Repetitorligi uchun pul olmaydigan o‘qituvchi
U beminnat repetitorlik qiladi. To‘lov talab qilmaydi. O‘qituvchilikning mashaqqatlarini boshidan kechirgan, ammo barchasiga sabr qilgan. 10 ga yaqin fan doktori, 700 dan ziyod shifokor, birgina Kadan qishlog‘idan 40 nafar kimyo va biologiya o‘qituvchisi yetishib chiqishiga munosib hissa qo‘shgan.
Kattaqo‘rg‘on tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi, xalq ta’limi a’lochisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Dilfuza Nizomova bilan suhbatlashdik.
- O‘qituvchi bo‘lish orzuingizmidi yoki?..
- Aslida o‘qituvchi emas, shifokor bo‘lishni xohlaganman. Shuning uchun maktabda biologiya va kimyo fanlarini yaxshi o‘zlashtirganman. Maktabni bitirayotganimda ko‘richak xastaligi bilan shifoxonaga tushib qolganim sababli oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarida qatnasha olmaganman. Keyingi yili onam menga Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetiga hujjat topshirishimni maslahat berdi. Uning nima afzalligi bor, deganimda onam kulimsirab, universitet binolari tangadek oftob nuri tushmaydigan soya-salqin xiyobon atrofida joylashganligini aytgandi. Onamning shu gapidan keyin o‘sha paytda Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirdim va talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. 1991-yilda oliygohni qizil diplom bilan tugatdim. O‘sha yili Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetini 48 nafar talaba bitirgan bo‘lsa, faqat men aspiranturada o‘qishni davom ettirish va shu fakultetda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganman. Ammo taqdir ekan, o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqqa kelin bo‘ldim va 15-umumta’lim maktabida biologiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshladim.
- Aspirantura, ilmiy izlanishlar nima bo‘ldi?
- O‘sha vaqtlarda qalbimda ulkan ishtiyoq olovlanib turardi. Go‘dakligimdayoq ota-onam mening olima bo‘lishimni istab, beshigim yostiqchasi ostiga kitob qo‘ygan ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, maktabda boshlang‘ich sinflarda savodim chiqa boshlashi bilan ertak kitoblar o‘qiganman. Shu-shu bo‘sh vaqtim bo‘lsa, qo‘limga badiiy kitob olishni odat qilganman. Xullas, ota-onam orzu qilgandek olima bo‘lish niyatida edim. Taqdir taqozosi bilan qishloqqa qaytgach, ilmiy izlanishlarni maktabda davom etdirdim. Qishloqda tuman markaziy dorixonasi laboratoriyasining eski uskunalaridan foydalanib, o‘quvchilarim ishtirokida eshakmiya (achchiqmiya) o‘simligining ildizidan tabiiy bo‘yoq, finonlarni olish ustida ish olib bordik va uddasidan chiqdik. O‘quvchim Manzura Ro‘zimurodova shu ish bilan respublika iqtidorli o‘quvchilar tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldi. Natijada men 2003-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” unvoni bilan taqdirlandim.
- Shu kunlarda odamlar orasida maktabda olgan bilim bilan talaba bo‘lish qiyin, degan gap-so‘zlar ko‘p tarqalgan. Bunga siz nima deysiz?
- Haqiqatdan ham, biz maktab o‘qituvchilari ta’lim berishda sidqidildan mehnat qilmas ekanmiz, shu kabi gap-so‘zlarning nishoniga aylanib qolaveramiz. O‘zimni maqtamoqchi emasman, maktabda dastlab faoliyat boshlagan paytlarimda atrofimga ozgina bo‘lsa-da, bilim olishga qiziquvchi o‘quvchilarni to‘plaganman. Maqsadim maktabda olingan bilim bilan ham oliy o‘quv yurtiga kirish mumkinligini isbotlash edi. Natijaga erishganman ham. 32 yillik o‘qituvchilik faoliyatim davomida ko‘plab shogirdlarga saboq berdim. Ular orasida 10 nafarga yaqin fan doktori, xususiy klinika rahbarlari bor. Shuningdek, shogirdlarimning 700 nafardan ortig‘i bugun turli tibbiyot muassasalarida shifokor bo‘lib mehnat qilmoqda. O‘zim yashaydigan Kadan qishlog‘ida 40 nafar biologiya va kimyo fani o‘qituvchisi bo‘lgan shogirdlar tayyorlaganman.
- Siz repetitorlik ham qilarkansiz, ammo o‘quvchilardan to‘lov talab qilmas ekansiz. Shu to‘g‘rimi?
- Aslida bu savolingizga javob berish men uchun osonmas. O‘ng qo‘ling bergan narsani chap qo‘ling bilmasin, degan gap bor xalqimizda. Maktabda bir sinfxonada 30-40 nafar bola bo‘lsa, ularning qiziqishlari har xil bo‘ladi. Masalan, kimyo va biologiya faniga qiziquvchan o‘quvchilar ko‘p. Ayrim oilalar qaysidir o‘quv markazi yoki repetitor uchun to‘lov qilishga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Ana shunday o‘quvchilarni o‘zim izlab topaman va bepul dars o‘tishimni tushuntiraman. Ba’zan ularning bepul bo‘lsa ham o‘qishiga ruxsat bermagan ota-onalarga iltimos qilishimga to‘g‘ri kelgan. Aynan shunday oilalarning farzandlari ko‘proq yaxshi natija ko‘rsatyapti. Bilasizmi, bolada iqtidor borligini bila turib, unga ko‘maklashmasangiz, bu – gunoh!
- O‘qituvchilikdan charchagan vaqtlaringiz ham bo‘lganmi?
- Ha, bo‘lgan, albatta. Ham maktab darslari, ham qo‘shimcha to‘garaklar, qolaversa, ro‘zg‘or yumushlari sabab jismoniy va ruhiy charchoqlar bo‘lgan, ammo shogirdlarim fan olimpiadalari va tanlovlarda g‘olib bo‘lganida, ularning oliy o‘quv yurtlariga kirganini eshitganimda barcha charchoqlarim unut bo‘ladi. Lekin o‘qituvchilikning unutilmaydigan azoblariyam bo‘lgan. Bir paytlar paxta yig‘im-terimi, ko‘chalarni obodonlashtirish kabi yumushlarga jalb etilganimizda o‘quvchilarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor susayib qolganini eslasam, yuragim og‘riydi.
- O‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan shogirdlaringiz va ularning oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- 2022-2023-o‘quv yilida maktabni bitirgan 14 nafar shogirdim mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi. Ularning 10 nafari talabalikka tavsiya etildi. 6 nafari aynan tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. Quvonarlisi, ularning aksariyati ehtiyojmand oilalarning farzandlaridir.
- Sidqidildan qilingan halol mehnat mukofotsiz qolmaydi.
- To‘ppa-to‘g‘ri. Avvalo, ko‘ksimdagi mukofotlar, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari va “Mehnat shuhrati” ordeni 32 yillik o‘qituvchilik faoliyatimning samarasi. Bundan tashqari, jamiyatimiz eng zo‘r shifokorlar, farmatsevtlar, fidoyi o‘qituvchilar bilan ta’minlanishida mening ham ozgina hissam borligidan baxtiyorman. Ertaga nevaralarimning ustozi, o‘zim va yaqinlarim, yurtdoshlarimga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan shifokorlar bugun men ta’lim berayotgan shogirdlarim ekanligini his etib, mehnat qildim va ular ishonchimni oqlayapti. Ustoz uchun bundan ortiq mukofot bo‘lmasa kerak.
- Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
To‘lqin SIDDIQOV suhbatlashdi.