Universitet olimasi qurilish chiqindilaridan qurilishbop material ixtiro qildi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti, ekologiya jonkuyari Gulmira Keldiyorova ana shunday natijaga erishdi.

Olima ilmiy tadqiqotlarining asosini atrof-muhit musaffoligini saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalaridan atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar ta’sirini kamaytirish kabi masalalar tashkil etadi. Bu boradagi izlanishlari yaxshi natija berdi. Masalan, korxonalarda changni tozalash uchun yangi turdagi uskunalar yaratdi va ayni paytda ulardan shifer, asfalt beton ishlab chiqarish korxonalarida ikkinchi bosqichli tozalash uskunasi sifatida foydalanilmoqda. Shu kabi ixtiro va yangi loyihalari uchun 3 ta patent, bir nechta xalqaro va mahalliy grantlar sohibasi bo‘lgan.

– Yurtimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati rivojlanib, ishlab chiqarish quvvatlari oshib bormoqda, – deydi u. – Shu bilan birga bu korxonalarning atrof-muhitga salbiy ta’siri ham ko‘paymoqda. Ana shu ta’sirni kamaytirish va chiqindisiz texnologiyalardan keng foydalanishda ishlab chiqarish chiqindilarini saralash va ularni rekuperatsiya qilish muhim ahayamiyatga ega. Shu maqsadda olib borilayotgan ilmiy izlanishlarimda qurilish chiqindilarini qayta ishlagan holda, ikkilamchi mahsulot sifatida qurilish sohasida foydalanishni tadqiq qildim. Yaxshi bilamiz, hozir qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida yoki maxsus chiqindi poligonlarida bir necha ming kvadrat metr maydonda qurilish chiqindilari to‘planib qolgan. Va afsuski, ulardan foydalanish yoki qayta ishlash bo‘yicha ko‘zga ko‘rinarli loyihalar mavjud emas. Bizning tadqiqotimiz aynan shu chiqindilarni qayta ishlab, ikkilamchi mahsulot tayyorlashga qaratilgan. Bu borada olib borgan izlanishlarimiz, turli soha vakillarining xulosalari asosida chiqindidan qurilish materiali tayyorlashga erishdik. Yangi turdagi mahsulotni ishlab chiqarishda suv va tuproq resurslariga ehtiyoj bo‘lmaydi. Lekin mahsulotning sifati va foydalanish davrining uzoq muddatliligi va eng muhimi, arzonligi  unga talabni oshiradi.

Yangi mahsulotni yaratish va sinov jarayonlarida G.Keldiyorova vaqtini laboratoriyalarda, ishlab chiqarish korxonalarida, olima ayollar granti hisobiga tashkil etilgan ustaxonalarda o‘tkazdi. Lekin olima boshqa paytlarda ham yonida qandaydir chiqindi qotishmasi yoki konteynerchada chiqindilar qorishmasini ko‘tarib yurganida ayrimlar unga boshqacha qaragani, uddasidan chiqib bo‘lmaydigan ishga urinyapsiz, deb ochiqcha aytganlarida ham izlanishlardan to‘xtamadi. Tadqiqotlar natija berib, chiqindidan mahsulot ishlab chiqarilib, uch marta eksperimentdan muvaffaqiyatli o‘tgach, patent olish uchun Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga hujjat topshirdi.

– Mahsulot patentlashtirilgach, korxona ochib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi Gulmira Keldiyorova. – Kelgusida qurilish chiqindilaridan yana bir necha turdagi ikkilamchi mahsulotlar olish borasida izlanishlarni davom ettiramiz. Bunday ixtirolarim orqali tabiiy resurslarni tejash, chiqindisiz texnologiyalarni yanada takomillashtirishni keng yo‘lga qo‘ymoqchiman.