Jadidlarni eslatib turadi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi jadidlar yashagan, ayni paytda ularning avlodlari istiqomat qilayotgan mahalla va xonadonlarda maxsus peshlavhalar o‘rnatmoqda.
Jumladan, hozirda Saidrizo Alizoda nomi bilan ataluvchi mahallada mohir muharrir, tarjimon, olim, ma’rifatparvar Saidrizo Alizoda uy-muzeyida, Registon mahallasida ulug‘ yozuvchi va shoir, olim Vadud Mahmudning farzandlari Mahmudi Orash Vadudzoda va Mahmudi Najod Vadudzoda xonadonida, Beshchinor mahallasida jadidchilik harakatining sardori Mahmudxo‘ja Behbudiyning evarasi Shohruh Behbudiy yashayotgan uyda, Rajabamin mahallasida esa jadid alloma Abduqodir Shakuriy xotirasiga shunday peshlavhalar joylashtirildi.
– Bu, avvalo, jadidlar avlodlariga bo‘lgan hurmat-e’tiborning bir ko‘rinishi, qolaversa, boshqalar uchun ibratdir, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘linmasi rahbari Nigora Sa’dinova. – Katta avlod vakillari bu insonlarning xalq va millat ma’rifati, birdamligi uchun qilgan xizmatlarini bilsa-da, yoshlar yaxshi anglamasligi, ularning nomini eshitgan bo‘lsa ham, qayerda, qanday hayot kechirganini bilmasligi mumkin. Bu peshlavhalar esa ularga “yo‘l ko‘rsatadi”, bilmaganlarini o‘rganishga da’vat etadi.