Melixo‘ja, Qiyot, Go‘zalkent, Tepaqul
Viloyatimizdagi ushbu mahallalar «Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla» mezonlari asosida obodonlashtiriladi
Respublikamiz Prezidentining har bir hududdan viloyat sektorlari kesimida har chorakda bittadan «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlari joriy etish haqidagi topshirig‘iga asosan 2024 yilning birinchi choragida viloyatimizda to‘rtta mahalla obodonlashtiriladi. Bular – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Melixo‘ja, Ishtixondagi Qiyot, Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent, Toyloq tumanidagi Tepaqul mahallalaridir.
Aynan ushbu tizim asosida 2023 yilning sentyabr-dekabr oylarida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi, Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy, Past Darg‘omdagi Olti qahramon hamda Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on mahallalarida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Melixo‘ja mahallasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar viloyatning birinchi sektori zimmasida. Shu bois viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur mahallada bo‘lib, ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlarini tahlil qildi. Hududdagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlari va yo‘llar holatini ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, besh mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Melixo‘ja mahallasi viloyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir aholi punktlari toifasiga kiritilgan. Hokimlik ishchi guruh tomonidan hududdagi to‘rtta qishloqda mavjud muammolar aniqlandi. Jumladan, mavjud 38 ta ichki ko‘chadan 30 tasi ta’mirga muhtoj. Uchta markaziy ko‘chada 12 kilometr yo‘l asfaltlanishi kerak. 35 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizish talab etiladi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi masalalari bo‘yicha ham bir qator muammolar mavjud. Eski simyog‘och va transformatorlarni almashtirish, ikkita suv minorasini ta’mirlash va ikkita yangisini qurish, shuningdek, 19 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortish zarur. Bu orqali 920 xonadonning uzoq yillik muammosiga yechim topiladi.
Erkinjon Turdimov 103-maktabda mavjud sharoit bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etib, vaziyatni o‘nglash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Qolgan uchta maktabda ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi. Ta’lim muassasalarining kutubxonalariga 1000 tadan yangi kitoblar berildi va kitob fondi boyitilishi aytildi.
E.Turdimov shu yerda hududda amalga oshiriladigan qurilish-obodonlashtirish ishlarini mutasaddi idoralar, viloyat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida muhokama qildi.
– Infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hokimlik va tegishli tashkilotlar bajaradi, buning uchun mablag‘ ham ajratamiz, - dedi E.Turdimov. – Maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Lekin faqatgina shu bilan hudud obod bo‘lib qolmaydi. Avvalo, aholining turmush tarzini o‘zgartirish, madaniyatini oshirish lozim. Obodlik ko‘ngildan, xonadondan boshlanadi. Har bir xonadonda yashash uchun qulay sharoit yaratilishi, sog‘lom turmush tarzi qaror topishi kerak. Buning uchun odamlar uyg‘onishi zarur. «Qishloq sharoitida bo‘laveradi», degan tushunchaga barham beramiz. Kerak bo‘lsa, har bir oilaga kirib, ularni yaxshi yashashga, buning uchun harakat qilishga o‘rgatamiz. Mahalladagi aksariyat tomorqalardan foydalanilmagan, qarovsiz holatda. Vaholanki, bu qishloq odamlarining asosiy daromad manbai. Odamlarga zarur vositalar, ekin urug‘lari berish, tomorqalarda issiqxonalar qurish va kredit ajratish orqali ularni yerdan bir necha marta hosil olishga, shu orqali daromad qilishga o‘rgatishimiz lozim.
Viloyat hokimi hududda aholining, xususan, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va sayr qilishi uchun sharoit yaratishga ham e’tibor qaratib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.