Samarqandda endokrin kasalligiga uchragan bemorda laporaskopik usulda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filialida ilk bor laporaskopik usulda o‘ng tomonlama adrenalektomiya jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Ta’kidlash lozimki, Itsenko-Kushing sindromi kam uchraydigan, og‘ir endokrinologik kasallik bo‘lib, bemorlarda yurak-qon tomir, tayanch-harakat tizimlarida jiddiy asoratlarga sabab bo‘ladi. Tashxislash va davolashda murakkabliklar sabab bemorlar ko‘pincha mutaxassisga murojat qilguncha asoratlar rivojlanib, bemorlar hayot sifati pasayishiga olib keladi.
- Keyingi yillarda respublikamizda endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilyapti, - deydi filial bosh vrachi Gulnoza Negmatova. - Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi neyroendokrinologiya va neyroxirurgiya laboratoriyasida Kushing sindromi bo‘yicha respublika miqyosida qator ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan birga zamonaviy tibbiyot yutuqlariga asoslangan samarali davolash usullarini amaliyotga joriy etib borilmoqda.
Filialimizda yo‘lga qo‘yilgan ushbu yuqori texnologik amaliyotni endokrin kasalliklar bilan bemorlarning uzog‘ini yaqin qilish, nogironlikni va erta o‘limning oldini olish uchun qo‘yilgan muhim qadamlardan biri, desak bo‘ladi.