Past Darg‘omda import past, eksport yuqori

Istaymizmi-yo‘qmi, yurtimiz mustaqilligi yaqinlashayotgan kunlarda “Istiqlol bizga nima berdi? Hayotimizda qanday o‘zgarish yasadi?” degan savollar xayolimizdan o‘tadi. Javob ham hayotiy: avvalo, odamlar o‘zgardi. Ularning ongu tafakkuri yangilandi. Dunyoqarashi o‘sdi. Yon-atrofimizda kechayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi shakllandi, ertangi kunga ishonchi ortdi.

Balki shuning uchundir, hayotimizning har dami yangiliklar, o‘zgarishlarga boy. Birgina tadbirkorlik va bunyodkorlik ishlarini olaylik. Aholiga qulaylik yaratish, iqtisodiyotni rivojlantirish, farovonlikni ta’minlash hali u tumanda, hali bunisida yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Xususan, Past Darg‘om tumanida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘rib chiqsak, istiqlol islohotlarining natijalari yaqqol ko‘rinadi.

Salmoqli ulush kichik korxonalar hisobida

Ayni kunda tumanda ro‘yxatga olingan kichik biznes sub’yektlari soni 2 ming 936 tani tashkil etib, shundan 2 ming 800 ga yaqin kichik va xususiy biznes korxonalari faoliyat ko‘rsatyapti.

O‘tgan yilning o‘zida 742 ta yuridik maqomga ega korxona va tashkilot tashkil etilgani va shundan 700 tasi kichik biznes sub’yektlari ekani, ular faoliyatlarini izchil yo‘lga qo‘yib olganliklari tumanda xususiy tarmoqni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganidan darak berib turibdi. Shuningdek, tumanda 2021 yil 1 yanvar holatiga 20 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Bundan atigi to‘rt-besh yil avval kichik va xususiy biznesning tuman yalpi ichki mahsuloti hajmidagi ulushi 55 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilga kelib bu ko‘rsatkich 80,2 foizni tashkil etdi. Yoki 2020 yilda tuman bo‘yicha hududiy eksport ko‘rsatkichlari 17 million 493 ming dollarni, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 2 million 549 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, uning asosiy qismi xususiy sektorga taalluqli korxonalarning tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlarida aks etdi. Bu miqdor 2019 yilga nisbatan 110,7 foizni tashkil etganligiyoq garchi pandemiya bo‘lishiga qaramay bultur bu sohada anchagina o‘sish bo‘lganini kuzatish mumkin. Bu solishtirma raqamlar esa keyingi yillarda kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari tobora yalpi mahsulot ishlab chiqarishda hukmronlikni, iqtisodiy dastaklar harakatini o‘z izmiga olayotganidan dalolat berib turibdi.

Sir emas, iqtisodiyotga chet el sarmoyadorlarini jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni, yangicha tajribalarni kiritish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu borada tumanda amalga oshirilgan ishlar viloyatimizdagi boshqa tumanlarga ibrat bo‘lgulik. Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘nlab korxonalar sexlariga dunyoning eng ilg‘or texnologiyalarini o‘rnatib, shu orqali sifatli mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar. Shu bois ham mahsulotlar peshma-pesh xorijga eksport qilinyapti hamda import o‘rnini bosib, bozorlarimizni to‘ldiryapti.

- Tumanimizdagi “Samarqand kamalak invest tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ana shunday korxonalar sirasiga kiritsak bo‘ladi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Jamshid Pardayev. – Jumladan, o‘tgan yili 6 million 302 ming AQSh dollariga teng mahsulotni Turkiya va Rossiya davlatlariga eksport qildi. Ayni paytda ham korxona jamoasining sifatli mahsulotlariga xorijda xaridor ko‘p. Shuning uchun joriy yilning 5 oyi davomida 4 million 193 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilindi. Korxona yil yakunigacha 7 million dollarlik mahsulot eksport qilishni mo‘ljallagan.

Darvoqe, hozirda korxona 2021-2022 yilga mo‘ljallangan 281 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirmoqda. Buning uchun Chortut mahallasi hududidan 3,5 gektar yer maydoni ajatib berildi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 11 ming tonna ip kalava hamda tayyor mato tayyorlash bo‘lgan ushbu yangi “Kamalak fayz invest tekstil” korxonasi faoliyatini ishga tushirish uchun xorijiy kredit liniyasidan 22 million dollar kredit olingan bo‘lsa, Samarqand kamalak invest tekstil” MChJ o‘z hisobidan 50 milliard so‘m sarflamoqda. Korxona 2022 yil dekabrda ishga tushadi, shunda 300 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi.

Umuman, 2021-2022 yilda tumanimizda umumiy qiymati 3 trillion 160,9 milliard so‘mlik 78 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun 208 million 500 ming AQSh dollariga teng xorijiy investitsiya jalb etiladi va 2 ming 207 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zbiokombinat”: daromad ortdi, farovonlik ham

Istiqlol epkinlarining Past Darg‘omga ta’siri haqida so‘z borar ekan, birinchi navbatda “O‘zbiokombinat” O‘zbekiston-Buyuk Britaniya-Rossiya qo‘shma korxonasi yodga keladi. Ahamiyatlisi, ushbu korxonada ilk mahsulot ishlab chiqarilganiga ham salkam 60 yil bo‘libdi.

To‘g‘ri, sobiq ittifoqda yagona sanalgan kombinat mustaqillik yillarigacha barqaror faoliyat yuritdi. Ammo 1991 yilga kelib, ishlab chiqarilgan veterinariya preparatlariga xaridor keskin kamaydi, korxona mahsulotlari omborlarda qolib ketdi, oqibatda inqiroz botqog‘iga botdi.

- 2008 yilda hukumat qarori bilan korxonada modernizatsiya ishlari boshlab yuborildi, - deydi korxonaning tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xudoyorov. - 2012 yilga kelib kombinatimiz yana chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish uchun preparatlar ishlab chiqaradigan yirik zamonaviy sanoat majmuiga aylantirildi va sekin-asta qaddini tiklab bordi. Keyingi yillarda yiliga o‘rtacha 550 tonna veterinariya preparatlari ishlab chiqarilyapti. Mahsulotimiz 2015 yildan buyon chet mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Shu paytga qadar dori vositalarimizning 35 foizi Afg‘oniston, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlariga sotilgan bo‘lsa, endilikda ekport geografiyasini kengaytirish borasida qator davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Darhaqiqat, korxonaning keyingi 8 yillik faoliyatiga nazar tashlasangiz, bu yerda tilga olsa arzigulik iqtisodiy o‘sish bo‘lganligini ko‘rasiz. Jumladan, korxonada 2013 yilda 20 turdagi dori vositalari tayyorlangan bo‘lsa, 2016 yilda 40 xil, 2020 yilga kelib esa 50 xil “Ivermektin-10”, “Klozentel”, “Gelmintol”, “Enrofloksatsin”, “Gentamitsin”, “Buparvalek”, “Trivitameks” kabi antiparatizar, antibakterial, antibiotik va vitaminlar ishlab chiqarildi.

Yoki “O‘zbiokombinat” 2013 yilda 2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, 2016 yilga kelib 8 milliard so‘mlik, o‘tgan yili esa 29 milliard so‘mlik veterinariya preparatlari ishlab chiqarishga erishdi. Ishchilar soni ham yildan-yilga ortdi: 2013 yilda korxonada 50 nafar ishchi-mutaxassislar ishlagan bo‘lsa, 2016 yilga kelib ular soni 130 nafar bo‘ldi, 2020 yilda ular safiga yana 20 nafar xodim qo‘shildi.

- Bu yutuqlarimiz omili quyidagi uchta jihatda deb o‘ylayman, - deydi Sh.Xudoyorov. - Birinchidan, korxonamizning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyaga Rossiya hamda Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatdik. Ikkinchidan, ichki va tashqi bozorni chuqur o‘rgandik, tahlil qildik va xaridorgir, ya’ni hayvonlar kasalligining oldini olish uchun zarur bo‘lgan sifatli preparatlar chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Uchinchidan, ishchilarimiz malakasini oshirdik. Hozirda korxonamizda belaruslik tajribali mutaxassis, veterinar-olim Vladimir Krevko faoliyat yuritmoqda va har bir ishchi-xodim bilim va malakasini oshirish uchun bor mahoratini ishga solmoqda. Shu jihatlar bois ishchilarimizning maoshlari ham oshib bormoqda. 2013 yilda ularning o‘rtacha oylik maoshi 450-500 ming so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yili o‘rtacha maosh 1 million so‘m atrofida bo‘ldi, o‘tgan yilda esa 2-2,5 million so‘mdan oshdi.

 

Temir-beton ustunlar Qatorterakda chiqadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda tumanda 646 ta sanoat korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ularning 611 tasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bu korxonalarda 4 mingga yaqin fuqaro faoliyat yuritib, ro‘zg‘or tebratadi. Muhimi, ularning aksariyati olis qishloqlarda faoliyat yurityapti.

Masalan, zamonaviy temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Bunyodkor obod Past Darg‘om» davlat unitar korxonasi tumanning Qatorterak qishlog‘ida joylashgan. Ushbu qishloq atrofidagi Parchaqora, Mang‘itobod, Katta Nayman, Zangiboyi, Baxshiboyi, Ravot, Eski Juma mahallalari yoshlarini muqim ish bilan ta’minlab kelayotgan bu kichik korxona qisqa muddat ichida tumandagi ko‘zga ko‘ringan sanoat korxonalaridan biriga aylandi.

- Korxonamiz 2019 yilning noyabr oyida tashkil etildi, 2020 yil fevralidan faoliyat boshladik, - deydi korxona rahbari Aktam Bo‘riyev. - Dastlab faqat buyurtma asosida mahsulot ishlab chiqardik. Aholi va korxona-tashkilotlarning temir beton mahsulotlariga bo‘lgan talabini chuqur o‘rgandik va xaridor talabiga ko‘ra 10 xildagi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga erishdik.

Korxona Rossiya va Eron davlatlaridan keltirilgan texnologiyalar asosida kuniga buyurtmaga ko‘ra tayyor beton qorishma, 55-60 donagacha turli o‘lchamdagi beton plitalari ishlab chiqarmoqda. Bundan tashqari, korxona fesbloklar, quduqlar uchun  beton quvurlar, elektr simlari uchun temir-beton ustunlar, shlakablok, betonli lotok, trotuar-plitkalar ishlab chiqarilyapti. Korxona 2020 yilda 61 milliard 728 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi, sof foyda 264 million so‘mni tashkil etdi. Buyam hudud ravnaqi, aholi turmush darajasi yuksalishida ma’lum ahamiyat kasb etadi.

Mahsulotlarning xaridori ko‘p – faqat tuman yo viloyatda emas, qo‘shni Navoiy, Qashqadaryodan buyurtmalar tushayotgani e’tiborli. Ish qizg‘in, shunga yarasha 30 nafardan ortiq ishchi-xodim bir daqiqa ham ishsiz qolmaydi.

- Ish haqimiz ham shunga yarasha, - deydi ishchilardan biri Elbek Rustamov. – O‘rtacha 2 million 800 so‘mdan maosh olamiz. 4 ta yuk tashish, 2 ta ortish, bitta “Mikser” rusumli, 2 ta “XON” rusumli avtoulovlar bor. Ularni boshqaruvchilari bundan-da ko‘proq maosh olishadi. Tushligimiz korxona hisobidan ekanini hisobga olsak, bir ro‘zg‘orga bemalol yetadi.

***

Mustaqilligimizning 30 yilligi bahona Past Darg‘omda iqtisodiyot sohasi taraqqiy etib borayotganini ko‘rdik. Muhimi, bu yerda iqtisodiy ko‘rsatkichlari kabi odamlar, tadbirkorlarning maqsadlar ham salmoqli. Raqamlar, loyihalar, yangi ish o‘rinlari... bular, shubhasiz, farovonlik ramzi. Quvonarlisi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish, yaratish ishlari faqat yaxshilikka, ezgulikka xizmat qilyapti, inson qadr-qimmatini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarmoqda, elning dasturxoni to‘kin, turmushi farovon, tinchlik-osoyishtalikda umrguzaronlik qilmoqda.

Akram HAYDAROV,

«Zarafshon» muxbiri.