Filippinda maktab o‘qituvchilari doktoranturada o‘qishi shart
Keyingi yillarda o‘quvchilarga chet tilini yanada yaxshi o‘rgatish maqsadida maktablarga xorijdan chet tili o‘qituvchilari jalb qilinyapti. Bugun viloyatimizda 117 nafar xorijlik o‘qituvchi maktablarda chet tili fanidan dars bermoqda.
Toyloq tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida filippinlik Kateleen Rose Milla Comahid ingliz tilidan assistent o‘qituvchi sifatida faoliyat olib bormoqda. U uch yil o‘z vatanida, besh yil turli mamlakatlarda xorijlik fuqarolarga ingliz tilidan dars bergan. U bilan maktab ta’limi haqida suhbatlashdik.
- Kateleen Rose, siz avval ham O‘zbekistonda bo‘lganmisiz? Maktablarimizni qanday tasavvur qilgandingiz?
- O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim, lekin kelishimdan oldin Google’dan O‘zbekiston haqida ma’lumotlar bilan tanishganman. Men O‘zbekistonni tarixga boy, qadimiy davlat ekanini bildim. Bu yerga kelganimda mahalliy aholining samimiyligi, mehmondo‘stligi meni quvontirdi. Shu sababli bu yerda yashash va ishlashimda muammo bo‘lmadi.
- Bizdagi o‘qitish usulining sizning davlatingiz maktablaridan qanday farqli jihatlari bor?
- Ikkala davlatning o‘qitish usulida katta farq ko‘rmadim. Sizning davlatingizda ham, bizning davlatimizda ham o‘quvchilar markazda bo‘lishi juda muhim hisoblanadi. Misol uchun, bu yerda ham bizdagidek an’anaviy darsdan ko‘ra noan’anaviy dars o‘tish muhim ekan. Hozirgi zamon talabi shundaki, maktablarda darslar noan’anaviy tarzda tashkil etilmoqda. Avvallari maktablarda an’anaviy tarzda dars o‘tilgan bo‘lsa, endilikda o‘quvchilarni yo‘qlama qilish, uyga vazifani so‘rash, yangi dars o‘tish kabilar o‘yin tarzida o‘tiladi va ko‘proq o‘qituvchi emas, o‘quvchilar gapiradi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchilar dars jarayonida markazda bo‘ladi.
- Toyloqdagi maktab bolalarining darsni o‘zlashtirishi, ingliz tiliga qiziqishi qanday?
- Men bir necha davlatlarda dars berganman, lekin o‘zbekistonlik bolalarda ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yuqori ekan. To‘g‘ri, maktabda sho‘x o‘quvchilar yo‘q emas, boshqa davlatlarda ham sho‘x o‘quvchilar bo‘ladi, lekin toyloqlik o‘quvchilar ingliz tilini yaxshi ko‘rib o‘rganyapti. Ayniqsa, quyi sinf o‘quvchilari chet tilini o‘rganishga juda qiziqadi. Yuqori sinf o‘quvchilari ham ingliz tilini yaxshi ko‘radi, ammo 5-6-sinf o‘quvchilarida chet tiliga qiziqish kuchliroq. Men haftada ikki kun darsdan keyin to‘garak mashg‘ulotlari olib boraman. Ingliz tilini yanada yaxshiroq o‘rganishni istagan o‘quvchilar to‘garaklarga qatnashyapti.
- Filippinda o‘qituvchilar qanday ishga olinadi? Faqat diplom bilan ishga kirsa bo‘ladimi?
- Bizning davlatimizda o‘qituvchiga dars berish uchun bakalavr diplomidan tashqari litsenziya, ish tajribasi, sertifikati ham bo‘lishi kerak. O‘qituvchi litsenziya olish uchun maxsus imtihondan o‘tishi lozim. Birgina bakalavr diplomi bilan ishlay olmaydi.
- Bizda o‘qituvchilarning malaka toifasiga qarab ish haqi ko‘tarilib boradi. Sizlarda-chi?
- Filippinda maktab o‘qituvchilari magistratura va doktoranturaga o‘qishi muhim hisoblanadi. Pedagog magistratura va doktoranturada o‘qigan va ko‘p sertifikatlarga ega bo‘lsa, yuqori maosh oladi. Bizda maktab o‘qituvchilarining doktoranturaga o‘qishi davlat tomonidan majburiy qilib qo‘yilgan. Men ayni paytda magistraturada onlayn o‘qiyapman, maktabdagi darslardan keyin o‘qishimga vaqt bo‘lyapti. O‘zbekistonga kelmasimdan oldin Vetnamda ingliz tilidan dars berdim, u yerda ishlaganimda o‘qishimga vaqtim bo‘lmasdi.
- Sizning mamlakatingizda maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga qanday qabul qilinadi?
- Bizda davlat va xususiy universitetlar bo‘lib, davlat oliy ta’lim muassasasiga maxsus test sinovlaridan o‘tganlar talabalikka qabul qilinadi. Xususiy oliy ta’lim muassasalariga kontrakt pulini to‘lab o‘qiydi. Agar talaba o‘qishi davomida yaxshi o‘qisa, stipendiyaga ega bo‘ladi. Masalan, men ham talabaligimda yaxshi o‘qiganim uchun stipendiya sohibi bo‘lganman. Agar talabaning bilimi yaxshi bo‘lmasa, u kontrakt puli to‘lab o‘qiydi.
- O‘quvchilar chet tilini yaxshi o‘zlashtirishi uchun siz qanday metoddan foydalanasiz?
- O‘qituvchi o‘quvchilarning darajasiga qarab dars o‘tishi, har bir o‘quvchiga tabiatidan kelib chiqib, alohida-alohida yondashishi va bir xil o‘qitish metodidan qochish, ya’ni har xil usullardan foydalanib dars o‘tish tarafdoriman.
- Kelganingizdan buyon bayramlarimiz yoki to‘y-tomoshalarimizda qatnashdingizmi?
- Bir marta to‘yda mehmon bo‘ldim. Haqiqatda boshqa millat to‘ylarida ishtirok etsa, yangicha madaniyat o‘rganish mumkin. Bizda ilgari xuddi sizlardagidek dabdabali to‘ylar o‘tkazilardi. Hozirgi kunga kelib, moliyaviy xarajatlarni hisobga olgan holda to‘ylarimiz tor doirada tashkil etiladi. To‘ylar yoshlarning xohishiga qarab biron orolda, manzarali joyda yoki cherkovda bo‘lishi mumkin.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.