Samarqandda yashagan va ijod qilgan mutafakkirlar
Albatta, siz bu alloma, olim, ulamolar haqida bilasiz, ular hayoti, ijodi, faoliyati haqida ko‘plab kitoblarda o‘qigansiz. Biz quyida ularning biz, avlodlariga qoldirgan ma’naviy merosi haqida muxtasargina ma’lumot berishni ma’qul ko‘rdik.
Imom Buxoriy (810-870) Islom ta’limotiga oid 20 dan ortiq asarlar yozdi. Uning birgina “Al-jome’ as-sahih” asariga 7275 ta hadis kiritilgan. 1998 yil oktyabr oyida buyuk mutafakkir Imom Buxoriyning 1225 yillik tavallud kuni keng nishonlandi. Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi barpo etildi. 4 jildli “Al-jome’ as-sahih” kitobi ilk bor o‘zbek tilida nashr etilib, kitobxonlarga taqdim etildi.
Abu Mansur al-Moturidiy (870-944). Kalom ilmi ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida tug‘ilgan. Al-Moturidiy islomiy odob qoidalari, ma’naviy-axloqiy kamolot sirlaridan ta’lim berishga mo‘ljallangan qator asarlar yozgan. Ulardan “Kitob at-Tavhid” (“Allohning birligi”) va “Ta’vilot ahl assunna” (“Sunniylik an’analari sharhi”) nomli asarlarigina saqlanib qolgan. Ularda diniy ta’limot, islomiy urf-odatlar, insonning kamol topishida dunyoqarashining shakllanish mohiyati talqin etilgan.
Al-Moturidiy 944 yilda Samarqandda vafot etgan. Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlarimiz tiklanayotgan vatanimizda 2000 yil noyabrda Imom al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligi nishonlandi. Samarqandda Moturidiy xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmui barpo etilgan, asarlari o‘zbek tilida nashrdan chiqqan.
Burhoniddin al-Marg‘inoniy mashhur fiqh (huquqshunos) olimi. U 1123 yilda Rishtonda (Farg‘ona vodiysi) tavallud topgan. Al-Marg‘inoniyning eng nodir kitobi to‘rt jildli “Hidoya” asaridir. “Hidoya” islom huquqshunosligi bo‘yicha mukammal asardir.
Bu asar hozirgi kunda ham muhim manba sifatida foydalanib kelinmoqda. Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “Hidoyat yo‘lining sarboni” deya katta hurmat-e’tibor topgan. Burhoniddin valmilla (Islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda al-Marg‘inoniyning tavalludi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg‘ilon shahri markazida Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi o‘rnatildi.
Abu Lays Samarqandiy. Abu Lays kunyasi bilan mashhur bo‘lgan Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy 911 yilda Samarqandda tug‘ilgan, shu yerda shayxulislomlik qilgan. Zamonasining yetuk fiqh va tafsir olimi, fozil va nufuzli kishisi bo‘lgan.
Mir Sayid Baraka. Sayyid Baraka, Mir Sayyid Baraka Amir Temurning piri. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, asli Makka shahridan bo‘lib, Amir Temur bilan dastlab Termiz shahrida uchrashgan.
Xoja Ahror Valiy (1404-1490 yy) XV asr ikkinchi yarmida ijtimoiy-siyosiy, madaniy va tafakkur rivojida muhim o‘rin tutgan. Naqshbandiya tariqatini rivojlantirgan. Hijriy 806 yil ramazon oyida (1404 yil, mart) Shosh – Toshkent hududidagi Bog‘istonda dunyoga kelgan. Ona tarafidan Xoja Ahror mashhur Shayx Xovandi Tahurga borib ulanadi.
Xoja Ahror qalamiga mansub uch risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri — “Faqarot ul-orifin” (“Oriflar so‘zlaridan parchalar”) bo‘lib, unda Xoja Ahrorning va ba’zi boshqa tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. “Volidiya” deb nomlangan ikkinchi risolasini Xoja Ahror o‘z otasi iltimosiga ko‘ra yozgan. Unda tariqat yo‘liga kirgan kishining axloq-odobi, faqr va fano tushunchalari haqida so‘z boradi. Bu risola o‘z davrida mashhur bo‘lib, Jomiy va Alisher Navoiylar u bilan yaqindan tanishganlar. Zahiriddin Muhammad Bobur esa uni forsiydan o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilgan. Uchinchi risola “Havroiyya” deb atalib, mashhur mutasavvuf shoir Abu Sa’id Abulxayrning ushbu “Havro” (“Hurlar” yoki “Farishtalar”) so‘zi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bag‘ishlangan.
Xoja Ahror Valiy 1490 yilda vafot etgan va Samarqandda dafn etilgan.
Ali Qushchi (1404-1474 yy) XV asrda ilmiy faoliyat ko‘rsatgan faqih, matematik va astronom olim. Uning to‘liq ismi – Alouddin Abulhasan Ali ibn Muhammad Samarqandiy edi.
Alloma 806/1404 yili Samarqandda tug‘ilgan. Otasi Mullo Muhammad temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lib, ko‘p vaqt Shohruh (1409-1447) saroyida xizmat qilgan. U ov qushlariga qaraydigan xodimlarga boshliq bo‘lgan. Ali Qushchi otasi singari yoshligidan ovga qiziqadi, Ulug‘bekning qarchig‘aylarini tarbiya qiladi va nihoyat mohir ovchi bo‘lib yetishadi. Shuning uchun ham Muhammad Qushchining o‘g‘li Ali “Qushchi” degan laqab bilan tanilgan.
Ali Qushchi Samarqand madrasasini bitirgach, Ulug‘bekning ruxsati bilan bir necha yil Eronning Kirmon viloyatida istiqomat qildi va ijod etdi. Bu yerdagi olimlar va shoirlarning ilmiy majlislarida ishtirok etib, ko‘pgina kitoblarni mutolaa qildi, sharhlar va mustaqil asarlar yozdi.
Uning «Risolai fathiya», «Risolai Muhammadiyya», «Tarixi hoqoni Chin», «Risolai mufradiyya», «Sharhi risola al-fiqh», «Risolatu fi mavzu’ot ul-ulum», «Mahbub ul-hamoyil fi kashf ul-masoyil» kabi ilmiy asarlari mashhur. Hijriy 879 (milodiy 1477) yili Istanbulda vafot etgan va Abu Ayyub Ansoriy qabristoniga dafn qilingan.
Alisher Navoiy (1441-1501 yy). Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti - hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ildi.
Alisher Navoiy Samarqandda 1465 yildan 1469 yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida o‘qib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. O‘zidan juda katta ma’naviy-madaniy meros qoldirdi.