Gaz ballonlar qayerda? Bulung‘urda aholidagi 2000 dan ziyod maishiy gaz ballonlar tuman gaz idorasi xodimlari tomonidan olingach, qaytarib berilmagan

Aytilishicha, “Gaz to‘ldirib beramiz” deb aholidan bu gaz ballonlar olinganiga 7 oydan oshib ketgan. Aholining murojaat qilmagan joyi qolmagan. Tabiiyki, gaz ballon nom nishonsiz ketgach, minglab xonadon qishni ham gazsiz o‘tkazgan.

Bu bo‘yicha shikoyat ustidan shikoyatlar tuman, viloyat va respublikaga yoyilgach, o‘tgan yil dekabr masala huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan. Va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aytish lozimki, bulung‘urliklar hali ham gaz ballonlarni qaytarib olisholgani yo‘q. Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, sayyor qabullarda aholi bilan ishlashda hali ham kunda-kunora u yoki bu mahalla vakili har doimgi masalani ko‘taradi: “Gaz ballonimiz qani?”

Shu sababdan tuman hokimi va viloyat IIB hamkorligida ayni muammo yuzasidan mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, holat haqida ma’lumot berish ko‘zda tutilgan edi. Yig‘ilishda zarnews.uz vakillari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan “Hududgaz” AJ bo‘lim boshlig‘i Hikmat G‘ofurov gaz ballonlar nishonsiz ketgan fuqarolarga tergov ishlari tugagunga qadar vaqtincha “Hududgaz” tomonidan gazballonlar berilishini ma’lum qildi. Ammo nima sababdan butun qish davomida ana shu ishlar amalga oshirilmagani ochiqligicha qoldi. G‘ofurovga ko‘ra, gaz ballonlarni “to‘ldirib beramiz” deya olib ketgan va qaytarmagan gazta’minot korxonasi ishchilari bilan bugungi kunda mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Samarqand viloyati IIB tergov boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Faxriddin Saidmurodovga ko‘ra, gaz ballonlar masalasida aybdorlar so‘zsiz jazoga tortiladi. Unga ko‘ra hozirgacha ayni masala yuzasidan 55 kishi bilan so‘roq o‘tkazilgan va har bir mahalla kesimida o‘rganishlar davom etadi.

- Aholiga ham bu bo‘yicha iltimosimiz bor. Hozirda biz ishni tugallash uchun har bir mahallada tegishli fuqarolar bilan suhbat o‘tkazyapmiz. Aholidan holat bo‘yicha ma’lumotlarni boricha aytishlarini istardik, fikrimizcha, andisha qilish ham jinoyatni to‘liq ochishda qiyinchilik yuzaga keltirishi mumkin. Har qanday holatda ham barcha ma’lumot yig‘ilib, aybdorlar qonun oldida javob beradi, - deydi F.Saidmurodov.

Yig‘ilishda mahalla raislari, faollari ham o‘z fikrini bildirdi. Ularga ko‘ra, mahalla raislari yo‘qolgan gaz ballonlar masalasidan so‘ng og‘ir ahvolda qolgan, yuzlab odamlar qish davomida ulardan ham gaz ballonlarni qaytarishda amaliy harakat so‘ragan. Ammo mahalla vakillarining murojaatlari haligacha ijobiy hal etilmagan.

Zarnews.uz voqealarni kuzatib borib, yakuni bo‘yicha ham batafsil ma’lumot beradi. Chunki qator savollar hozircha javobsiz qolmoqda: Yo‘qolgan gaz ballonlar qayerga ketgan, aybdorlar ularni nima qilgan? Minglab gaz ballonlar taqdiri noma’lum, aholi qish kunida qiyin ahvolda qolgan ekan, bu ishni amalga oshirgan chilangarlardan tashqari "Bulung‘urtumangaz", "Hududgaz" mas’ul xodimlari harakatsizligiga ham huquqiy baho beriladimi? O‘ylaymizki, tergov ishlari yakunlangan bu savollarning javobi ham oydinlashadi.