shaharlar bilan yaqin aloqada bo‘lganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Qirg‘iziston hududidan ham sug‘d tilida yozilgan noyob hujjatlar topilgan. Sug‘d yozuvlari Chuy viloyatidagi Krasnaya Rechka va Oq beshim yodgorliklaridan topilgan. Xitoy bilan Sug‘dni bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘lining gavjum marshruti hozirgi Qirg‘iston hududidan o‘tganligi uchun bu yerda qadimda ko‘plab karvonsaroylar, karvonlar to‘xtab o‘tadigan manzilgohlar bo‘lganligi aniq.

Shuningdek, Pokistonning shimoliy hududida joylashgan Indus daryosi bo‘yidagi Chilas shaharchasidagi qoyatoshlarda ham sug‘d yozuvlari saqlangan. Bu yozuvlarni o‘qigan olimlarning fikrlaricha, qoyatoshdagi yozuvlar odamlarning ismlari bo‘lib, bu yerdan o‘tgan savdo karvonlari shu yerda to‘xtaganlar va savdogarlar toshlarga o‘z ismlarini bitib ketganlar. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan shu narsa anglashiladiki, sug‘d tili va yozuvlari Buyuk Ipak yo‘lida keng miqyosda qo‘llanilgan. Shu sababli sug‘d yozuvlari savdo karvonlari yetib borgan barcha hududlarga tarqalgan. Sug‘d tili Buyuk Ipak yo‘lida xalqaro muloqot tili vazifasini bajarganligi uchun Sharq va G‘arbda yashaydigan ko‘pgina xalqlarning o‘zaro muloqotlarini osonlashtirgan.

Xitoy-Sug‘d tarixiy aloqalari haqida gapirganda bu aloqalarning boshida turgan, Xitoyga ko‘chib borib bu yerda savdo koloniyalarini barpo qilgan, vafotidan so‘ng shu yerga dafn etilgan sug‘dlar hamda ularning qabrlari haqida ham to‘xtalmoq lozimdir.

Hozirda Xitoyning barcha shaharlarida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli qadimgi shaharlarning hududlari tobora kengayib bormoqda. Buning natijasida bir paytlar shaharlarning chekkalarida barpo qilingan maqbaralar, manzilgohlar va boshqa arxeologik yodgorliklar topilmoqda. Shunday yangi qurilishlar sababli so‘nggi yillarda topilgan yodgorliklar sirasiga sug‘d savdogarlarining bir necha o‘nlab qabrlari ham kiradi.

Xitoyning qadimgi Jiaoxe shahrining g‘arbidagi "Goachang" qabristonida 2004 yili Turfan madaniy meros boshqarmasi tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida 33 ta sag‘ana ochib o‘rganilgan edi. Tadqiqotchilar bu sag‘analarga Qan (Samarqand)dan chiqqan katta oila vakillari dafn etilganligini aniqlaganlar. 

Qazishmalar paytida Qan oilasiga tegishli bo‘lgan 33 sag‘anadan 150 dan ortiq buyumlar qo‘lga kiritilgan bo‘lib, bularning ko‘pchiligi sopol, qolganlari kumush, oltin, jez, temir, yog‘och va suyakdan yasalgan buyumlardir. Shuningdek, ochilgan sag‘analardan uch dona sosoniylarning kumush tangalari va ikkita Sharqiy Rim tangalariga taqlid qilib yasalgan oltin tangalar bor. Eng muhimi, beshta sag‘anadan kvadrat shaklidagi sopol plitalarga yozilgan xitoy yozuvlari topilgan. Bu yozuvlarning o‘qilishi natijasida sag‘analarni eramizning 590-662 yillariga mansub ekanligi, sug‘dlar Gaochandan tashqari qadimgi Jiaoxeda ham yashaganliklari aniqlandi. Shuningdek, qabrtosh yozuvlarida Qan oilasi vakillari Xitoyda katta obro‘ga ega bo‘lganliklari ham yozilgan. 

Turfandan topilgan va hozirda yaxshi o‘rganilgan yana bir qabriston borki, u haqida ham alohida to‘xtalmoq lozim. Chunki bu qabriston ham Xitoyga borib yashab qolgan sug‘dlar taqdiri bilan bog‘liq. Turfan madaniy meros ma’muriyatining 2004 yilgi tadqiqotlari mobaynida "Badamu" degan qabristondan 82 ta sag‘ana ochilgan edi. Ushbu qabriston Turfandan uncha uzoq bo‘lmagan qadimgi Gaochang yodgorligidan 4 kilometr janubda joylashgan. Bu yerda ochilgan sag‘analar ikkita tepalikda joylashgan bo‘lib, birinchi tepalikda 60 ta, ikkinchi tepalikda esa 22 ta sag‘ana saqlangan. Ochib o‘rganilgan barcha sag‘analarda Samarqanddan ko‘chib borgan sug‘d savdogarlari hamda ularning qarindosh-urug‘lari dafn etilgan. 

Bu qabristondagi dafn marosimlari ham juda muhim bo‘lib, ularni har tomonlama o‘rganish Xitoyda yashab o‘tgan sug‘dlarning dunyoqarashlari hamda dafn marosimlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. "Badamu" qabristonida ochilgan ayrim sag‘analardagi dafn marosimlariga to‘xtalib o‘tomoqchimiz. Bu yerda ochilgan 209-sag‘anaga bir ayol va bir erkak kishi dafn etilgan. Erkak kishi maxsus yasalgan supaning ustiga, ayol kishi esa supaning pastiga dafn etilgan. Erkak kishining jasadi rasmlar tushirilgan nafis ipak matoga o‘ralgan, ayol kishining jasadi esa kanopdan to‘qilgan dag‘al matoga o‘ralgan.

2003 yili xitoylik arxeologlar Lobnor ko‘lining shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘ida, qadimgi Loulandan taxminan 20 kilometr shimolda yangi qurilish paytida shikastlangan bir sag‘ana qoldig‘ini topgan. Arxeologlar bu yerga kelganlarida sochilib yotgan inson suyaklari, tobut bo‘laklari va bo‘yalgan ipak matodan tikilgan kiyim parchalarini ko‘rganlar. Ipak matoda inson tasviri yaqqol ko‘rinib turardi. Bu yerda tadqiqotlar olib borgan arxeologlar sag‘ananing devorlarida ham suratlar chizilganligini aniqlaganlar. Suratda olti kishining: uch erkak va uch ayol chizilgan bo‘lib, ular ziyofat dasturxonida o‘tiribdilar. Suratdagi personajlarning kiyim-kechaklari, yuz tasvirlari xitoyliklarnikiga o‘xshamaydi. Tadqiqotchilarning fikrlaricha, bu yerda G‘arbiy o‘lkadan, ya’ni Markaziy Osiyodan Xitoyga kelgan ajnabiylar tasvirlangan. Erkaklar va ayollarning egnilaridagi liboslarning rangi, bichimlari va tikilishi o‘ta noyob bo‘lib o‘sha davr xitoy liboslaridan mutlaqo farq qiladi.

Umuman olganda, qadimda turli tuman yumushlar bilan Xitoyga borib yashab, so‘ngra bu yerda vafot etgach, shu yerga dafn etilgan yuzlab sug‘dliklarning qabrlarini, dafn marosimlarini o‘rganishga bag‘ishlangan kitoblar hamda ilmiy maqolalar bilan tanishishdan shu narsa ayon bo‘ladiki, bu borada hali xal qilinishi lozim bo‘lgan ko‘pgina ilmiy muammolar ochiq turibdi.

Shoira Indiaminova,

Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti.