“Sizga ma’lumot berganim uchun rahmatmi bu?”: Davlat tashkiloti vakili OAVga ma’lumotni xohlasa beradi, bo‘lmasa yo‘qmi?
Ilgari jurnalistik faoliyatimizda bunday holatga ko‘p tushardik. Asta-sekin davlat idoralarining matbuotga, umuman, xalqqa ma’lumot yetkazish borasidagi fikri sal bo‘lsa ham o‘zgara boshladi. O‘zining fikri, dunyoqarashiga ega mas’ullar faoliyati yuzasidan ma’lumot berishi uning majburiyati ekanini tushuna boshladi.
Bu nafaqat OAV oldida, shu orqali xalq oldidagi majburiyatdir. Xalq to‘lagan soliqlardan oylik oldingmi, xalqning soliqlarini turli loyihalarga ishlatyapsanmi, hisobot, ma’lumot bilan tanishishga odamlar haqli.
Ana shu oddiygina haqiqatga fahmi yetmagan, xalqqa kerak ma’lumotni “bosib yotishga” odatlangan korxona-tashkilot vakillari hali ham bor. Vazirlar, hokimlar OAV oldida hisobot berayotgan hozirgi davrga kelib bu yuqoridagi “amaldorcha”lar yoki ayrim boshqarma vakillari uning tashkilotini tanqid qilgan jurnalistga “Sizga ma’lumot berganim uchun rahmatmi bu?” qabilidagi minnatini qilib turibdi. Ochiqlik to‘g‘risidagi ko‘plab hujjatlar ma’nisini ular tushunmasa ham kerak. Eng qizig‘i, “men ma’lumot berishga majburmasman” degan tushunchadagilar ham bor. Kechirasiz, hech narsani yashirishga haqqingiz yo‘q aslida!
Xuddi shunday toifadagi bir shaxs kecha qo‘ng‘iroq qildi (bu materialni o‘qishini va xulosa chiqarishini bilganim uchun ism-familiyasini bermadim, xulosa chiqaradi deb o‘ylayman).
- Falonchayev sizlarda ishlaydimi? Qayerdan kelib qolgan? Qanaqa odam? Rahmati shumi bizga?...
Ertasi kuni “Falonchayev”ning ham xonasiga kirib vaziyatni to‘liqroq bildim. Xullas, tahririyatimizdagi yosh muxbirlardan biri bu yigit. Ma’lum bo‘ldiki, u boshqarma vakilidan besh kun ma’lumot so‘rab charchagan. Oxirgi kun olgan ma’lumotidan ham ko‘ngli to‘lmagan va o‘zi joylarga chiqib, haqiqiy holat bilan erinmay tanishib chiqqan. Bor holatni yozgan. Bor holat esa boshqarma mas’uliga yoqmagan. Yosh muxbirga bog‘lanib yuqoridagi gapni aytgan...
O‘sha boshqarma vakilining yana bir gapi uning saviyasiga achinishimga sabab bo‘ldi: “Men ma’lumot berishga majburmasman”. Xullas, aftidan hali ko‘plab tashkilot idoralar vakillari OAV va xalq oldida hisobdor ekanini his qilolgan emas. Qilolmasa ham kerak bu dimog‘ bilan. Ularni yo o‘qitish kerak yoki...
Anvar MUSTAFOQULOV.