162 nafar samarqandlik o‘qituvchi 5 million so‘mdan ortiq qo‘shimcha ustama oladigan bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi «Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyida vazir jamg‘armasidan oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralash sinovlari o‘tkazildi.

Sinovlarning dastlabki bosqichida samarqandlik 418 nafar da’vogar pedagog ishtirok etib, ularning 163 nafari 80 balldan yuqori natijani qo‘lga kiritdi. Natijada ular tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llanma olgan edi.

Yaqinda viloyatda vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan tanlovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Kasbiy mahoratni baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat jarayonida 162 nafar o‘qituvchi ishtirok etib, ularning barchasi yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Tanlov natijalariga ko‘ra, 162 nafar malakali pedagog joriy yilning aprel oyidan boshlab, 9 oy davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida (bugungi kunda 5 mln. so‘mdan ortiq) har oy ustama to‘lanadi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.