Besh yilda Samarqand iqtisodiyoti qancha o‘sdi?
Fikri teran har bir kishi hayotimizga odilona nazar tashlasa, mustaqillik davrida, xususan, keyingi 4-5 yil ichida mamlakatda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni anglab olishi qiyin emas. Xalqimiz turli sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona siyosat, o‘z vaqtida qabul qilingan farmon va qarorlar hamda bu borada belgilangan chora-tadbirlar natijasida barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi oshib bormoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mustaqillik yillarida viloyatda amalga oshirilgan ishlar natijasida bir qator yo‘nalishlarda o‘sishga erishildi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, birgina 2016-2021 yillarda viloyatimizda yalpi hududiy mahsulotlar 2,0, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,4, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 2,2 barobarga ko‘paygan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 1,9, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 3,7, qurilish ishlari 2,5, chakana savdo aylanmasi 2,1, xizmatlar hajmi 2, tashqi savdo aylanmasi 2, eksport 2 barobarga oshgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatning o‘sish nuqtalari, ya’ni drayverlari aniqlanib, faol investitsiya siyosatini yuritish maqsadida 2021 yil uchun ham aniq maqsadga qaratilgan rejalar belgilab olindi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqandga tashrifi davomida viloyatning sanoat salohiyatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida berilgan topshiriqlariga asosan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilmoqda. Har bir tumanda erkin iqtisodiy zonaning filiallari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 431,4 million dollarlik 94 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, kelajakda yangi loyihalarni amalga oshirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish salmog‘ini bir necha barobar oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, kichik sanoat zonalari hududini kengaytirish, yoshlarning o‘z biznesiga ega bo‘lishi, «start up» loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shahar va tumanlardagi 43,1 gektar yer maydonida “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”ni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Belgilangan rejaga muvofiq, 2021 yil 1 avgustgacha 4 ta (Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Jomboy va Urgut tumanlaridagi) hududda hamda joriy yilning 1 sentyabriga qadar qolgan hududlarda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zona”larini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Viloyatda turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, umumiy qiymati 352,7 million AQSh dollari bo‘lgan “Samarqand turistik markazi”ning tashkil etilayotganligi turizm sohasini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, aholiga yangi va zamonaviy xizmat turlarini tashkil etish maqsadida “Autsorsing” va “Keytering”, “Organik zona”lar ,“Landromat”, “Glemping”, “Karshering”, “Klining”, “Blokcheyn”, “Konsalting”, “Turist-taksi”, “Kargo” kabi yangi xizmat turlarini joriy etish bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Ko‘pgina sohalar kabi viloyatning investitsion salohiyatini oshirish uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirish va xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
2020 yilda viloyat bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda davlat kafolati ostida bo‘lmagan xorijiy kredit mablag‘lari hisobiga 225,8 million AQSh dollarilik investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2021 yilning yanvar-may oylarida 46,6 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bundan tashqari, hududiy dasturlar doirasida 2020 yilda 5,5 trillion so‘mlik 1252 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lsa, 2021 yilning o‘tgan davrida 2,5 trillion so‘mlik 580 ta loyiha amalga oshirildi.
Viloyatda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport hajmi 2020 yil yakuni bo‘yicha 335,3 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon 165,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Amalga oshirilayotgan ishlarning pirovard maqsadi xalqni rozi qilish, qulay yashash sharoiti yaratish va aholi bandligini ta’minlash. Bu yo‘lda barchamiz birlashib harakat qiladigan bo‘lsak, yurtimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada ko‘tarishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Oybek Xodjayev,
viloyat hokimining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo
boshqarmasi boshlig‘i.