Tadbirkor qonunni chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, ko‘pchilik tadbirkorlar samarali faoliyat yuritmoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, o‘rnatilgan tartib-qoidani, qonunni chetlab o‘tishga urinayotganlar ham uchrab turibdi.
Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vogar Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgar "Lux service" MChJdan (javobgarning nomi o‘zgartirilgan) 243 438 773,76 so‘m bojxona to‘lovlarini undirish va olib kirilgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga rasmiylashtirish majburiyatini yuklashni so‘ragan. Ma’lum bo‘lishicha, “Lux service” MChJ nomiga Ekvador davlatidan 83 808 kilogramm bo‘lgan “Banani svejiye” tovarlari olib kelingan. Mazkur tovarlar “Rohat Lux” MChJga qarashli Samarqand shahri, Cho‘ponota massividagi omborxonaga joylashtirilgan va bojxona ombori rejimiga rasmiylashtirilgan.
2019 yil 19 aprel kuni bojxona xodimlari tomonidan omborda saqlanayotgan tovarlar ko‘zdan kechirilganda, umumiy vazni 41 904 kilogramm bo‘lgan “Banani svejiye” tovarlari bu yerda mavjud emasligi va tegishli bojxona rejimi rasmiylashtirilmasdan, bojxona to‘lovlarini amalga oshirmasdan tasarruf etilganligi aniqlanadi.
Ushbu holat yuzasidan 2019 yil 20 may kuni Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi bois jinoyat ishi tugatilgan. Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “Lux service” MChJdan Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi foydasiga 243 438 773,76 so‘m bojxona to‘lovlari undirilishi hamda olib kirilgan tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga rasmiylashtirish majburiyati yuklatildi. Shu bilan tadbirkorning noqonuniy xatti-harakatiga chek qo‘yildi.
Mahsuda Dusmatova,
Samarqand shahar iqtisodiy sudining sudyasi.