Alisher Navoiy - mufassir va tarixchi

Navoiy she’riyati insonning ruhiyati va ma’naviyatini yangidan poklaydi. Bundan inson qalbida jilvali ruhiyat, shukuhli ma’naviyat uyg‘onadi. Olam tabiat o‘zgacha mohiyat kasb etadi.

Har bir yurak ogohlik va hayratlanish sharafini qo‘lga kiritadi:

Xirad G‘ayb ilmida omadurur,

Ki, bilmaski, tonla kelur nedurur.

Inson qanchalar aql-tafakkurli bo‘lmasin, G‘ayb ilmi – Alloh ilmi va hikmati  oldida  ojizu notavon. Har bir inson (payg‘ambarlar, aziz avliyolar bundan mustasno) ertangi kun, tongda nimalar sodir bo‘lishini bilishdan ojiz, deb xulosa qiladi Navoiy.

Ma’lumki, inson ruhiyati va ma’naviyatini ishqini ko‘ngil bisotini Alisher Navoiychalik ta’rif, tavsif etgan ijodkorni topish mushkul. Navoiy she’riyati muazzam sharqning Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dexlaviy, Hofiz Sheroziy, Jaloliddin Rumiy kabi buyuk daholari she’riyati bilan hamohang va kamarbasta bo‘lib, badiiy ruhiyati, keng ma’naviy mazmuni bilan o‘ziga xos mohiyat kasb etuvchi nodir she’riyat hamdir.

Hazrati Navoiyning birgina himmat va saxovat borasidagi mulohazalari tahsin va maqtovga loyiqdir:

Chu himmat erur kimyoi vujud,

Ki andin topar e’tibor ahli jud.

Navoiy insonning qalbini ulug‘laydi. Uning ma’naviyatini yuksak qadrlaydi, ya’ni har bir vujud egasi bo‘lmish insonning himmati va saxovati uning qalb kimyosidir. Demak, kimyo himmat bilan insonni kamolotli tafakkur egasiga aylantiruvchi ilm hamdir. Shoir jamiyat a’zosi bo‘lmish har bir inson, himmatni  o‘ziga dastur-ul amal etishi lozimligini, bundan, avvalo, o‘ziga va jamiyatga foyda ekanligini aytib, himmatli inson xayru-saxovat egasi ekanligini alohida ta’kidlaydi.

Ma’lumki, shariat, tariqat ilmlarini mukammal o‘rgangan, unga amal qiladigan inson, bu saxovat ahli sirasidandir. Bu jihatni Navoiy alohida aytib o‘tadi.

Alisher Navoiy nafaqat she’riyatda nodir talant egasi, balki o‘z davrining mohir mufassiri, buyuk tarixchisi hamdir. Navoiy Qur’oni Karim va Hadisi shariflar mazmunini ajoyib, o‘ziga xos tarzda sharhlash va izohlashda benazir mufassirdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biz ushbu maqolada Hazrat Navoiyning “Tarixi mulki ajam” (“Ajam shoxlari tarixi”) asarida qayd etilgan, Alisher Navoiyning tarixchilik bobida ham benazir ekanligini ko‘rsatuvchi fikr-mulohazalarini bayon etishni lozim topdik. Avvalo, ta’kidlash lozimki, Hazrat Alisher Navoiy Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at Tabariy (839-923) tomonidan yozilgan “Tarixi Tabariy” asarini ilmiy o‘rgangan. Undagi ba’zi o‘rinlarni to‘ldirib bayon etgan bo‘lsa-da, bu asar o‘z davri tarixi bayon etilgan noyob manbalardan hisoblanadi.

“Tarixi Tabariy” asli arab tilida yozilgan bo‘lib, keyinchalik fors tilida tarjima qilingan. Asarda Odam Atodan to Abbosiylardan bo‘lgan shox Muztashirning taxtga o‘tirguniga qadar bo‘lgan tarixiy davrdagi voqea hodisalar qalamga olingan. Shuningdek, Alisher Navoiy Rashididin Hamadoniy (1248-1318) qalamiga mansub “Jomiye’ at-tovarix” , Imom Muhammad G‘azzoliyning “Nasihat ul-muluk” kabi tarixiy asarlarini ham o‘rganib ilmiy tahrir qilgan hamda bu tarixiy asarlarga javob tarzda o‘zining “Tarixi muluki Ajam” asarini yozib qoldirgan. Ushbu asarda qadimiy podshohlardan biri Qayumars davridan to VII asrning ikkinchi yarmiga qadar bo‘lgan tarixiy davr bayon etilgan.

Ushbu tarixiy asarda keltirilgan noyob va ishonchli ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, Ajam shohlari, hokimlari adolatni ixtiyor etib, ilmu ma’rifat va madaniyatni targ‘ib etganlar, kanal ariqlar qazib, obod maskanlar, shaharlar qurishgan. El-yurt farovonligini birlamchi vazifa deb bilishgan.

Alisher Navoiydek buyuk shoir, tarixchi olim va davlat arbobining bunday katta ilmiy salohiyatga ega asarlari davrlardan davrlarga o‘tib, asrlar osha ma’naviy xazina bo‘lib qolaveradi.

Nuriddin Tillayev,

Jumanazar Kulanov,

tadqiqotchilar.