Perinatal markazning o‘zi bilan ish bitmaydi

Past Darg‘om tumani markaziy poliklinikasidagi skrining xonasi yonida yigirma chog‘li ayol navbatda turibdi. Ularning hammasi homilador ayollar, tibbiy ko‘rikdan o‘tishga kelgan.

Shifokorning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Birinchidan, ularning barchasini ko‘rikdan o‘tkazishi kerak, ikkinchidan bu ishni navbatda homilador ayol ko‘p bo‘lishiga qaramay, tezlashtirib bajarishi zarur. Keyingi soatlarda esa bu tekshiruvlarning natijasini jadvallarga tushirishi, homilasida muammosi borlar haqida birlamchi tibbiyot tizimiga ma’lumot berishi lozim.

- Har kuni 50 nafarga yaqin homilador ayolni tekshiruvdan o‘tkazamiz, - deydi tuman markaziy poliklinkasi perinatolog shifokori Zebiniso To‘ychiyeva. – Yil boshidan buyon rejali tarzda kelgan 210 nafar homiladorning to‘qqiz nafarida patologiya aniqlandi va homilasini to‘xtatish tavsiya etildi. Bundan homilador ayollar yashaydigan hudud birlamchi tibbiyot xodimlari ham xabardor etildi va ular nazoratga olinishi kerak. O‘tgan yilgi tekshiruvlarimizda 55 nafar homilador ayolda patologiya aniqlangan edi. Afsuski, o‘z vaqtida skrining tekshiruviga kelmayotgan ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Misol uchun, shu yilning boshidanoq tekshiruvga kelishi lozim bo‘lgan 200 nafar homilador ayol o‘z vaqtida ultratovush tekshiruvidan o‘tmagan. Homiladorlikning ilk oylarida o‘tilishi kerak bo‘lgan skrining tekshiruvida ham ko‘plab xastaliklar aniqlanadi va uni bartaraf etishga yo‘llanma berilishi kerak.

Onalarga sifatli xizmat ko‘rsatish, tug‘ruq davridagi o‘limlarning oldini olish, chaqaloqlar hayotini asrab qolish maqsadida o‘tgan yili viloyatdagi to‘rt tumanda, jumladan, Past Darg‘omda perinatal markaz tashkil etilgandi. Markazdagi bu o‘zgarish nimalarda ko‘rinayapti, deya yo‘limizni skrining xonasidan chiqib, perinatal markaz tomon burdik. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasi negizida tashkil etilgan perinatal markaz mintaqaviy sanalib, Nurobod aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.

- Perinatal markazdagi asosiy yo‘nalish chaqaloqlar parvarishi, kichik vaznlarda tug‘ilgan go‘daklarga ham zarur tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iborat, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh akusher-ginekologi Komila Muqimova. – Shu maqsadda 6 o‘rinli chaqaloqlar bo‘limi tashkil etildi va barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Reanimatsion post ham tashkil etildi. Ya’ni, ilgari ham tunu kun navbatchi vrach bo‘lsa-da, endilikda ularning soni bittaga ko‘paydi hamda og‘ir ahvolda kelgan homiladorlarga tezlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Respublika ixtisoslashgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialidan tumanlarga va og‘ir tumanlardan markazga xodimlarni uch oy muddatga almashtirib ishlatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bizning tug‘ruq majmuamizga ham viloyat, respublika muassasalaridan shifokorlar kelib, faoliyat yuritdi, xodimlarimiz viloyat muassasalarida ishladi. Bu ishlarning natijasida o‘tgan yili faqat bitta ona o‘limi sodir bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillardan keskin kamayganligini aytish joiz.

Ilgari 32 haftada tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash uchun yoki jiddiy xastaliklari bor hamilador ayollarni  viloyat perinatal markaziga jo‘natishga majbur bo‘lardik. Endilikda ularni o‘zimizda davolash imkoniyati mavjud. Bir oyda markazda 500 ga yaqin tug‘ruq bo‘ladi va ularning 21 foizi patologik tug‘ruqlar sanaladi.

O‘tgan yil olti nafar chaqaloq o‘ta og‘ir holatda, 1058 nafari esa bir nechta xastaliklar bilan tug‘ildi. Ular orasida ayniqsa, nafas yetishmovchiligi bilan tug‘ilganlar ko‘pchilikni tashkil etdi.

Tug‘ruq majmualarida sharoit yaxshilangani bilan ayol salomatligiga e’tiborli bo‘lmas ekan, turli noxushliklarning oldini olish qiyin. Avvalo, u homilador bo‘lishdan oldin onalikka tayyorlanishi kerak, farzandlari oralig‘idagi muddat bir, ikki emas, uch yil bo‘lsa maqsadga muvofiq. Doimiy ravishda organizmidagi vitamin yetishmovchiligini to‘ldirib borishi, hali qiz bola paytidanoq tabiiy, vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilishi lozim. Chunki bizda turmush qurgandan so‘ng organizmini onalikka tayyorlash haqida gapirib bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lsa nur ustiga a’lo nur. Homiladorlikda kuzatilayotgan charchoqlarga e’tiborsiz bo‘lmaslik, ammo doimiy harakatsiz ham qolmaslik lozim. Ayniqsa, ona bo‘layotgan kelinlarni butun oila qo‘llab turishi juda muhim.

Bu masala esa baribir birlamchi tibbiyot bilan bevosita bog‘liq. Agar yuqorida skrining bo‘limi shifokori aytganiday, yanvar oyining o‘zida 200 nafar homilador o‘z vaqtida tekshiruvga kelmagan bo‘lsa, ularning sog‘lom farzand ko‘rishiga kim kafolat beradi? Nega qishloq oilaviy poliklinikalari bu masalaga jiddiy yondashmagan? Qolaversa, yuqorida ta’kidlaganimizday, skrining xonasi eshigi yonida homilador ayollarning navbati juda katta ekanligiga guvoh bo‘ldik. O‘z vaqtida ko‘rikka kelmagan ayollar ham kelishni boshlasa, ular necha soat navbatda turadi? Mutasaddilarning aytishicha, bu yerda aholi sonini hisobga olgan holda yana bitta skrining xonasi tashkil etilishi lozim. Bu fikr qo‘shimcha izoh talab qilmaydi.

Gulruh MO‘MINOVA.