Aholi haqmi yoki hokimiyat?

Samarqand tumani Yuqori Turkman mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga kirish yo‘li 2016 yil 8 aprel kuni Samarqand tumani hokimining 512-K-sonli qarori bilan “Shoxrux Zafarbek Samarqand” MChJga tikuv sexi va paypoq ishlab chiqaradigan sex qurish uchun beriladi. Bu yerda tuman zaxirasida bo‘lgan 343-konturdan ajratilishi belgilanadi. Chindan ham o‘sha kontur 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining eski binosi joylashgan maydon bo‘lgan. Ammo tadbirkor va bu ishda bosh bo‘lgan mas’ullar negadir Yuqori Turkman mahallasi markaziga tegishli bo‘lgan joyni ko‘rsatishgan.

Hujjatlarga ega bo‘lgan MChJ rahbari ko‘rsatilgan joydan yerni (katlavan) qazdiradi. Tadbirkorning bu ishiga shu paytda hech kim e’tiroz bildirmagan bo‘lsa-da, tadbirkor qilayotgan ishini chala qoldiradi. Oradan yillar o‘tib, 2020 yilning iyul oyi boshlarida tadbirkor chala ishini davom ettirish maqsadida yana keladi. Shunda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va faollar undan hujjatlarni ko‘rsatishini talab qiladi. Ammo hujjatlarda belgilangan kontur va ko‘rsatilgan yer boshqa ekanligi ma’lum bo‘ladi. Og‘zaki tortishuvlar natijasida tadbirkor yana tuman hokimligi ma’sullariga murojaat qiladi. Murojaat natijasida yuqorida chiqarilgan qarorning 2-bandidagi “MCh “Chordara agrotexservis” agrofirmasi yer xaritasining 343-konturidan jami 0.03 ga” so‘zlari “MCh “Chordara agrotexservis” agrofirmasi yer xaritasining  243-konturidan  jami 0.03 ga” so‘zlariga almashtirilib, 2020 yil 20 iyul sanasida tuman hokimining 1205-K qarori chiqariladi.

Xo‘sh, bu qarorni chiqarishga nima asos bo‘ldi? Albatta, Samarqand tumani hokimligi huzuridagi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi yig‘ilishining 87-bayonnomasida 11 nafar mas’ullar imzo qo‘yib, bu qaror chiqishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Endi ayting, shu mas’ullarning qaysi biri masalani joyida kelib o‘rgandi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yer berish vakolati mahalliy hokimliklardan olingan bo‘lsa-da, nega bu qaror qabul qilindi? Axir Prezident qarorining 1-bandida aniq qilib “2018 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra: yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshiriladi”, deb yozib qo‘yilgan-ku?!

Bu borada hukumat qarori ham qabul qilinib, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgan va yer berish vakolati mahalliy hokimliklardan soqit qilingan. Shunga qaramay, Samarqand tumani hokimligi qaysi asosga ko‘ra, yerni tadbirkorga berish to‘g‘risida qaror chiqardi?

“Shoxrux Zafarbek Samarqand” MChJga yer ajratilgan tuman hokimining dastlabki qarori 2016 yil chiqqan va uning 5-bandida: “Shoxrux Zafarbek Samarqand” ma’suliyati cheklangan jamiyati tomonidan Yer kodeksining 36-moddasi talablari buzilgan taqdirda, ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotadi, deb hisoblansin”, deb yozilgan. Nega oradan 4 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu modda qo‘llanilib, tuman hokimining dastlabki qarori bekor qilinmadi?

Oxir oqibat bu mashmashalar sud tartibida qo‘rib chiqildi. Toyloq tumani ma’muriy sudining ochiq sud majlisiga tadbirkor va da’vogarlar taklif qilindi. Tuman hokimligi ma’sullari, ishga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan xolislar ishtirokida ish ko‘rib chiqildi. Sud raisi Temur Ergashev imzolagan qarorga ko‘ra, Samarqand tumani hokimining 2016 yil 8 apreldagi 512–K sonli hamda 2020 yil 28 iyuldagi 1205–K qarorlari haqiqiy emas, deb topildi. Sudning qaroridan norozi bo‘lgan taraflar tegishli tartibda apellyasiya shikoyati berishlari mumkinligi aytildi. Mahalla faollari va boshqalar sudning qaroridan rozi. Ammo tadbirkor qolib, tuman hokimligi sud qarori ustidan shikoyat kiritishini qanday tushunish mumkin? Bu haqda da’vogar tomonidan yozilgan shikoyat xatiga javoban berilgan tuman hokimining xatida ma’lum qilingan.

Yashirmayman, shu mahallada yashayman va jurnalist bo‘lganim uchun odamlar turli masala yuzasidan maslahat so‘rab menga murojaat qilishadi. Endi ayting, Samarqand tumani hokimligi mas’ullari mahalladoshlarimning bu savoliga men nima deb javob beray?

Azizbek QURBONOV.