Barcha samarqandliklarni bebaho ne’mat – suvni asrash, undan tejab-tergab foydalanishga chaqiramiz
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi viloyat ahliga murojaat yo‘lladi.
Aziz samarqandliklar!
Tabiat boyliklari orasida suv alohida o‘rin tutadi. Chunki barcha tirik jonzotlar hayotining asosiy manbai suvdir. Suvsiz hayot bo‘lishi mumkin emas.
Bugun dunyo miqyosida suvdan noto‘g‘ri foydalanish, ekologik jihatdan zararli texnologiyalarni qo‘llash oqibatida sayyoramizda iqlim o‘zgarib, bioxilma-xillik yo‘qolib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidagi 2 milliarddan ziyod aholi suv tanqisligini sezmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,5 milliard aholi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 2,3 milliard aholi esa sanitar talabga javob bermaydigan suvni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda.
Global iqlim o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar Markaziy Osiyoni, xususan, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Shuning uchun suvdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini, eng avvalo, oilada, mahallalarda, ta’lim muassasalarida yoshlar orasida shakllantirmas ekanmiz, bu muammo chuqurlashib boraveradi. Bu borada biz, nuroniylar, Samarqand viloyati faollari barcha samarqandliklarni bebaho ne’mat – suvni asrash, undan tejab-tergab foydalanishga chaqiramiz.
Muhtaram nuroniylar!
Sizlarning hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, bugun suvdan tejamkorlik bilan foydalanish borasida tushuntirish, targ‘ibot ishlari orqali har bir mahalla, har bir oilaga kirib borishimiz talab etiladi.
Suv – inson hayoti, salomatligi bilan uzviy bog‘liq ekanini, shuning uchun xalqimiz suvni azal-azaldan muqaddas hisoblab, suvni asrab-avaylashganini o‘z hayotingiz misolida yoshlarga tushuntirishda Sizdan faollik tashabbusni kutib qolamiz. Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu nasihat, tavsiya va ko‘rsatmalaringiz barchamiz uchun muhim.
Qadrli mahalla faollari, ko‘chaboshilar!
Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak obi hayot uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda biz mahallamizning qaysi bir joyida toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘yayapmiz. Yozning issiq kunlarida hovlilarimiz va ko‘chalarimizga suv sepyapmiz, toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oryapmiz, mashinamizni yuvyapmiz. Ro‘zg‘or ishlarida kundalik ehtiyojlar uchun ham odamlar qanchadan-qancha ortiqcha suvlarni isrof qilmoqda. Afsuski, suvni isrof qilayotgan, bu bebaho ne’matga beparvo munosabatda bo‘layotgan kishilar bor.
Ota-bobolarimiz azaldan suvni muqaddas bilib, undan oqilona foydalangan, mudom “Suvga supurma, suvga tupurma” deb farzandlariga uqtirib kelgan. Milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda siz ham bu an’anani faol davom ettiring. Farzandlaringiz, nevaralaringizga suvning qadri, uning har tomchisini uvol qilmaslik, ifloslantirmaslik uchun o‘z maslahatlaringizni bering. Suvdan tejab foydalanishlari uchun ibrat bo‘ling.
Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan respublikamiz suv xo‘jaligi sohasini kompleks rivojlantirish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, raqamli va suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu borada muayyan natijalarga erishilmoqda.
Ko‘rib turibmiz, suvga mehr berish, uning har bir tomchisidan unumli foydalanishda sizlarning tajribangiz katta. Bugun ana shu tajribani ishga soladigan, uni boshqalarga o‘rgatadigan palla.
Sizlardan ushbu xayrli ishlarni sifatli davom ettirishda, sug‘oriladigan maydonlarda obi hayotni tejashda, buning uchun tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llashda faollikni kutib qolamiz.
Mo‘’tabar onaxonlar, aziz opa-singillar!
Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati siz bilan go‘zal!
Onani qanday e’zozlasak, suvni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik! Ularga suvni isrof qilmaslikni o‘rgataylik. Bir dona nosoz jo‘mrakdan tomchilayotgan yoki beparvo oqizib qo‘yilgan suv bir soatda qancha bo‘lishini tushuntirib beraylik!
Ortiqcha isrof qilingan har tomchi suvning uvol ekanligini oqila onalarimiz bizning ongimizga singdirib yashashgan. Siz ham farzandlarimiz ongiga bu tushunchalarni singdirish, ularning oilada, maktabda va hatto bog‘cha yoshidan boshlab suvdan tejamli foydalanish madaniyatini o‘rganishlari, shunga odatlanishlari uchun maslahatlaringizni ayamang.
Toki, zurriyotlarimiz ota-bobolarimiz singari suvning har zarrasini qadriga yetadigan, asraydigan bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.
Prezidentimiz shu yil 15 sentyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha maxsus dasturni qabul qilish, bu borada yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ilgari surdilar. Buni yodda tuting va Prezidentimiz tashabbusiga labbay deya javob berib, suvni asrashga mehr bering! Bu borada tengdoshlaringiz orasida turli foydali tadbirlar tashkil etishda tashabbus ko‘rsating!
Aziz samarqandliklar!
Suvni asrash va uni toza saqlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!
Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda suvga bo‘lgan munosabatimizni tubdan o‘zgartiraylik, uni har tomchisini qadrlaylik!
Xalqimizda toma-toma ko‘l bo‘lur, degan purhikmat naql bor. Har birimiz bir tomchimi, 1 litr yoki 10 litr suvni tejar ekanmiz, bu mamlakatimiz iqtisodiga, xalqimiz farovonligi, el-yurtimiz ravnaqiga, farzandlarimizning kelgusi baxtli-saodatli hayotiga qo‘shayotgan eng xayrli ulushimiz bo‘ladi.