2022 yil uchun "hayratlanarli bashorat"lar e’lon qilindi
Saxo Bank an’anaga ko‘ra kelasi yil uchun o‘zining 10 ta “hayratlanarli bashorati”ni e’lon qildi. Ular jahon iqtisodiyotini larzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ba’zi kutilmagan yoki yetarlicha baholanmagan voqealar bilan bog‘liq.
Bank tahlilchilari 2022 yilda iqtisodiyotga neft va gazga mo‘l-ko‘l sarmoyalar qaytishini, yangi kosmik poyga va sovuq urush boshlanishi, Qo‘shma Shtatlarda inflyasiya 15 foizdan oshib ketishi, 2022 yilda insonning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 25 yilga o‘sishini bashorat qilishmoqda.
Bank ekspertlarining fikricha, jahon siyosatchilari inflyasiya va energiya narxlari oshishiga qarshi kurash zarurati yuki ostida, shuningdek, ijtimoiy tartibsizliklar xavfi ortib borayotgan bir paytda chekinib, iqlim kun tartibi maqsadlaridan uzoqlashishiga to‘g‘ri keladi.
Iqtisodiyotni maqbul narxlarda, yetarli miqdorda resurslar bilan ta’minlash maqsadida neft uchun besh yil va tabiiy gaz uchun o‘n yilga sarmoyaviy to‘siqlar olib tashlanadi. Natijada neft va gaz narxi 50 foizga oshadi.
Hech bir davlat o‘zini ortda qolgandek his qilishni istamagani bois, 2022 yilda yetakchi harbiy kuchlar o‘rtasida ulkan gipertovushli qurollanish poygasi boshlanadi.
Kelayotgan yilda moliyalashtirish ustuvorligidan kelib chiqqan holda, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy va harbiy sohada chuqurlashib borayotgan raqobatning yangi bosqich yuragi - gipertovush va kosmos bo‘ladi. Ularga ilg‘or harbiy texnologiyalarga ega bo‘lgan boshqa yirik derjavalar, jumladan Rossiya, Hindiston, Isroil va Yevropa Ittifoqi ham qo‘shiladi.
Harbiy maqsadlarda an’anaviy qimmatbaho uskunalar (aviatsiya va kemasozlik) ishlab chiqaruvchi kompaniyalar zarariga gipertovushli texnologiyalar yaratish loyihalarini moliyalashtirish sezilarli darajada oshadi, deb hisoblaydi Saxo Bank.
2023 yil boshiga kelib, AQShda inflyasiya Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta 15 foizdan oshadi. Bunga pandemiya davrida uch millionga yaqin kishining nafaqaga chiqqani, ehtimol ayrimlar pandemiya davridagi yordam pulidan keyin kam maoshli ishlarga qaytishni xohlamagani sabab bo‘ladi.
2022 yilning 4-choragigacha ishlab chiqarishdagi doimiy inflyasiya bosimi, energiya inqirozi va ishchi kuchi tanqisligi bilan birgalikda yillik ish haqining misli ko‘rilmagan ikki karra o‘sishiga olib keladi va natijada inflyasiya 15 foizdan oshadi. Bu birgalikda AQSh fond va kredit bozorlarida o‘ta beqarorlikka olib keladi. Sayyoradagi yirik iqtisodiyot muammolari jahon bozoriga ta’sir qilishini aytmasa ham bo‘ladi.
Saxo Bank, shuningdek, 2022 yilda biotibbiyot sohasidagi muhim yutuq - insonlar hayoti va umr ko‘rish davomiyligini 25 yilgacha uzaytirishni ko‘zda tutadi. Hayot davomiyligini, qolaversa butun organizm quvvatini oshirishuvchi hujayra darajasidagi jarayonni boshqaruvchi shifobaxsh vositalar "kokteyl"i tayyorlanadi.
Bu qimmat, ammo samarali va allaqachon inson DNKsi bo‘lgan laboratoriya sichqonlarida sinab ko‘rilgan. Kelajak keksalar uchun ochiq bo‘ladi. Chunki yangi vosita qarishni sekinlashtirishi va hatto qarigan hujayralarni yoshartirishi mumkin: 80 yoshli odam 50 yoshliga aylanadi.
Bu katta etnik va moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Oziq-ovqat va pensiyalar, mehnat bozori va dori-darmonlarga talab o‘sishi haqidagi sof iqtisodiy savollardan tashqari, etnik savol tug‘iladi: bu qimmat "kokteyl"ni hamma uchun hamyonbop qilmaslik insongarchilikdanmi?
Ushbu bashoratlarga qo‘shimcha ravishda, Saxo Bank 2022 yilda Facebook va Spotify aksiyalarining sezilarli pasayishi, Hindistonning Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashiga kirishi, fond bozoridagi gender urushlari, iqlim muammolarini hal qilish uchun Yevropa Ittifoqi superfondi yaratilishi, energetika va mudofaa masalalari, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda oraliq saylovlarda konstitutsiyaviy inqirozni kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Saxo Bank ekspertlarining o‘tgan yillardagi ba’zi “hayratlanarli bashoratlar” amalga oshdi. Masalan, Donald Tramp 2020 yilgi saylovda g‘alaba qozona olmadi. 2018 yilda bank tahlilchilari Germaniya yalpi ichki mahsuloti o‘sishi pasayishi, 2012 yilda esa oltin narxining shiddatli tushishini bashorat qilishgan edi.
G.Xoldorova tayyorladi.