120 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi
Ko‘klam nafasi ufurib turgan ayni kunlarda Samarqand tumani obodonlashtirish bo‘limi xodimlari tumandagi ariq va zovurlar, ko‘chalar, xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarni tozalab, ko‘chat nihollari ekishni boshlab yubordi.
Bu tashabbusni tuman hokimi N.Mavlonov ham qo‘lladi va bu jarayonlarda ishtirok etdi.
- Obodonlashtirilgan hududlardan chiqindilarni olib chiqish uchun 10 ga yaqin texnika jalb qilindi, - deydi tuman “Toza hudud” davlat unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Ravshan Xayrullayev. - Ayni vaqtga qadar texnikalarimiz 20 tonnaga yaqin chiqindi olib chiqdi. 30 kilometrga yaqin yo‘llar, 10 kilometr ariq va zovurlar chiqindidan tozalandi. Albatta, bu ishlar har kungi vazifamiz. Quvonarlisi, tashkilotlar tomonidan yaqindan yordam berilayotgani, o‘zlarining hududlarini obod qilayotgani tuman obodonchiligiga ulkan hissa bo‘lmoqda.
Bugungi kunga qadar tumanda 120 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt nihollari ekildi. Tumandagi istirohat bog‘ida esa yapon saforasi, Qrim qarag‘ayi, pavlovniya, katalpa kabi go‘zal manzaraga ega va tez rivojlanadigan mingdan ortiq ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan.
Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.