“Hududgaz Samarqand”: Yil davomida ehtiyojmand xonadonlarga 19,5 mingta gaz ballon yetkazib beriladi

Viloyat Matbuot uyida jurnalistlar uchun tashkil etilgan anjumanda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Ansor Muhammadiyev viloyat aholisini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Bugungi kunda viloyatdagi 813,7 ming xonadonning 315,3 mingtasi tabiiy, 809 ta mahallada istiqomat qiluvchi qariyb 500 mingga yaqin aholi xonadonlari maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlangan.

2021 yilda 11 kilometr gaz tarmoqlari tortilib, Samarqand shahridagi 33 ta mahallada joylashgan 16 830 xonadon va 12 ta ijtimoiy soha ob’yektining gaz ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli uylarni tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 6,5 kilometr yangi gaz tarmog‘i tortildi.

- Joriy yilda Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasida rekonstruksiya ishlarini yakunlab, quvvatini yanada oshirishni rejalashtirganmiz, - deydi Ansor Muhammadiyev. – Xususan, Urgut tumanidagi tadbirkorlar xizmatidan foydalanish maqsadida 5 ta zamonaviy kolonkalar o‘rnatilib, 14 ta gaz ballon tashiydigan avtotransportlar olib kelinadi. Shuningdek, Samarqand shahridagi “Nomozgoh”, “Muliyon” mahallalarida 2 kilometr tarmoq tortiladi, Gulobod shaharchasiga yangi gaz kompressor o‘rnatilib, 18 kilometr yangi gaz tarmog‘i quriladi.

Joriy yilda Qo‘shrabotdagi gaz to‘ldirish punktida gaz ballonlarni sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash markazi tashkil etiladi. Samarqand gaz to‘ldirish inshootida 3 dona 100 metr/kub gaz saqlash sig‘imi o‘rnatiladi. Yil davomida ehtiyojmand xonadonlarga 19 502 ta gaz ballon yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumani ishtirokchilari Samarqand tumanining Nurafshon mahallasida aholi xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatish jarayoni bilan tanishdilar.

- O‘tgan yili 6200 ta, joriy yil esa 1800 ta xonadonga elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatib berdik, - deydi “Sarvarbek-Og‘abek” MChJ rahbari Elbek Asqarov. - Brigadamiz ustalari Samarqand shahridagi Amir Temur mahallasida, shuningdek, So‘g‘diyona, Sartepa massivlaridagi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga gaz hisoblagich o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, jurnalistlar Payariq tumanida joylashgan gaz taqsimlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi. 

Dilmurod To‘xtayev.