Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-maktab kitobsevarlariga 100 million so‘m nasib etadigan bo‘ldi

Bugun Samarqand shahridagi Yoshlar markaziga viloyatdagi kitobsevar yigit-qizlar va ularning ustozlari jam bo‘ldi. Ular Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Eng yaxshi kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichini katta qiziqish bilan kuzatdi.

Tanlovda viloyatdagi barcha shahar va tumanlar vakillari, har biri 7 nafar ishtirokchidan iborat 16 maktab jamoasi sinovdan o‘tdi. Bu ishtirokchilar tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kitobsevar jamoalardir. Uch shartdan iborat tanlov jarayonini hakamlar sinchkovlik bilan kuzatib bordi.

Yakunga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumanining 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat hokimi sovrini - 100 million so‘mni qo‘lga kiritadigan bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Paxtachi tumani 24-maktab, uchinchi o‘rin esa Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi.

To‘lqin SIDDIQOV.