284 ming xonadonga hisoblagich, 576 ming gaz ballonga stiker o‘rnatildi

Bu bilan har bir iste’molchi o‘zining kunlik iste’molini onlayn nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, 483 ming iste’molchi foydalanadigan 576 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarga stikerlar o‘rnatilib, iste’molchilarga ID kartalar tarqatildi va E-Gaz tizimiga ulandi. Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish holatini onlayn nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Bu haqda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida aytildi. Shuningdek, unda filial rahbari o‘rinbosari Xurshid Meliyev ommaviy axborot vasitalari vakillari va muloqot qatnashchilariga sohada korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Korrupsiyaning oldini olishda profilaktika jarayonlari muhim o‘rin tutadi. Shu bois, “Hududgazta’minot” AJ tizimida moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirish boshqarmasi tashkil etildi. Hududlardagi bo‘limlarga 6 nafardan mutaxassislar ishga jalb qilindi. Bo‘lim xodimlari tomonidan joylarda muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilyapti. Bugungacha gaz ta’minoti bo‘limlari va gaz to‘ldirish shoxobchalarida 152 ta uchrashuvlar o‘tkazildi va tushuntirishlar olib borildi.

- Albatta, bu bilan sohada korrupsion holatlar batamom barham topdi, deb bo‘lmaydi, - deya ta’kidladi X.Meliyev. - Hali-hanuz joylarda ayrim nopok xodimlar tomonidan lavozim yo‘riqnomasini buzish, o‘g‘irlik sodir etish holatlari uchrab turibdi. Xususan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Urgut, Toyloq, Payariq, Past Darg‘om tumani va Chelak shahri hududida iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi 4 nafar “ISUZU” haydovchisi va 4 nafar chilangar bilan lavozim yo‘riqnomasini buzish va noqonuniy xatta-harakatlari oqibatida mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Raqamli iqtisodiyotga “korrupsiya kushandasi”, deya ta’rif beriladi. Iqtisodiyotda shu kabi raqamli texnologiyalardan foydalanish, davlat xizmatlari tizimini rivojlantirish va xizmat sifatini yaxshilashga, shuningdek, ularning ochiqligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.