Chaqiruv qog‘ozi shunday yoziladimi?!
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida “o‘ziga xos” shakl va mazmundagi “Chaqiruv qog‘ozi” qo‘llanilmoqda.
Keyingi paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, huquq va vakolat doirasini kengaytirish hamda sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qator farmonlari qabul qilindi.
Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi tomonidan amaldagi kodekslarga qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahrirda tasdiqlandi.
Sudlar faoliyatiga zamonaviy texnika vositalari joriy qilindi. Elektron muloqot tizimi o‘rnatildi. Bir so‘z bilan aytganda, sudlar faoliyati fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan mustaqil hokimiyat organiga aylandi.
Tegishli protsessual kodekslarda sud hujjatlarini tayyorlash va yetkazib berishning tartib-taomillari aks etgan me’yorlar o‘z o‘rnini topdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 157-moddasi (“Sud chaqiruv qog‘ozining mazmuni”)da quyidagicha talab mustahkamlab qo‘yilgan: “Sudga chaqirish to‘g‘risidagi sud chaqiruv qog‘ozida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) Sudning nomi, manzili, telefon raqami, elektron pochta manzili;
2) Kelish joyi va vaqti;
3) Shaxs qanday ish yuzasidan chaqirilayotganligi;
4) Shaxsni kim tariqasida chaqirilayotganligi;
5) Ishda ishtirok etuvchi shaxsni ish bo‘yicha o‘zlari ega bo‘lgan dalillarni taqdim etish to‘g‘risidagi taklif;
6) Chaqiriluvchi yo‘qligi sababli chaqiruv qog‘ozini qabul qilib olgan shaxsning imkoniyati bo‘lishi bilanoq uni darhol chaqiriluvchiga topshirishga majburligi;
7) Sudga kelmaganlikning ushbu Kodeksning 220, 221 va 222-moddalarida nazarda tutilgan oqibatlari”.
Ammo fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudida “o‘ziga xos” shakl va mazmundagi “Chaqiruv qog‘ozi” qo‘llanilmoqda.
Bunga ishonmasangiz quyidagi matnga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Unda na chiqish raqami, na sana ko‘rsatilgan, muhr qo‘yilmagan, matn sudning yuridik nomi, manzili, telefon raqami, elektron pochta raqami va O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi aks etgan maxsus ish qog‘ozi (blankasi)da yozilmagan. Qizig‘i shundaki, chaqiruv xatini oluvchi sudda kim sifatida ishtirok etishini tushunolmay boshini og‘ritadi. Chunki chaqiruv xatida “Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi Sizni... “Umumiy mulk bo‘lgan uy-joyni bo‘lish to‘g‘risidagi fuqarolik ishi bo‘yicha da’vogar yoki javobgar sifatida sudga chaqiradi”, deyilgan.
Endi o‘zingiz topib olavering: qaysi fuqarolik ishi bo‘yicha va kim sifatida sud majlisida ishtirok etsam ekan, deya...
Yo‘ldosh Suyunov,
huquqshunos, mehnat faxriysi.