Iqtisodiy barqarorlik aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari bosh muharriri savollariga javoblari
– Erkinjon Oqbo‘tayevich, 2024 yilning ham dastlabki oyi ortda qolmoqda. Odatda bu paytda o‘tgan yil natijalari sarhisob qilingan holda, yangi yil rejalarini amalga oshirishga kirishiladi. Hududlar, tarmoqlarda bu jarayon boshlandi ham. Viloyat rahbari sifatida 2023 yil natijalaridan qoniqdingizmi va shundan kelib chiqib, 2024 yil uchun qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi?
– E’tibor bergan bo‘lsangiz, 2023 yilning dekabr oyida va yangi yilning dastlabki oyida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz hayotining muhim sohalari bo‘yicha yig‘ilishlar, muhokamalar o‘tkazilib, yil sarhisob qilindi va 2024 yil uchun vazifalar belgilab berilmoqda. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, energetika sohasini isloh qilish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga erishish va boshqa masalalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ayni shu jihatlar ustuvor bo‘ldi. Yaqinda Xavfsizlik kengashining navbatdagi majlisida ham nafaqat mamlakat mudofaa va harbiy sohasi, balki iqtisodiyot, xalq turmush farovonligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Demoqchimanki, o‘tgan yil natijalarini atroflicha tahlil qilgan holda, yangi yil rejalarini belgilab olganmiz, oldimizga juda katta maqsadlar qo‘yilgan.
Viloyat rahbari sifatida esa o‘tgan yil natijalari yil boshida qilgan niyat va amaliy ishlarimizga yarasha bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qaysi soha yoki tarmoq mas’ullari, tuman va shaharlar hokimlari zimmasidagi mas’uliyatni his qilib ishlagan, dasturlar ijrosiga jiddiy e’tibor qaratgan bo‘lsa, o‘sha sohada yoki hududda o‘sish-rivojlanish kuzatildi, xalq turmush darajasi oshdi. Aslida ham barcha harakat va maqsadlarimiz viloyatimiz rivoji, xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan.
Fikrlarimni ayrim raqamlar bilan asoslasam. O‘tgan yilning dastlabki natijalari viloyatimiz yalpi hududiy mahsuloti 74,2 trillion so‘mdan oshishi yoki 105,2 foizga bajarilishini ko‘rsatmoqda.
Umumiy qiymati 2 milliard 34 million dollar bo‘lgan 1876 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 28 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Eksport hajmi 600 million dollarga yetdi.
Mahalliy byudjet daromadlari 4 trillion 451 milliard so‘mga bajarilib, qo‘shimcha 301,5 milliard so‘m mablag‘ tushirishga erishildi. Ushbu mablag‘ hisobidan ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirish, hududlarni obod qilishda samarali foydalanildi.
Bandlik dasturiga ko‘ra, 491 mingdan ortiq aholi o‘z ish joyiga ega bo‘ldi. Yil davomida 7300 dan ortiq kichik biznes sub’yektlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 55 mingtaga yetdi.
O‘tgan yil natijalari tahlili va oldimizda turgan vazifalardan kelib chiqib, bu yil yalpi hududiy mahsulot hajmini 87,8 trillion so‘mga yetkazishni, 3 milliard 10 million dollarlik 2048 ta investitsiya loyihasini ishga tushirishni maqsad qilganmiz. 855,6 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtiriladi. Eksport hajmi 624,2 million dollarga yetkaziladi.
Bu yil viloyatda sanoatni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi va uning filiallarida, tuman va shaharlardagi kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat zonalarida istiqbolli loyihalarni joylashtirgan holda eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishga ustuvor ahamiyat beriladi. Shuningdek, IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Bu – bugungi taraqqiyot, zamon talabi. Ushbu sohalarda intellekt, yoshlarimizning aql-zakovati bilan yuqori natijalarga erishish, yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin.
Viloyatimiz iqtisodiyotida keyingi yillarda sanoatning ulushi oshib borayotgan bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi yetakchi tarmoq hisoblanadi. Sohada ishlab chiqarishni ko‘paytirish va sanoatlashtirish darajasini oshirish asosiy maqsadlarimizdan hisoblanadi. Lekin keyingi yillarda suv ta’minoti dolzarb masalaga aylanmoqda. Shuning uchun bu yil suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 2,5 ming kilometrdan ortiq kanal, ariq-zovurlarni betonlashtirish, shuningdek, 54,8 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Buning natijasida 155 million kub metr suv iqtisod qilinadi.
Umuman, o‘tgan hafta davlatimiz rahbari tomonidan makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash hamda investitsiya, eksport va sanoat sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishlarida joriy yilda oldimizda turgan vazifalar aniq belgilab berildi. Shu asosda, viloyatni har tomonlama rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz.
Katta, salohiyatli viloyatga aylandik. Aholimiz soni 4 milliondan oshdi. Shuncha aholining oziq-ovqat ta’minoti, uy-joy bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal etish zarur. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq dastur va rejalarimiz bor va bu orqali viloyatimiz aholisiga munosib turmush sharoiti yaratishga intilyapmiz.
– O‘tgan yil dekabr oyida hokimlar va bir guruh tadbirkorlar bilan Xitoyga amalga oshirgan ishchi tashrifingiz yil rejalariga qanchalik ta’sir qildi?
– Nafaqat Xitoy, balki boshqa davlatlarga tashriflarimiz ham o‘rganish, tajriba almashish va viloyatimizga investitsiya olib kelish uchun qulay imkoniyat bo‘lmoqda va bu albatta, rejalarimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning xorijiy davlatlar bilan hamkorlik siyosatida mintaqalar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Shuning uchun har bir tashrif doirasida xorijda va yurtimizda biznes-forumlar, mintaqalar rahbarlarining uchrashuv va muloqotlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. Jumladan, Xitoy bilan ham ana shunday hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani biz uchun manfaatli bo‘lmoqda.
Xalqimizda «Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil», degan naql bor. Men uni zamonaviy shaklda «yana birni ko‘rib zikr qil», deb davom ettirishni istardim. Chunki tajriba, biz istaymizmi-yo‘qmi, amaliyotdan keladi. Bundan tashqari, rivojlangan davlatlar tajribasi biz uchun doimo ibrat. Shuning uchun davlatmiz rahbarining o‘zi qaysi yurtga bormasin ilg‘or xorij tajribalarini sinchiklab o‘rganmoqda va uni bizlarga puxta o‘rganishni, chet ellik, bozori bor sarmoyadorlarni mamlakatimizga jalb etish topshirig‘ini bermoqda.
Bu tashrif beiz ketmadi, samarali bo‘ldi. Umumiy qiymati 5,1 milliard dollarlik 267 ta loyiha bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ushbu loyihalarning aksariyati 2024 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Har bir kelishuv bo‘yicha shahar va tuman hokimlari mas’ulligida ishlar tashkil etilib, loyihalarni amalga oshirish yuzasidan xitoylik hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatilgan.
Tashrif davomida meni qiziqtirgan e’tiborli jihat Xitoy davlatining yoshlarni zamonaviy texnologiyalarga o‘rgatishi bo‘ldi. Yoshlarning ishtiyoq bilan ilm, texnologiya o‘rganayotganini ko‘rdim. Lekin ularga dunyoning turli davlatlaridan kelgan yetuk mutaxassislar dars beryapti. Yoshlarga imkoniyatlar ham yaratilgan.
Xabaringiz bor, biz ham Nurobodda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda shunday markaz yaratganmiz. Yaqinda bu markaz faoliyati davlatimiz rahbari tomonidan ham e’tirof etildi va butun respublikada ushbu tajribani joriy etish belgilandi. Endi Samarqand shahri markazida, ko‘p qavatli ma’muriy binoning besh qavatini ana shunday iqtidorli yoshlarga bermoqchimiz.
Bugun dunyodagi iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlar orasida yetakchilik qilayotgan Xitoyning aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini taraqqiy ettirish bo‘yicha tajribasi bizga juda qo‘l kelmoqda.
– Umuman, o‘zimizdagi va Xitoy mintaqalari boshqaruvida qanday o‘xshashlik va farqli jihatlar, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan tajribalar bor? Ularni o‘zimizda qo‘llash mumkinmi?
– Xitoy davlati va mintaqalari kommunistik partiya boshqaruvi tizimiga asoslangan. Ya’ni, bizning boshqaruv tizimimizdan tubdan farq qiladi. Lekin bir necha bor safarlarim davomida shunga amin bo‘ldimki, bu xalq, ayniqsa, mas’ul shaxslar qaysi sohada ishlashidan qat’iy nazar avvalo, vaqtdan unumli foydalanadi, bir daqiqa vaqtini ham zoye ketkazmaydi, zimmasiga yuklangan vazifani sidqidildan bajarishga intiladi. Tartib-intizom juda kuchli va buning natijasida barcha sohalarda ish unumdorligi o‘ta yuqori.
Korxonalarda rahbardan tortib ishchi va xizmatchilargacha o‘sha korxona ramzi tushirilgan maxsus kiyimlarda ishlashadi, boshqaruv tizimi, rahbar va xodim munosabatlari yuksak madaniyat, qat’iy tartib-qoidaga asoslangan.
Raqamlashtirish va avtomatlashtirish yuqori darajada – yo‘l harakati nazorati, qo‘riqlash va xavfsizlik xizmati videokamera bilan integratsiya qilingan. Inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Barcha to‘lovlar, buyurtmalar, sub’yektlar faoliyati to‘g‘risida ma’lumot olish va aloqalar yagona elektron ilova We Chat orqali bajariladi.
Xalqning o‘ziga xos an’analari, milliy qadriyatlar e’zozlanadi. Oilaviy muhitda ham, mehnat jamoalarida ham bu qadriyatlar ustuvor ahamiyatga ega.
Albatta, bizning boshqaruv tizimimiz, rahbar va xodim munosabatlarida o‘ziga xos qadriyatlar mavjud. Lekin tartib-intizom, maqsadga erishish yo‘lida tinimsiz izlanish va ishchanlik borasida xitoyliklardan ko‘p narsa o‘rgansak bo‘ladi.
– O‘tgan yil davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro tadbirlar, oliy darajadagi uchrashuvlarda ishtirok etish, shuningdek, viloyatdagi islohotlar jarayonlari bilan tanishish uchun bir necha marta viloyatimizga tashrif buyurdi. Albatta, har bir tashrifda ma’lum vazifalar, topshiriqlar beriladi. Ularning ijrosi qanday kechdi?
– Haqiqatan ham o‘tgan yil davlatimiz rahbari bir necha bor viloyatimizga kelib, garchi tashriflar turli maqsadlarda bo‘lsa-da, Samarqandni yanada rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish yuzasidan bir qator vazifalarni belgilab berdilar. Bu topshiriqlarning har biri bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2023 yil 24 avgust kungi tashrif va shu kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan 100 ta topshiriq berilgandi. Bu topshiriqlarning 81 tasi respublika vazirlik va idoralar, 19 tasi bevosita viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari hamda boshqarma va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi lozim. Bugungi kungacha ijro muddati kelgan 80 ta topshiriqning 71 tasi bajarilgan, 9 tasi amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oqdaryo tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif davomida maktablarda o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish bilan bir qatorda, ikkita xorijiy til va kamida bitta kasb-hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish vazifasi berilgandi. Biz har bir tuman va shaharda o‘ntadan maktabda ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgandik va hozirda bu vazifa bajarilmoqda. Barcha tuman va shaharlarda, hozircha, kamida bittadan maktabda 10-sinfdan boshlab o‘quvchilar kasbga o‘rgatilmoqda.
Viloyatdagi 129 ta maktabga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan elektron interaktiv doska yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Samarqand tumanida «Nurli kelajak ishonch servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan «AVTO MALL SAMARQAND» savdo majmuasi foydalanishga topshirildi. Sanoat va servis majmuasi qurilishi ham yakuniga yetmoqda.
Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Samarqand shahridagi «Aziya metall prof» mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa yana ikkita yirik loyiha ishga tushirilmoqda.
Tashrif davomida Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 250 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo‘yilgandi. Mazkur topshiriq ijrosiga kirishilib, 2024 yil arafasida mazkur stansiya tarmoqqa ulandi.
Prezidentimiz yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasining qurilish-pardozlash ishlari yuzasidan ham zarur ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi. Ayni paytda quruvchilar tomonidan bu vazifalar ham bajarilmoqda.
– 2025 yilda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi ilk bor Parij shahridan tashqarida, aynan Samarqandda o‘tkazilishi belgilandi. Bu mamlakatimiz diplomatiyasining o‘ziga xos muvaffaqiyati deb baholanmoqda. Mazkur anjumanning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun faxr va yuksak mas’uliyatdir. Tadbirga respublika rahbariyati boshchiligida hozirlik ko‘rilsa-da, forumga Samarqand mezbonlik qiladi. Shu jihatdan biz uchun bu nufuzli forumning mas’uliyati va ahamiyati nimada?
- BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKOga hozirgi kunda 193 ta davlat a’zo. Uning bosh konferensiyasi sessiyalari qariyb 40 yildan buyon faqat Parijda o‘tkaziladi. 2025 yilda esa bu konferensiya sessiyasini birinchi marta boshqa shaharda, ya’ni Samarqandda o‘tkazish belgilandi. Albatta, bu global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi.
Tashkilotning bunday qarorga kelishi keyingi yillarda Samarqandning yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanib borayotgani, ko‘plab nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilayotgani va xalqaro tadbirlarning yuksak saviyada o‘tayotgani bilan bog‘liq, albatta.
Jumladan, o‘tgan yili Samarqandda 40 dan ortiq xalqaro forum va sammitlar, tadbirlar o‘tkazildi, bir nechta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. 130 dan ortiq davlat va o‘nlab xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Butunjahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqandda o‘tkazildi.
Bu tadbirlarning har biri biz uchun maktab bo‘ldi. Xalqaro anjumanlarni tashkil etish, mehmonlar va turistlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish hamda shu orqali sayyohlikni rivojlantirishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligini angladik.
YuNESKO BMTning eng ko‘p mamlakatlarni o‘z atrofida to‘plagan yirik xalqaro tashkilotlaridan biri hisoblanadi. BMTga a’zo davlatlarning deyarli barchasi mazkur tuzilmaning ham ishtirokchisi sanaladi. Shu nuqtai nazardan tashkilotning Samarqanddagi sessiyasida bu davlatlardan vakillar, fan, ta’lim, madaniyat, turizm sohalari mas’ullari ishtirok etadi. Biz ularga nafaqat tarixiy-madaniy yodgorliklarimizni, balki milliy madaniyatimiz, o‘ziga xos an’ana va qadriyatlarimiz, yuksak turmush madaniyatimizni ham ko‘rsatib bera olsak, yurtimizda turizm rivojiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Biz ayni paytda tadbirga tayyorgarlikni boshladik. Albatta, bu jarayonda davlat tomonidan bajariladigan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Shu bilan birga har bir samarqandlik bunga hozirlik ko‘rishi, o‘zi mas’ul, deb bilishi lozim.
Shu o‘rinda viloyat ahliga ham dilimda aytadigan gapim bor. Sayyohlarning oqimi bizga daromad keltiradi, ularga xizmat ko‘rsatish hajmi kengayadi, ko‘pchilik ishli bo‘ladi. Demak, biz bu imkoniyatni qo‘ldan bermasligimiz kerak. Yangi marshrutlar ochish, xizmat saviyasini oshirishga hissa qo‘shaylik. Uyimiz, hovlimiz, ko‘chamizni ozoda tutishga intilaylik. Sayyohlik rivojlangan davlatlardagi tajribalarni o‘zimizga olib kiraylik.
– Samarqand shahrida keyingi yillarda infratuzilma ancha takomillashdi, lekin bu borada hali tumanlarda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Bu yil qaysi hududlarda bu masalaga ko‘proq e’tibor qaratiladi?
– Infratuzilma deganda biz bir kishi yoki bir ishbilarmon emas, balki barchaga yaratiladigan sharoitlarni tushunishimiz kerak. Hech qaysi davlatda infratuzilmani davlat yaratib bermaydi, odamlar o‘zlari kelishib, har kim o‘ziga tegishli ishni qiladi. Davlat tomonidan bizda yo‘l, elektr liniyasi o‘tkazib beriladi.
- Masalaning mohiyatini sal kengroq sharhlab bersangiz...
- Masalan, yo‘l yoqasida birorta idora joylashgan. Amaldagi qonunlarda shu idora ma’muriyati bino atrofini ozoda tutishi, yo‘lakni buzmasligi, idora oldidan o‘tuvchi ariqdan suv oqib turishini ta’minlashi ko‘rsatilgan. Lekin kim ana shu talabni o‘rtaga tashlayapti. Aholining ham o‘z hovlisini asrashi yuzasidan mas’uliyati aniq, lekin buni ham hech kim so‘ramayapti.
Bir misolni aytay. Yaqinda biz bilan Xitoyga borgan rahbarlardan biri fermer hududidagi saranjomlik va ariqlar tozaligini ko‘rib, hudud rahbarlariga «Mana shu tartibni qanday amalga oshiryapsizlar?», deb so‘rabdi. Ular esa «Nima uchun uni biz uyushtirishimiz kerak, fermer nizomida ariqni tozalash, hududni ozoda saqlash majburiyati yozilgan, agar u buni bajarmasa, yeri olib qo‘yiladi yoki katta jarima to‘laydi», debdi. Biz ham odamlarda ana shu nuqtai nazarni shakllantirishimiz kerak.
Yoki «Tashabbusli byudjet» tizimini olaylik. Joylardagi eng dolzarb, muhim masalalarni o‘sha hududning aholisi tashabbus bilan olib chiqib, buning uchun mablag‘ ajratilishiga erishyapti-ku. Mazkur loyihada muntazam qatnashib, yo‘l, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarini hal qilgan, ta’lim va tibbiyot muassasalarini jihozlagan mahallalarni ko‘rdim. Odamlarning o‘zi hayotini o‘zgartirish, o‘z turmushi farovonligini ta’minlash uchun harakat qilyapti, ya’ni ular tashabbus ko‘rsatyapti, mablag‘ davlat tomonidan ajratilyapti. Bu hudud aholisini hamjihat qilyapti, obodlik uchun birgalikda harakat qilishga undayapti. Muhimi, aholi o‘zlari harakat qilib, tashabbus ko‘rsatib erishgan obodlikni asrab-avaylashni ham, qadrlashni ham o‘rganyapti.
Yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchiman. Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan tumanlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir hududlar «Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla» mezoni asosida obodonlashtirilib, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. O‘tgan yil Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om va Narpay tumanlaridagi bittadan mahalla obod qilindi. Uch oy ichida bu mahallalardagi yo‘l, kommunal soha bilan bog‘liq muammolar hal etildi, ta’lim va tibbiyot muassasalari ta’mirlandi, aholi xonadonlarigacha obod etildi. Bu ishlarda aholining o‘zi ham faol qatnashdi va yangicha sharoitda turmush kechirishga o‘rgandi.
Joriy yilda ushbu tizim sektorbay yo‘lga qo‘yiladi va har chorakda bittadan mahalla shu tartib bo‘yicha obod qilinadi. Ayni paytda viloyatning to‘rtta sektoridagi to‘rt hududda – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Melixo‘ja, Ishtixondagi Qiyot, Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent va Toyloq tumanidagi Tepaqishloq mahallasida amaliy ishlar boshlandi. Har bir mahallada sektor va mutasaddi tashkilotlar vakillari xatlov o‘tkazib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab oldi. Shu asosda yo‘l xaritalari tasdiqlanib, yumushlarga kirishildi.
Bundan tashqari, bu yilgi investitsiya dasturiga ham har bir tumandan eng muhim, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalar kiritilgan va bu olis qishloqlarda ham zamon talablariga mos infratuzilma yaratishga xizmat qiladi.
Xususan, 106 ta maktab, 27 ta maktabgacha ta’lim, 4 ta oliy ta’lim, 10 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlari quriladi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 9000 xonadonli 175 ta ko‘p qavatli uy-joy bunyod etiladi. Barcha dasturlar doirasida 2822 kilometr yo‘l va 17 ta ko‘prik ta’mirlanadi, 122 dona suv inshooti qurilib, 688 kilometr tarmoq tortiladi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 8 ta podstansiya va 318 ta transformator va 993 kilometr elektr uzatish tarmoqlari yangilanadi.
– 2024 yil «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» deb e’lon qilindi. Yil dasturi qabul qilinib, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilanadi. Viloyat rahbari sifatida Samarqandda yoshlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalarida qaysi yo‘nalishlarga ustuvorlik berish zarur, deb hisoblaysiz?
– Xabaringiz bor, o‘tgan yil dekabr oyida viloyatimizdagi barcha hokimlar, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, bir qator boshqarmalar rahbarlari yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zim ham yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularni eshitdim. Juda ko‘p takliflar, tashabbuslar bildirildi. Yoshlarning o‘z taqdiriga, yurt kelajagiga befarq emasligidan xursand bo‘ldim. Aksariyat yigit-qizlar tadbirkorlik qilish, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish va shu sohada ishlash niyatida ekanligini bildirdi. Boshqa rahbarlardan ham yoshlar bilan uchrashuvlarda shu kabi takliflar ko‘p bildirilganini eshitdim. Shuning uchun, bu yil viloyatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va IT sohasiga alohida e’tibor qaratishga qaror qildik.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘layotgan yoshlarni, eng avvalo, biznes yuritishga o‘qitish tizimini joriy qilmoqchimiz. Shuningdek, viloyat hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar kengashi tomonidan yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Yoshlarni yirik tadbirkorlarga biriktiramiz.
Bugun viloyatimizda oliy o‘quv yurtlari va ularda tahsil olayotgan talabalar soni ancha oshdi. Lekin ular bilan ishlashni faqat oliy o‘quv yurtlarining o‘ziga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Talabalarni ijtimoiy muhofaza qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishini ta’minlash, qobiliyati va iqtidoriga qarab, to‘g‘ri yo‘naltirishga hokimlik va boshqa tashkilotlar ham alohida e’tibor qaratishi zarur. Bu borada ham aniq chora-tadbirlar belgilab olganmiz. Yoshlar bilan muloqotimizda 2024 yil avvalida barcha oliy o‘quv yurtlarida talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgandik. O‘ylaymanki, bunday muloqotlarimiz yana ko‘plab yangi tashabbuslarga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, ishsiz va xorijda mehnat migranti sifatida ishlayotgan yoshlar, huquqbuzarlik sodir etishga moyil voyaga yetmaganlar, og‘ir toifadagi yigit-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish zarur.
Umuman, bu yil yoshlar masalasiga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratish talab etiladi.
- Siz shu zamin an’analarida kamol topgansiz, qolaversa, ishlash jarayonida aholi kayfiyati va imkoniyatlarini bilib olishga yetarli vaqt bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Samarqandning, samarqandliklarning ertasini, kelajagini qanday tasavvur etasiz?
- Samarqand o‘z ilmiy salohiyati va ma’rifati bilan dunyoda ro‘y bergan ikki Uyg‘onish davrida ham yalovbardorlardan bo‘lgan. Mening orzuim ham, tasavvurim ham mehrim tushgan bu yurtni, bu elni uchinchi bor ham ana shunday sharafga ega bo‘lishini kutishdir. Zero, fidoyi Prezidentimiz rahbarligida viloyatda yorqin taraqqiyotga qarab borayotgan shiddatli qadamlar, shu o‘lka xalqining bunyodkorlik xislati bu kunlarga yetishimizga kafolatdir.