Munosabat o‘rnida

Bugun Zarnews.uzning telegram kanalida “Muammo yashirilishi emas, hal qilinishi kerak” sarlavhali maqolaga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan munosabat bildirilgan.
Unda kecha Samarqand shahar, Qorasuv massivida elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lganligi va bunday uzilishlar Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazida, oradan ko‘p o‘tmasdan Ishtixon tumanida ham kuzatilganligi bayon qilingan.
Bugungi kunda viloyatdagi iste’molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan 0,4-6-10 kV havo elektr uzatish va kabel tarmoqlari hamda transformator punktlari orqali elektr energiyasi yetkazib beriladi. Mazkur tarmoqlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari, avariyali uzilishlar haqida filialning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ma’lumotlar muntazam berib borilmoqda.
Xabaringiz bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-iyundan boshlab, 35-110 kV kuchlanishli podstansiya va elektr uzatish tarmoqlari “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filiali balansiga o‘tkazilgan. Kuni kecha mazkur korxona balansida bo‘lgan 110 kV kuchlanishli “Margo-1” havo elektr uzatish tarmog‘ida texnik nosozlik yuzaga kelganligi sababli Samarqand shahri Qorasuv massividagi ayrim hudud iste’molchilarida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lgan.
Mazkur texnik nosozlik tezkor bartaraf etilib, elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Bundan tashqari, “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filialiga qarashli “L-Zarmitan” va “L-Ishonch” 110 kV elektr uzatish tarmoqlaridan Ishtixon tumani, Ko‘tarma mahallasi hududida yangi qurilgan “Ko‘tarma” podstansiyasiga tarmoq tortish va ulash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilganligi bo‘yicha bir kun oldin Ishtixon va Qo‘shrabot tuman hokimliklarining hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialining telegram kanallari orqali xabar berilgan, deyilgan munosabatda.