Samarqand tumanida nima gap?
Samarqand tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Birgina qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish borasida tuman viloyatimizda yetakchilardan hisoblanadi. Xo‘sh, tumanda tarmoqlarni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi bandligini ta’minlash va ularning turmush sharoitini yaxshilash uchun qanday ishlar olib borilmoqda? Tuman hokimi Nosir MAVLONOV bilan suhbatimiz shu mavzular doirasida bo‘ldi.
- Samarqand tumanida agrar soha yetakchi tarmoqlardan hisoblanadi. Hududda qishloq xo‘jaligini yanada daromadli sohaga aylantirish, yangi texnologiyalarni jalb etish, xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ekinlarni o‘zlashtirish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
- Tumanimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun qulay bo‘lganligi sababli dehqonlarimiz belgilangandan ortiq hosil yetishtirdi, - deydi N.Mavlonov. - Joriy yilda g‘allakorlarimiz el xirmoniga 8497 tonna sara don va 1348 tonna urug‘lik yetkazib berdi.
Bog‘-tokzor va meva-sabzavotchilik tarmoqlarida ham yuqori natijalarga erishildi. Tumanda qariyb 8 ming gektar bog‘-tok maydoni bor. 12695 gektar yerda yetishtirilgan sabzavot ekinlaridan joriy yilda 143 ming 841 tonna hosil olindi. Hosilning 36128 tonnasi qayta ishlashga, 11051 tonnasi zaxiraga, 189 tonnasi urug‘lik uchun, 54851 tonnasi ichki iste’molga va 32537 tonnasi eksportga yo‘naltirilmoqda.
18 ta parrandachilik korxonasi tomonidan 9 oyda 484 ming dona tuxum, 21,2 ming tonna parhez go‘sht tayyorlandi. Baliqchilikda ham 13 ta xo‘jalikda salmoqli natijalar qo‘lga kiritilib, 783 tonna baliq el dasturxoniga tortiq qilindi.
- Qishloq xo‘jaligining hech bir tarmog‘ini suvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zamon talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak, suv resurslaridan oqilona foydalanish hayotiy zarurat. Shunday ekan, tumanda qishloq xo‘jalik tarmoqlarida suv tejamkor texnologiyalarini joriy etish, ichki irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
- Albatta, keyingi yillarda suv resurslarining kamayishi qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yangi innovatsion sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, kam suv talab etadigan o‘simliklardan yuqori hosil olishni talab etmoqda. Shundan kelib chiqib, 2019 yilda 3751 gektar bog‘ maydonining 1361 gektarida, 4165 gektar tokzorning qariyb 500 gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Joriy yilda ham 300 gektardan ortiq maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi.
2021 yilda 50 ta loyiha asosida 1050 gektar maydonda, shu jumladan 550 gektar bog‘, 200 gektar tokzor hamda 300 gektar sabzavot maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi tatbiq etiladi.
- Tumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirish, mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish, yangi hamkorlar topishda imkoniyatlar qanday?
- Qayta ishlash va eksportyor korxonalarning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ularning to‘la quvvatda ishlashini ta’minlash hamda talab etiladigan mahsulotlarni yetkazib berish maqsadida qayta ishlash va eksportyor korxonalar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida 69083 tonna mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 1400 ta shartnoma tuzildi.
Meva-sabzavot mahsulotlarini joylashtirish, yetishtirish va ularni kooperatsiya asosida eksportyor korxonalar hamda klasterlar orqali qayta ishlash, eksport va ichki bozorga yo‘naltirish bo‘yicha 2 ta korxona negizida meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etildi. Ushbu korxonalarga 507 ta fermer xo‘jaligining qo‘shimcha 4122 gektar yer maydoni biriktirib berildi. Mazkur klasterlar korxonalari yiliga 138 ming tonna uzum, meva-sabzavot mahsulotlari qabul qiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 18,4 ming tonnasi ichki bozorga, 32,5 ming tonnasi eksportga chiqariladi.
- Kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish borasida tuman qanday namuna ko‘rsatmoqda?
- Bu borada dastlab 2248 ta kambag‘al oilada yashovchi 10,4 ming (shundan ishsizlar 2,4 ming nafar) fuqaroning ro‘yxati shakllantirilib, “Temir daftar”ga kiritilgandi. Hozirgacha 1200 dan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlanib, 605 oila “Temir daftar”dan chiqarildi.
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida kambag‘al oilalarga qariyb 1 milliard so‘mlik oziq-ovqat, naqd pul, dori-darmon va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Yil boshidan buyon tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 2100 dan ortiq fuqaro doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. 1150 dan ortiq fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 205 ishsiz fuqaro kasb o‘rganishga yo‘naltirildi, yana 352 fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 120 fuqaroga subsidiya ajratildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi 87 nafar fuqaroga issiqxona qurib berildi.
- Qishloqlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholining turmush madaniyatini oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Aholi turmush sharoitini yaxshilashda birinchi navbatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muhim hisoblanadi. Shu bois, tumanda ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Hozir tumanimizda 226 ta suv inshooti mavjud va 251,5 ming aholining 222 mingdan ortig‘i markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, ya’ni aholining 96,8 foiziga toza ichimlik suvi yetkaziladi. Tumandagi “Ulug‘bek” suv inshootida ichimlik suvini zararsizlantirish uskunasi o‘rnatildi. Ta’minotni yaxshilash uchun 4,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i va 1 dona suv nasosi yangilandi. O‘tgan yili tumanning Andijoni, Arabxona, Yangijoy mahallalarida suv inshootlari qurildi. Natijada 1,5 mingdan ortiq aholining suv ta’minoti yaxshilandi. 2015-2019 yillarda kam ta’minlangan va uy-joyga muhtoj oilalar uchun 15 ta ko‘p qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Joriy yilda 3 ta davlat xususiy sheriklikdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurildi, 5 ta umumta’lim maktabi va davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilindi. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun 9 kilometrdan ortiq yangi havo liniyasi tortildi, mahallalarga 17 ta qo‘shimcha transformator o‘rnatildi. Tumanimizdagi mahallalarning 40 tasiga tabiiy gaz va 61 tasiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun joriy yilda tuman bo‘yicha 48,3 kilometrdan ortiq yo‘l joriy ta’mirlandi. “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bilan shartnoma asosida 2020 yil mahalliy byudjet hisobidan va tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 12,5 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlandi.
Tumandagi imkoniyat va resurslarni ishga solib, aholining turmush sharoitini yaxshilash, iqtisodiyotni rivojlantirish, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va pirovardida iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV
suhbatlashdi.