OAV vakillari sud jarayonlarida ishtirok etishga tayyormi?
Umumiy qoidaga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi. Ma’muriy sud ishlarini yuritishda davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur bo‘lgan taqdirda, ishni yopiq sud majlisida eshitishga yo‘l qo‘yiladi.
Aslida sudda ish ko‘rishning oshkoraligi insonlarning mazkur hokimiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Oshkora ko‘rilgan ishlarning ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi esa jamiyat tomonidan sud faoliyatining xalq nazoratiga olinishini ta’minlaydi va tarbiyaviy ahamiyatga ega. O‘z navbatida sud qarorlarining asosli va qonuniy qabul qilinishini kafolatlaydi.
Albatta, yurtimizda keyingi uch yil davomida sudlar faoliyatida oshkoralikni ta’minlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, har bir sudya tomonidan ko‘riladigan ishlarning kamida 30 foizini sayyor sud majlislarida ko‘rish tizimi joriy etildi.
Ikkinchidan, jamoatchilikni sudlar faoliyati to‘g‘risida xabardor etish maqsadida viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar, tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislari har chorakda fuqarolar huquq va erkinliklarini, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlar huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud tomonidan himoya qilinishi holati yuzasidan tegishli davlat vakillik organiga axborot taqdim etishlari zarur.
Uchinchidan, oyida kamida bir marta sudyalarning joylarda aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etishlari lozimligi belgilandi.
Bundan tashqari, sudlar va ommaviy axborot vositalarining hamkorligini yanada mustahkamlash, faoliyatini jamoatchilikka tanishtirish maqsadida har chorakda brifinglar o‘tkazish amaliyoti joriy qilindi. Sudlar faoliyatiga doir axborotlarni internet tarmog‘ida joylashtirilishi va sud jarayonlarining onlayn translyasiya qilinishi tizimda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashda muhim qadam va yangilik bo‘ldi.
Albatta, sud muhokamasi oshkoraligi protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan ham ta’minlanadi.
Biroq ommaviy axborot vositalari vakillarining ochiq sud majlisida ish bo‘yicha ma’lumotlar olish maqsadida qatnashishi ma’lumot olishning qonuniy yo‘li ekanligini inobatga olib, ularning qonunda nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra, sud majlisi zaliga kirishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ammo ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar tomonidan hali-hamon amaldagi qonunlar va tartiblarga rioya qilinmay sudlar mustaqilligiga daxl qiluvchi, sudga nisbatan bosim o‘tkazishga qaratilgan harakatlar uchrab turibdi.
Ommaviy axborot vositalarining sud majlislarida ishtiroki masalalari barcha mamlakatlar, misol uchun Rossiya Federatsiyasida ham olimlar tomonidan munozaralarga sabab bo‘lgan. Ilm ahli ommaviy axborot vositalarining sudlarda ishtiroki oshkoralik prinsipini ta’minlovchi asosiy jihat ekanligini ta’kidlash bilan birga, ularning ish yuzasidan sudga yoki ishda ishtirok e’tuvchi shaxslarga nisbatan qandaydir bosim vujudga keltirishi mumkinligini inkor etishmaydi.
Bundan tashqari, sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, audioyozuv olib borishlari mumkin. Qayd etishni amalga oshirayotgan shaxslar harakati sud majlisi tartibiga xalaqit bermasligi lozim.
Ishda ishtirok etayotgan va uning borishini qayd etish huquqidan foydalanayotgan shaxslar tomonidan bu huquqning suiiste’mol qilinishi sud majlisi tartibini buzish hisoblanadi. Bunday holda sud aybdor shaxslarga nisbatan protsessual qonunda nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llashga haqli.
Sud majlisida qatnashish uchun kelgan shaxslar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillarining sud binosiga kirishi sudning ichki faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar bilan o‘rnatilgan qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda ta’minlanishi lozim. Shu munosabat bilan sudlar ushbu hujjatlar bilan sud binosiga kirish joyida tanishish imkoniyatini ta’minlashlari zarur.
Uchqun Samandarov,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi.