Samarqand tumani iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar bor?
Samarqand tumani iqtisodiyotini rivojlantirish uchun o‘tgan yili qanday ishlar amalga oshirildi? Bu ishlarning qanday samarasi bo‘ldi? Joriy yilgi rejalar qanaqa?
Shu va boshqalar haqida Samarqand tumani hokimi Nosir Mavlonov quyidagilarni gapirib berdi:
- Tumanda hokim sifatida ish boshlashim bilan ko‘pni ko‘rgan keksa avlod vakillari, mehnat faxriylari, o‘z ishini puxta biladigan mutaxassislar, tadbirkorlar, tajribali fermer xo‘jaliklari bilan til topishishga harakat qildim.
Albatta, Samarqand tumani 7 ta tuman va shahar bilan chegaradosh ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, shunga yarasha tashvishlari va muammolari bor. Muammolar yechimini topishda avvalambor aholi, shu jumladan, mahalla oqsoqollari fikrlariga tayanaman. Sektor rahbarlari bilan aholi va tadbirkorlarni, bugungi kunda esa yoshlarimiz bilan joylarda sayyor qabullarni tashkil etayapmiz va imkon qadar fuqarolarning muammolarini joyida hal etishga, muddat talab qilinadiganlariga ijrochilarga muddat berayapmiz.
Kelib tushayotgan murojaatlarni yer va yer munosabatlari, uy-joylarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, uy-joy bilan ta’minlash va ta’mirlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, yo‘llarni ta’mirlash, jamoat transporti qatnovini tartibga solish kabi masalalar tashkil etmoqda.
Joylarda ayrim fuqarolarimiz ongida singib qolgan “meni davlat boqishi shart”, degan tushunchani o‘zgartirib, ularni qo‘lidan keladigan ish yoki tadbirkorlikka jalb etish, tijorat banklaridan kredit olib berish, pirovard natijada, foydali mehnatga jalb etib, boqimanda kayfiyatdan chiqarish choralarini ko‘rayapmiz. Xotin-qizlarimizni, ayniqsa, o‘sib kelayotgan qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha mahallalarda, hududlar xususiyatlaridan kelib chiqib, sektorlar kesimida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqayapmiz.
Investitsiyasiz taraqqiyot bo‘lmaydi
Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi davomida faollar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi, Vazirlar Mahkamasining qarori hamda Rayosat yig‘ilishi bayonlari bilan Samarqand tumanida 2019-2020 yillarda 90 ta loyiha, qiymati 1 462,1 milliard so‘m bo‘lgan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 1361 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
2019 yilda 455,6 milliard so‘mlik 68 ta investitsiya loyihalari foydalanishga qabul qilinib, 743 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgandi. Yil yakuni bo‘yicha 488,3 milliard so‘m bo‘lgan 71 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 755 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, qishloq ho‘jaligi yo‘nalishida 222,1 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 38 ta loyiha amalga oshirildi va sohada 322 ta ish o‘rni yaratildi. Sanoat yo‘nalishida esa 25 ta loyiha amalga oshirilib, o‘zlashtirilgan mablag‘ 240,5 milliard so‘mni tashkil etdi, yaratilgan ish o‘rni 380 taga yetdi.
Bundan tashqari, tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘tgan yilning yakuni bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25,8 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Korxonalar kesimida oladigan bo‘lsak, "Multi fruit Korea" MChJ 3 million 148,4 ming, “Mehr-Saodat” MChJ 7 million 49,1 ming, “Inter Agro” MChJ 403 ming, "Samarqand meva sabzavotlari" MChJ 166,4 ming, "Green Agro Trade" MChJ 1 million 500 ming, “Ohalik oltin bog‘i mevasi” MChJ 5 million 692 ming, “Ventun qurilish savdo” MChJ 300 ming, "Metin tekstil" MChJ 1 million 168 ming hamda "Apple universal servise" MChJ tomonida 707,5 ming AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirdi.
Eksport ko‘rsatkichini oshirishimiz kerak
Sanoat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish borasida ham qator ishlar olib borildi.
2019 yilda tumanda eksport qilish rejasi 49,2 million dollar miqdorida belgilangan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 66 ta eksportyor korxonalar tomonidan 49,2 million dollarlik mahsulotlarni eksportga chiqardi va yillik reja 100 foizga bajarildi.
2020 yilda tuman bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12,0 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalab qilinishi va sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq ho‘jaligi yo‘nalishlarida qiymati 950,4 milliard so‘m bo‘lgan 63 ta investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi, asosiysi, 1627 ta yangi ish o‘rni yaratilishi hamda tuman xududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 54 million AQSh dollari miqdorida sanoat va qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilgan.
2020 yildagi rejalar
Birinchidan, tumanda yangidan tashkil qilinadigan kichik biznes sub’yektlari sonini 737 taga oshirish maqsad qilingan. Ikkinchidan, yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari sonini 1500 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda. Uchinchidan, faoliyatini to‘xtatgan 222 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga amaliy yordam berish (aylanma mablag‘, kredit, infrastruktura va hokazo) orqali ular faoliyatini qayta tiklash maqsadida ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (legalizatsiya) to‘lovchilari sonini 6000 taga ko‘paytirish asosiy rejaga kiritilgan.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjet ixtiyorida qoladigan (reja 90 milliard so‘m) 20 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilishiga erishiladi.