Ommaviy axborot vositalari xodimlariga!

 

Yelkangizda og‘ir yuk bor, ikki chandon,

Va ikki yo‘l: biri Vatan, biri vijdon,

Siz - gazetchi, siz - bloger, siz - suxandon,

Barchasiga sadoqatli jurnalistlar!

 

Azal-azal odil so‘zning narxi yo‘qdir,

Adolatning, haqiqatning sharhi yo‘qdir,

Tanqidmidi, tahlilmidi, farqi yo‘qdir,

So‘zda sobit, shijoatli gazetchilar!

 

Tinim yo‘qdir - yigirma to‘rt soatdasiz,

Qayda bo‘lmang, sabru-chidam, toqatdasiz,

Bo‘ronda siz, toshqinda siz, ofatda siz,

Har lahzasi matonatli tasvirchilar!

 

Zo‘r mahorat so‘z bitguvchi barmoqlarda,

Oqar toshib, ne o‘zanu, irmoqlarda,

So‘zin aytur ijtimoiy tarmoqlarda,

Jon ayamas - jasoratli blogerlar!

 

O‘z qadridan ko‘ra ko‘proq Siz qadrli,

Some’ ko‘ngil, ko‘rguvchi har ko‘z qadrli,

Ular uchun bittagina so‘z qadrli,

O‘z kasbiga sadoqatli suxandonlar!

 

Bu zamonning shiddatini daryo derlar,

Qolmas bugun oramizda savol-sirlar,

Sharhlovchilar, muharrirlar, dizaynerlar,

Ko‘z nurini fido qilgan musahhihlar!

 

Qayda bo‘lmang, fidoyilik - mehnatingiz,

El ichinda ardoqdadir zahmatingiz,

Bajo bo‘lsin Haq yo‘linda rahmatingiz,

Ikki dunyo saodatli jurnalistlar!

 

Topgani shon-shavkati ham faxri qalam,

Olami ham, dunyosi ham, shahri qalam,

Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, ahli qalam,

Kasbiga chin sadoqatli jurnalistlar!

 

O‘lmasbek Samarqandiy.