Viloyat hokimining birinchi o‘qituvchisi kim?
Har bir insonning xat-savod chiqarishi, dunyoqarashi shakllanishi, shaxs sifatida yuzaga chiqishida ustoz-muallimlarning xizmati katta. Bugun jamiyatda, xalq orasida obro‘ qozongan rahbarlar, yuqori martabaga ega mashhurlar ham ilk saboqni muallimdan olgan. Xo‘sh, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovni boshlang‘ich sinfda kim o‘qitgan, hokim ilk tahsilni qayerda olgan?
Qo‘shrabotlik Bo‘riboy Tovboyev Chimmos qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqdagi 57-umumta’lim maktabida ta’limni olgan. So‘ngra o‘zi ham o‘qituvchi bo‘lib
33 yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars bergan.
“Ikki xonada to‘rtta sinf o‘quvchilari o‘qirdi”
– 1955 yil Chimmos qishlog‘idagi 57-maktabning birinchi sinfiga o‘qishga borganman, - deydi otaxon. – Boshlang‘ich sinfda o‘zi ikkita xona bor edi, lekin to‘rtta sinf o‘quvchilari ikki navbatda o‘qirdik. O‘sha vaqtlarda rahmatli Alim Hoshiyev va Jo‘liboy Shakarov ustozlarimiz o‘qitgan bizni. Shu davrdagi hayot, maktablardagi sharoit va muallim bo‘lish orzusi sababli bir nechta maktabda tahsil olishimga to‘g‘ri kelgan. Boshlang‘ich sinfni bitirgach, biz yashaydigan qishloqdan ancha uzoqda joylashgan Qo‘rg‘on qishlog‘idagi maktabda tahsil oldim. 1960 yilda o‘zimizning Chimmos qishlog‘ida yangi ochilgan maktabda o‘qidim. Keyinchalik Jo‘sh qishlog‘idagi 56-maktabga o‘qishim ko‘chdi va 1966 yilda 11-sinfini bitirdim.
Maktabni bitirib, Kattaqo‘rg‘ondagi pedagogika texnikumiga o‘qishga kirdim. Texnikumda bir yil o‘qiganimdan keyin armiyaga olib ketishdi. Armiyada ikki yil xizmat qilib qaytgach, texnikumdagi o‘qishni davom ettirdim va 1973 yilda bitirdim. Bir necha marta oliygohga o‘qishga kirolmadim. Chimmosdan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Nurota rayonidagi Qovunchi qishlog‘idagi maktabda ikki yil, 45-maktabda bir yil va 64-maktabda 20 yil boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berdim. Keyin 1994 yildan pensiyaga chiqqunga qadar 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishladim.
Shogird degani hokim, o‘qituvchi, quruvchi, tadbirkor... bo‘lsa
Besh o‘g‘il, ikki qizning otasi, o‘n olti nevaraning suyukli bobosi Bo‘riboy ota farzandlarini oliy ma’lumotli, uyli-joyli qilgan. Shogirdlari orasida hokim, o‘qituvchi, quruvchi, tadbirkor, fermer, xalq qabulxonasi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
- Shogirdlarimning aksariyati oliy ma’lumotli, turli sohalarda ishlaydi, - deydi Bo‘riboy Tovboyev. - Tumandagi 64-maktabda ishlagan vaqtlarim viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshlang‘ich sinfga kelgan edi. Tarbiyasi, bilimi, xarakteri bilan boshqa o‘quvchilardan ajralib turardi. A’lo boholarga o‘qirdi, har yili faxriy yorliqlar olardi. Mana, mehnatlari besamar ketmadi, viloyatni boshqaryapti. Erkinjon va boshqa shogirdlarim meni doim yo‘qlab turadi, ayniqsa, har bayramda kelib tabriklaydi. Shogirdlarimning jamiyatdagi o‘rni, erishayotgan yutuqlari va menga munosabatidan mamnunman. Yaqinda o‘quv yili boshlanishi oldidan Erkinjon bilan dildan suhbatlashdik, maktab davrlarini esladik. Ishlarining rivojini bersin.
“Mehnatlarim e’tirof etilganidan xursandman”
Bo‘riboy ota ta’lim sohasi fidoyisi, jonkuyar ustoz. Hozir ham mahalla yoshlariga o‘zining ibratli hayoti, boy tajribasi bilan o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Muallimning ko‘p yillik mehnatlari inobatga olinib, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
- Umrimni yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishladim, bu mehnatlarim e’tirof etilganidan xursandman, - deydi Bo‘riboy Tovboyev. – Hozir o‘qiyman, ishlayman, deydiganlar uchun yurtimizda barcha sharoit yaratilgan. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish kerak. Mehnat qilgan, izlangan, o‘z ustida ishlagan odam kam bo‘lmaydi, el orasida obro‘ topadi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.