27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni: Safar Ostonga duo ketgan edi
O‘tgan asrning 80-yillarida vaqtli matbuotda Safar Ostonov imzosi bilan chiqqan har bir maqola hamisha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Bir qarasang uning aralashuvidan so‘ng kimdir ishiga tiklangan, bir qarasang kimningdir uyi qaytarib berilgan, bir qarasang bir fidoyi vrach qamoqdan olib qolingan, kimdir tergovdan so‘ng aybsiz deb topilgan, kimningdir bolasi o‘qishiga qaytgan, kimningdir oilasi tiklangan, kimgadir nafaqa ajratilgan, qaysidir yetimlarni boshpanasiga egalik qilganlar qonun oldida jazoga tortilgan bo‘lardi. U kuchli jurnalist va yurist edi.
Uning har bir chiqishini mamlakat diqqat bilan kuzatar va “Safar Ostonga duo ketgan, u baribir haqiqat qaror topmagunicha qo‘ymaydi” deyishar edi. Rostdan ham u aralashgan ishlar uning muvaffaqiyati bilan, to‘g‘rirog‘i, u himoya qilgan jabrlanuvchining g‘alabasi bilan tugar edi.
Uning maqolalarining natijasi ba’zan yillab kutilar edi. Uyushgan jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan chiqishlaridan so‘ng hayoti xavf ostida qolgan yillar ham bo‘lgan.
Safar Ostonov. Yuzidan nur yog‘ilib turadigan, kichik jussali, katta qalbli, xushmuomala bu odamni hech qachon yolg‘iz ko‘rmaganman. Uning yonida o‘zidan ikkita keladigan basavlat polvonlar, sportchilar, el e’tiboridagi san’atkorlar, yozuvchilar, shoirlar, xullas, mashhur insonlar bo‘lardi.
1989 yil bahor oyi edi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imdan bir avtobus odam Toshkentga Markaziy qo‘mitaga va vazirlar mahkamasiga shikoyat bilan kelishdi. Qishlog‘imizning sodda va beg‘ubor odamlari “Boramizu mehmonxonaga joylashamiz”, deb o‘ylashgan ekan. Bunday payt vallomati ham ularni mehmonxonga joylay olmasdi. Qancha urinmay 31 kishiga mehmonxona topolmadim. To‘rt xonali uyimizga barchasini taklif qilishdan boshqa chora qolmadi. Samarqandning Narpay tumani, “Oq oltin” kolxozidan ayolu erkak aralash ularni Toshkentga yetaklab kelgan muammolar: Narpay raykomining 1-sekretari (o‘sha paytdagi nomi) ga yoqmay qolgani uchun garchi kolxozni katta qarzdorlikdan olib chiqqan, paxta rejasini birinchi bo‘lib bajaradigan, maktab va katta kutubxona qurgan, yo‘llarni asfalt qilgan, mahallalarga ichimlik suv olib kelgan “Oq oltin” kolxozining raisi, barchaga otadek bo‘lib qolgan Abdunazar Ahmedovning nohaq ishdan olinishi-yu o‘rniga kolxozga tegishli qishloqlarni umuman bilmaydigan, muammolarini yechishga aqli yetmaydigan, so‘kong‘ich bir odamni rais qilib tayinlangani ekan.
Qishloqdan kelganlar Markaziy qo‘mitaga va Qishloq xo‘jaligi vazirligiga uchrashishdi, shikoyat arizalarini qoldirishdi va mendan kuchli bir jurnalist topib kolxozga olib borishni iltimos qilishdi.
Hech ikkilanmay Safar Ostonovning huzuriga bordim. Safar aka kabinetida yo‘q ekan. U bilan bir xonada taniqli jurnalist Norqobil Jalilov o‘tirar ekan. “Safar aka bizning kolxozda sodir bo‘lgan nohaqlikni hal qilishga borarmikin, hal qilaolarmikin?”, degan savolimga Norqobil Jalilov “Oddiy va halol odamlarga aziyat yetayotgani, el hurmatiga loyiq rahbar badnom bo‘layotgani aniq bo‘lsa Safar aka albatta boradi va adolatni qaror toptiradi”, dedi.
Safar akani kutdim va o‘sha kuni unga kolxozimizda bo‘lgan holatni gapirib berib, hamqishloqlarim yozib kelgan arizalarni ko‘rsatdim. Xullas, Safar Ostonov Narpayga bordi. U bir hafta Narpayda yurdi. Arizachilar bilan uchrashdi. Ishdan nohaq olingan rais Abdunazar Ahmedov bilan ko‘rishib u amalga oshirgan ishlar bilan batafsil tanishdi. Dalalarga borib qo‘li ishdan sovigan mehnatkashlarning dardiga quloq soldi. Abdunazar Axmedov tashkil qilib, go‘sht va sut yetishtirish bo‘yicha viloyat miqyosida oldinda borayotgan chorvachilik kompleksi ishlarini o‘rgandi. Ikki kun Abdunazar raisdan yaxshilik ko‘rgan nogironlar, kam ta’minlanganlar, rais uylarini ta’mirlatib bergan yakka-yolg‘izlar, undan e’zoz ko‘rgan nuroniylarni qabul qildi.
“Safar Ostonov kelibdi” deb eshitgan Yangi saroy, Xo‘jaqo‘rg‘on, Yovuzxo‘r, Oqota, Ko‘kota, Qarchig‘ay, Totkent, Tevaqo‘rg‘on, Chorbog‘, Haqiqat, Bashandoq kabi qishloqlardan odamlar kelib raisni o‘z o‘rniga qaytishiga yordam berishini iltimos qilishdi. Har bir qishloq oqsoqollari jurnalistga arizalar qoldirib ishonch bildirishdi. Albatta, arizalarni o‘rganish jarayonida Safar Ostonov raykom sekretariga ham, xalqning noroziligiga qaramay kabinetni egallab, tilla tishlarini yaraqlatib mashinasida u yoqdan-bu yoqqa yurgan yangi raisga ham uchrashdi. Oradan bir hafta o‘tib “Turkiston” gazetasida katta maqola chiqdi. Markaziy qo‘mita va qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosalari va Safar Ostonovning maqolasi Samarqand viloyati rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilib xalq hurmat qilgan rais Abdunazar Ahmedov o‘z ishiga tiklandi va nafaqaga chiqqanicha elning e’zozidagi rahbar bo‘lib ishladi.
O‘sha-o‘sha bizning qishloqdagilar Safar Ostonovni qarindoshlaridek yaxshi ko‘rib to‘ylariga, hosil bayramlariga, yubileylariga chaqirishadigan bo‘lishdi. Safar aka ham o‘zi bilan el sevgan san’atkorlarni olib borar, Abdunazar raisning ukasidek barchaga yaqin bo‘lib qolgan edi.
Oliy Majlisga saylovlarda narpayliklar Safar Ostonovni qanchalik hurmat qilishlarini isbot qilishdi. Xalq deputatlari Narpay tumani okrugi Ostonovga eng ko‘p ovoz berdi. Uning deputatlik uchrashuvlari bayramga aylanib ketardi. Hali-hamon narpayliklar u aziz insonni yaxshi xotiralar bilan eslashadi.
***
Taqdirning taqazosi bilan men ishlab turgan “Saodat” jurnali yopilib, qolgan yillarda Safar Ostonov meni o‘zi rahbarlik qilayotgan “Sport” gazetasiga, bo‘lim boshlig‘ligiga ishga qabul qildi. Turli davrlarda, turli nom bilan atalib, o‘zining turg‘un joyiga ham ega bo‘lmagan gazetani “Sport” nomi bilan atab, “Paxtakor” metro bekati yonidagi “Yoshlik” sport arenasidan joy olgan Safar aka gazetaning adadini 70 mingdan oshirishga erishdi. Uning ikki tilda chiqadigan gazetalarida mashhur jurnalistlar bilan birga yosh va iste’dodli muxbirlar ishlashar edi. Gazeta qisqa vaqt ichida eng o‘qimishli gazetalardan biriga aylandi. Har oy oxirida tahririyat viloyatlarga borar, bir avtobus bo‘lib taniqli sportchilar va san’atkorlar, shoir va yozuvchilar katta-katta sport maydonlarida sport bayramlarini o‘tkazar, o‘sha hududlardagi keksa sportchi murabbiylarni to‘rga o‘tkazar, ularni taqdirlar, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatar, duolarini olar edi.
Sport bayramlarining to‘riga ko‘tarilgan keksa polvonlar, chavandozlar, og‘ir atletkachilar-u velosport, suzish, disk uloqtirish, kurashning barcha turlari, voleybol, futbolni rivojiga hissa qo‘shganlarni taqdirlardi.
Safar Ostonov har bir sport bayramiga alohida tayyorgarlik ko‘rar, viloyat rahbarlari bilan bevosita bog‘lanar, ommaviy axborot vositalarini jalb etardi.
Safar Ostonov sport jurnalistikasi bo‘yicha mening ham ustozim edi. Bir kuni marhum “Paxtakor – 79” futbol jamoasiga bag‘ishlangan quyidagi she’rimni Safar aka o‘qib qoldilar.
Ko‘kka uchib ketdi o‘n yetti oqqush,
She’r yozdim, qalamim ko‘z yoshda oqdi.
Eslasam, yig‘ladim shodon kunda ham,
Atrofda odamlar hayrona boqdi.
Men endi o‘ylayman uzun kechalar,
Qorlarni yondirgan qalovlar haqda.
Men endi so‘ylayman, ayni chillada,
Qish chog‘i tug‘ilgan olovlar haqda.
Men endi to‘qiyman o‘n yetti ertak,
Unda bahodirlar qazo bilmasdir.
Dunyoda jamiki ertak tugaydi,
Mening ertaklarim ado bo‘lmasdir...
Shu she’rdan so‘ng Safar aka meni chaqirib “Menimcha, siz uddalaysiz ular haqida esda qolarli asar yozishga. Mayli, u doston bo‘lsin, hikoyalar to‘plami yoki esselar to‘plami bo‘lsin”, dedilar va “Samoga sochilgan yulduzlar” esselar to‘plamini yozishimga turtki berdi.
Marhum futbolchilarning ota-onalari, turmush o‘rtoqlari, farzandlari, qarindoshlari, murabbiylari bilan uchrashishimda menga Safar Ostonov va marhum sport sharhlovchisi, unutilmas inson Axbor Imomxo‘jayevlar yordam berganlar.
Bir kuni Safar akaga “Ayrim futbolchilarning oila a’zolarini topib bo‘lmayotgani, qaysisidir chet elga ko‘chib ketgani, qaysinidir yaqinlari qay manzildaligi noma’lumligini aytdim. Shunda u kishi “Topganingizcha yozing, yo‘qsa hozir borlari ham birin-ketin qariydi va qimmatli ma’lumotlarni ololmay qolishimiz mumkin”, dedi. Men esa “Zo‘rlarni unutib bo‘lmaydi”, dedim. Safar aka “Zo‘rlarni bilgan odamlarni topib yozib qolinmasa kech bo‘ladi. Afsuski, insoniyat tarixida ne-ne zo‘rlar unutilib ketmoqda, yozish kerak, yozishga ulgurish kerak” degan edilar. Bilmadim o‘shanda Safar aka nimalarni xayol qilib aytgan ekan...
“Paxtakor – 79” xotirasiga o‘rnatilgan haykal poyiga har yili 11 avgustda gullar qo‘yishga borganimizda safning boshida turadigan aziz inson Safar Ostonovning bu yil qatorda bo‘lmasligini kim ham o‘ylabdi.
Ha, SAFAR OSTON degan ko‘rkam va olijanob bir inson yashab o‘tdi. U doim o‘zbekning kelishgan, chehrasidan nur yog‘ilib turgan, dono, beg‘ubor, halol, xushchaqchaq yigitlari qurshovida yurardi. U yigitlar uning do‘stlari edi. Ularning har birini hayotida SAFAR OSTONning izi bor edi.
SAFAR OSTON hech qachon baland tovushda gapirmagan, ammo, yozganlari hayqirib turardi. Uning yozuvlari haqiqat uchun izidan qaytmas yo‘lbarsdek na’ra tortardi.
SAFAR OSTON jurnalist sifatida kurash maydonidan hech qachon bosh egib qaytmagan. Uning ovozi halollikni to‘smoqchi bo‘lgan “Xitoy devorlari”ni yiqitar, makr to‘rlarini uloqtirar, tuhmat zindonlarining temir qopqoqlarini bir urib ochar edi.
Chunki u mard edi. Mard keldi va mard ketdi.
Jannatga safaringiz chin bo‘lsin, SAFAR aka!
Zulfiya Mo‘minova,
shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.