Nurobodning 647 metr chuqurlikdan olinayotgan shifobaxsh xazinasi

Nurobod tumani o‘zining go‘zal tabiati, azim tog‘lari, qir-adirlari, oxiri yo‘q kengliklari-yu shifobaxsh buloqlari bilan ham mashhur. Bugungi kunda tuman hududida joylashgan Janubiy kon boshqarmasiga qarashli ma’danli suv qadoqlash sexida ishlab chiqarilayotgan “Nagornaya” shifobaxsh suvi ana shu zamin obi-hayotini o‘zida mujassam etgani bilan ham ko‘pchilikka manzur.

- Albatta, tabiiy manbadan olingan suv, odatiy ichimlik suviga nisbatan o‘zida barcha shifobaxsh xususiyatlarni saqlab qoladi, - deydi “Nurobod” balneologik sanatoriy-proflaktoriysi bosh shifokori Gulchehra Normatova. - Shuning uchun ham bu suvni mijozlarga oshqozon-ichak tizimi, jigar, o‘t pufagi yo‘llari, oshqozon osti bezi hamda qandli diabet kabi xastaliklarni davolashda keng qo‘llaymiz.

2003 yilda ishga tushgan sexda dastlab bitta ishlab chiqarish liniyasi bo‘yicha 6 nafar xodim faoliyat yuritardi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida korxonada bugun 12 kishi doimiy ish bilan band. Sex yiliga 500 ming qadoqda mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Asosiysi, bu ishlarga tumandagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari jalb etilgan. Oshxona va dam olish xonalari xodimlar ixtiyorida.

- Asosiy maqsadimiz xalqimizga sifatli mahsulot yetkazib berish, - deydi sex boshlig‘i Baxtiyor Kenjayev. - Nurbuloqning 647 metr chuqurlikdagi bag‘ridan olinayotgan ma’danli suvdan tayyorlangan mahsulotlarimiz Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi korxonalarga ham yetkazib berilmoqda. Ilgari mamlakatimizda mineral suvning faqat bir turi bo‘lib, u ham O‘zbekistondagi birgina zavodda "Toshkent" nomi ostida ishlab chiqarilardi. Ammo aholining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun bu yetarli emasdi. Bugun istiqlol sharofati bilan yurtimiz do‘kon va bozorlari turli xil mineral va ichimlik suv, sharbat va limonadlar bilan ta’minlanmoqda. Bu esa ishlab chiqaruvchilar orasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirayotir.

Hozirda malakali mutaxassislar mahsulotning qamrovi va turini kengaytirishga alohida e’tibor qaratib, bu borada yangi loyihalar ustida ishlamoqda.

Mansur HUSANOV,

Janubiy kon boshqarmasi matbuot xizmati rahbari.