Samarqand va Shinjon-Uyg‘ur hamkorligi rivojlanadi
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni (ShUAR) Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va ShUAR Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyazning uchrashuvida keyingi yillarda mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga turtki berayotgani ta’kidlandi.
– Davlatlarimiz rahbarlarining qat’iy irodasi, O‘zbekiston va Xitoy strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan faol siyosati natijasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan hamkorligimiz kengayib bormoqda, – dedi E.Turdimov. – O‘tgan yil ShUAR rahbariyatining viloyatimizga tashrifi, shuningdek, joriy yil boshida bizning Shinjonga safarimiz ikki tomonlama munosabatlarimizda yangi sahifalar ochdi, desam xato bo‘lmaydi. Sizning Samarqandga bu galgi tashrifingiz ham yaqinda Urumchida imzolangan Samarqand va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida do‘stona hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sheriklik bitimining amaliy natijasi deb bilaman. Ishonamanki, Siz boshchiligingizdagi delegatsiya bilan bugungi uchrashuv va ikki mintaqa tadbirkorlarining biznes-forumi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligimizda yana bir muhim qadam bo‘ladi.
O‘z navbatida ShUAR Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz samimiy qabul va yuksak mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, delegatsiya ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash niyatida Samarqandga katta maqsadlar bilan kelganini ta’kidladi.
– Avvalo, kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlarimiz juda samarali bo‘lganini ta’kidlashni istardim, – dedi Erkin Tuniyaz. – Ana shu muloqotlardan ruhlanib, Samarqandga kelib, bu yerda ham iliq va samimiy munosabatni his qildim, Registonga borib qadimiy va mushtarak tariximizga guvoh bo‘ldim. Biz Samarqandga ShUAR va mintaqalar rahbariyati, savdo-iqtisodiy aloqalarga mas’ullar qatorida yirik kompaniya va yetakchi tadbirkorlardan iborat ellikdan ortiq ishbilarmonlar bilan birga kelganmiz. Oldimizga aniq maqsad qo‘yilgan – Samarqand bilan savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni izchil rivojlantirish, hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqchimiz.
Uchrashuvda Samarqand va ShUARda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm sohalarida mavjud imkoniyatlar va ulardan foydalanish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Erkinjon Turdimov Xitoy tomoniga viloyatning Paxtachi tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish, Nurobodda kimyo sanoati bo‘yicha hamkorlik qilishni taklif qildi. Payariq tumanida esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jalik mahsulotlari laboratoriyasi tashkil etishga zarurat borligini qayd etdi. Shuningdek, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonining paxta yetishtirishdagi ilg‘or tajribasini inobatga olib, paxta urug‘chiligi va seleksiyasi bo‘yicha ularning tajribasidan foydalanish istagida ekanligini bildirdi.
ShUAR Xalq hukumati raisi bu takliflarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, shu yerning o‘zida mas’ullarga topshiriq berdi va xitoylik tadbirkorlarni ushbu yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirishga da’vat qildi. Samarqandlik tadbirkorlarni shu yilning iyun oyida Urumchida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Ekspo Xitoy-Yevroosiyo” ko‘rgazmasiga taklif qildi. Shuningdek, Samarqand bilan turizm sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Erkin Tuniyaz Urumchi va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi aviqatnovlarni ko‘paytirish hamda Qashqar va Samarqand yo‘nalishini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Uchrashuvdan so‘ng Samarqand va Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni mintaqalari rahbarlari va tadbirkorlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi.
Forum avvalida Erkinjon Turdimov va Erkin Tuniyaz ikki mintaqaning iqtisodiy salohiyati, mavjud resurslar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi hamda tadbirkorlarni muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilishga chorladi. Ularning biznes faoliyati mintaqalar rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, huquqiy kafolatlar berilishi aytildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston va Shinjon o‘rtasida mintaqaviy savdo iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhi tuzish to‘g‘risida, tommat pastalari ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha va boshqa ko‘plab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Biznes-forumda viloyatimizning investitsion salohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi, ShUAR taraqqiyot va islohot qo‘mitasi hamda Urumchi shahar rahbariyati, Samarqand viloyati tajribasi asosida rivojlantirilayotgan Nukus tumani hokimligi tomonidan va yana bir qator yirik kompaniyalar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbirkorlarning B2B formatdagi uchrashuvlari uyushtirildi.