Maktabda dars berish osonmi yoki qiyin, pedagoglar nimadan norozi?

Bugun ko‘pchilik yoshlarning maktabda yaxshi o‘qimasligi, yetarli bilim olmasligiga o‘qituvchilarni aybdor sanashadi. Haqiqatda ham o‘quvchilarning bilim olishga qiziqmasligiga o‘qituvchi aybdormi? Balki masalaning boshqa tomonlari bordir?

Keling, pedagoglarni ham eshitib ko‘raylik, yoshlarning ta’lim olishga qiziqmasligi sababini ular qanday izohlashadi? Ular ism-shariflarini oshkor qilishni istamagani uchun, faqat muammolarning o‘zini yozishga qaror qildim.

- Ta’lim to‘g‘risida kunda bitta qonun chiqib asabni buzyapti, - deydi oliy toifali o‘qituvchilardan biri. - Topshiriqlar ko‘p, buning ustiga kechgacha darsda bo‘laman. Hali bellashuv qil, ochiq dars qil, taqdimot qil, deydi. Ishonasizmi, bosh qashishga vaqtim yo‘q. Televizor ham ko‘rmay qo‘ydim. Ketma-ket nazorat ishlari, daftar tekshir kabi yumushlar bilan kech bo‘lganini bilmay qolaman. O‘z ustimizda ishlashga vaqt bo‘lmayapti, aslida bizdan so‘ralishi kerak bo‘lgan narsa shu. O‘qituvchiga ortiqcha topshiriqlar berilayotgani bois asosiy masala eng oxirgi o‘ringa tushib qolgan. Qaniydi, bizdan faqat darsni puxta o‘tish so‘ralsa. Qolgan vaqtimizni o‘z ustimizda ishlashga sarflardik.

Muallimaning bunday fikrlarini eshitgach, demak, hamma aybni o‘qituvchiga ag‘darish adolatdan emasligini tushundim. Yaqinda bir yosh o‘qituvchi tahririyatimizga keldi, yozib kelgan maqolasi haqida biroz suhbatlashdim.

- Nurobod tumanidanman, matematika fanidan dars beraman, - dedi o‘qituvchi. – Maktabga katta ishtiyoq bilan ishga kirdim, o‘zimcha hamma bolani a’lo bahoga o‘qitaman, degan niyatda edim. Ammo ko‘p o‘tmay hafsalam pir bo‘ldi, chunki hozirgi bolalar o‘qishga qiziqmas ekan. Nomiga kelib ketadigan o‘quvchilarga dars o‘tging ham kelmay qolarkan.

- Ham maktabda, ham o‘quv markazda dars beraman, - dedi taksida bir yo‘lovchi yigit. – Endi maktabni tashlab, butunlay o‘quv markazga o‘tib ketmoqchiman. Sababi, o‘quv markazda o‘qituvchiga maktabdan ko‘ra yaxshi maosh beriladi. Bundan tashqari, maktabda ishlash juda qiyin, ota-onalar farzandining o‘qishiga qiziqmaydi, ammo har kuni bolamni urishibdi, deb ustingizdan arz qilib keladi. Bolangiz dars qilmaydi, o‘qishga umuman qiziqmaydi desam, buyog‘i bilan ishing bo‘lmasin, deydi. O‘quv markazga esa hech bir ota-ona bolamni urishibsan, deb kelmaydi.

- Assalomu alaykum, men tahririyatga tushdimmi? – deydi o‘zini o‘qituvchiman deb tanishtirgan ayol. – Maktabimizda ota-onasi xorijga ketgan bolalar ko‘p, ular qarindoshlarining qo‘lida qolgan. Tabiiyki, qarindoshlar bola bilan ota-onadek har kuni dars qilmaydi, faqat qorni to‘q, usti but bo‘lsa bo‘ldi. Ota-onasi xorijda bo‘lgan bolalarni bilim olishga qiziqtirib bo‘lmaydi. Shuningdek, ajrashgan oilalarning bolalari ham maktabda yaxshi o‘qimaydi. Surishtirsangiz onasi ajrashgach, bolalarini qarindoshlariga qoldirib, o‘zi xorijga ketgan bo‘ladi. Bunday bolalarning o‘y-fikrlari, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi. Shu mavzuda maqola yozsam degandim, zora ota-onalar qayerda xato qilayotganini tushunsa.

- Ishimni o‘zgartirmoqchiman, - deydi yoshgina rus tili o‘qituvchisi. – Maktabda bosim kuchli ekan, men faqat darsimni o‘tsam bo‘ldi, degandim. Keraksiz topshiriqlardan bezor bo‘ldim. Buning ustiga maktabda mukofot puli degan narsa yo‘q, biror bayramda o‘qituvchi rag‘batlantirilmaydi. Holbuki, boshqa korxona va tashkilot xodimlari bayramlarda mukofot puli oladi.

Maktab o‘qituvchilarining bundan tashqari ham bir talay muammosi bor.

- Hamma pedagoglar yozgi ta’tilni intizorlik bilan kutadi, - deydi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. – Chunki, maktabda 30-40 nafar o‘quvchiga dars berish, ularni tartibga chaqirish, tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish o‘qituvchilarni charchatadi. To‘g‘ri, ta’til berilgani bilan o‘qituvchilar har kuni maktabga bir ko‘rinib ketishi kerak, tartib shunaqa. Buning ustiga har bir o‘qituvchi o‘zining xonasini o‘zi ta’mirlaydi. Maktabimizda o‘quvchilardan pul yig‘ish to‘xtatilgach, bu muammo pedagoglarning zimmasiga yuklatilgan. Nimayam derdik, o‘zimiz usta topib, xonamizni ta’mirlatamiz. Bu mablag‘ga charchab ketgan asablarimizni dam olish sihatgohlarida davolatsak qani edi.

- Hozirgi kundagi o‘qituvchilar uchun eng katta muammo ‒ kundalik.com, - deydi boshqa bir o‘qituvchi. - Internet aloqasining sustligi yoki elektr energiyasidagi uzilishlar sabab garchi maktablarga optik tolali internet yetib borgan bo‘lsa ham Wi-Fi ishlamay qoladi. Shu narsa tufayli kundalik.comga kiritilgan baholar saqlanib qolmaydi. Natijada o‘qituvchining elektron jurnalini yuritish foizi pasayib, maktablar “qizil”ga tushib qolyapti.

Xalq orasida: “O‘qituvchining tuprog‘i yengil”, degan gap bor. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining jazavaga tushgani videosi tarqalsa, hech kim o‘qituvchini shu darajagacha olib borgan sababni ko‘rsatmaydi-yu obunachilarini ko‘paytirish uchun ziddiyatning avj nuqtasini yoritishga harakat qiladi. O‘quvchi kamida o‘ttizta tengdoshi oldida o‘qituvchisiga gap qaytarsa, unga ustozi qanday javob berishi kerak?

Yaponiyada o‘qituvchining soyasini bosib o‘tish ham uyat, jinoyat deb hisoblanarkan. Bizda esa soyasi tugul o‘zini ham bosib-yanchib o‘tib ketish hollariga duch kelyapmiz.
***
Bugun ta’lim tizimi quyidan yuqoriga qadar isloh qilinmoqda. Aslida pedagoglar fikrlariga quloq tutilsa, ularning muammolari tinglansa va yechim topilsa, mana shu adolatli islohot bo‘lardi.

Xurshida ERNAZAROVA.