Tahririyatlar iqtisodiy ahvolini reklama orqali yaxshilashi kerak
Bu gap Samarqand shahrida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining axborot ochiqligini monitoring qilish va baholash” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aytildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev ishtirok etib, axborot ochiqligi siyosatini amalga oshirishda muxbirlar, davlat hokimiyati, korxona va tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan axborot xizmati vakillari bevosita mas’ul ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, axborot almashinuvida qonunchilik talablari asosida ish yuritish zarurligi aytildi.
Bu borada keyingi paytda qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar, yangi qabul qilinayotgan qarorlar va qonunosti xujjatlarni ishlab chiqishda mahalliy professional yozuvchi va jurnalist mutaxassislarning takliflari, chet el tajribasi inobatga olinib kelinayotgani aytib o‘tildi. Shuningdek, tadbirda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev viloyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
- Gazeta, televideniye yoki rasmiy sayt reklamani rivojlantirish orqali tahririyatdagi shart-sharoiti, iqtisodiy ahvolini yaxshilab oladi, - dedi I.Abdullayev. – Afsuski, bu borada bosma va internet nashrlari, TV mas’ullarining faolligi yetishmayapti. Aslida tahririyatni boqadigan yo‘nalish shu. Albatta, buning uchun professional kadrlar ishlashi, reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga amal qilish kerak. Tahliliy, kerak bo‘lsa, tanqidiy materiallar qanchalik ko‘p berib borilsa, uning o‘quvchi va kuzatuvchilari oshib boraveradi. Adadi oshgan gazeta, TV yoki sayt o‘z ustida yanada ko‘p ishlaydi, xorij tajribasini o‘zlashtiradi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Mahorat markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish va jonlantirish, tajribali mutaxassislarni jalb etgan holda xabarlar tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida 50 million so‘m ajratilishi rejalashtirildi.
Yig‘ilganlar bilan kelgusida bu kabi uchrashuvlarni o‘tkazib borish hamda taklif va munosabatlarni yuborishga kelishib olindi.
Husan Eltoyev.