Dabdabali to‘y kattalarga kerakmi, yoshlarga?

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar odamlar qornini to‘ydirish uchun uch-to‘rt qishloq naridagi to‘yga osh yeyishga borishar ekan. Hozir shukrki, to‘qlik zamoni, dasturxonlardagi qavat-qavat yeguliklarni ko‘rib, to‘ydan keyin qancha oziq-ovqat mahsulotlari isrof bo‘lishini tasavvur qilib, achinasan kishi.
Yaqinda bir to‘yda bo‘ldim. Birinchi ovqat tortilgach, to‘yxonaning yarmi bo‘shab qoldi. Odamlar to‘yni tomosha qilmasdan turib ketishdi. Dasturxondagi yeguliklar shunday qoldi. Yonimdagi dugonam izoh berdi:
- Qishlog‘imizda deyarli har kuni to‘y, odamlar to‘yga borishdan bezib qolishdi. Shuning uchun tez turib ketishyapti, aslida ko‘pchilik to‘yga to‘yona berish uchun kelgan. To‘y egasi vaqtida uning to‘yiga borib, to‘yona bergan, endi qaytarishi kerak.
Bugun to‘ylardagi ortiqcha chiqimlar odamlarni qiynab qo‘ydi. Ammo to‘ylarni tartibga solishni hech kim o‘ylamayapti. To‘yida o‘n so‘m to‘yona qilgan bo‘lsa, “shuni qaytarishim kerak” deb hisoblaydigan odamlar to‘yga aytilmasa ham boraveradi. Ajablanmang, qishloq joylarda taklifnomasiz ham to‘yga keladiganlar bo‘ladi. Shuning uchun ham to‘y egasi aytilgan mehmonlardan tashqari ortig‘i bilan joy tayyorlatadi. Ba’zida ortiqcha joylar ham to‘lib ketadi.
To‘yni ixchamlashtirish, xarajatlarni kamaytirish, dasturxondagi yeguliklarni me’yorida qo‘yish tabiatimizga yot narsami? Isrofgarchilik haqida qancha gapirmaylik, odamlar quloq solmayapti. Aksincha, kundan-kunga to‘ylarimiz ixchamlashish o‘rniga kengayib ketmoqda. Buni Kattaqo‘rg‘on tumani to‘ylari misolida keltiraman.
Avvallari nikoh to‘ylari nahor oshi va kechqurungi bazm bilan tugardi. Endi erkaklar uchun nahor oshidan keyin ayollar to‘yi tashkil etilibdi. Ayollarning to‘yida faqat ayollar ishtirok etib, sarpolar tortilib, raqsga tushilar ekan. Qizig‘i, kechgi bazmga nahor osh va ayollar to‘yiga kelganlar ham qatnashadi. Bir to‘yga bir kunda ikki marta borishni tasavvur qilyapsizmi?
Dugonamning gapi esimga tushib ketdi: “To‘y ko‘pligidan odamlar to‘yga borishdan bezor bo‘lgan”. Agar shunday bo‘lganida, odamlar bir marta nahor oshga keldimi, to‘yonasini berib ketardi, kechqurungi to‘yga yana kelmasdi. Yoki ayollar to‘yiga kelgan xotin-qizlar yana kechqurungi bazmda qatnashmasdi.
Bir kunda uch marta dasturxon yozayotgan to‘y egasi buncha pulni qayerdan topadi?
Haqiqatda to‘y qilgan odamlarning 70 foizi to‘ydan keyin qarzlarini to‘lash uchun chet elga ishga ketyapti. Qishloq joylarda ba’zida yosh kelin-kuyov, ba’zida kuyovning o‘zi xorijga ishlash uchun ketyapti. Aslida yoshlarga to‘ydan keyin bunday qiyinchiliklar kerakmi? Dabdabali to‘ylar bugun ko‘pchilik yoshlarni qiziqtirmaydi. Faqat ularning ota-onalari orzu-havas ortidan o‘zlari va boshqalarni qiynayapti.
“Nega boshqa xalqlar qarzga botib, dabdabali to‘y qilmaydi-yu, biz o‘zimizni qiynashimiz kerak?”, deydigan yoshlar ham talaygina. Bir dugonam “Qizim bugungi dabdabali to‘ylarni yoqtirmaydi. Mening nikoh to‘yim kichik davrada bo‘lishini xohlayman, deydi. Odamlar kuladi, kichik to‘y bilan seni qanday uzataman, desam odamlar bilan nima ishim bor, men o‘z baxtimni topsam, baxtli oila qursam bo‘ldi-da, deydi. Unga o‘z an’analarimizni tushuntira olmayman”, derdi.
Yaqinda o‘sha dugonam qizini uzatdi. Ishonasizmi, nikoh to‘yiga bor-yo‘g‘i 50 kishi taklif etildi. Ularning fikri bir joydan chiqqach, ikkala tomon o‘zlariga to‘q oila bo‘lsa-da, ixcham to‘yga rozi bo‘ldi. Mana, ixcham to‘y qilsa bo‘lar ekan-ku! Buning uchun yoshlar tashabbus qilmasa, kattalar eskicha odatlaridan voz kecholmaydi.
Kechagi odamlarning o‘y-fikrlari bugungi yoshlarnikiga o‘xshamaydi. Haqiqatda ham keksa avlod “Odamlar nima deydi”, deb yashaydi. Bizni yemirayotgan illatlardan voz kecholmasligimizning sababi ham shunda. Hatto ba’zi yigitlar to‘yini aroqsiz o‘tkazishni istasa, otasi “Men xalqning oshini yeb, arog‘ini ichganman, aroqsiz to‘y bo‘lmaydi”, deb tortishayotganini eshitib qolyapmiz. Demak, ba’zi yoshlarning istagi ota-onalar tomonidan to‘g‘ri qabul qilinmayapti.
Agar ota-onalar “Odamlar nima deydi?”, degan fikrda qattiq turishmaganida bugun yoshlarning nikoh to‘ylari ancha qisqarardi. Keyin asta-sekin boshqa to‘ylar ham ixchamlashardi.
Aslida yangicha fikrlash odamlarning intellektual salohiyatiga bog‘liq, ya’ni dunyoqarashi keng, bilimli, madaniyatli kishilar keraksiz odatlardan voz kecha oladi. Agar saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lsa, dabdabali to‘y qilishda davom etadi.
Bizda kim o‘zarga to‘y qilinishi, odamlarning topgan pullari faqat to‘y-tantanalarga sarflanishi ortidan shaharlarimizda restoranlar ko‘payib ketgan. Deyarli har qadamda restoran, oshxona, kafega duch kelasiz. Xorijiy davlatlarda buning aksi, har qadamda bizdagidek yemakxonalar topilmaydi. Buni xorijga chiqqanlar yaxshi biladi.
To‘g‘ri, keyingi yillarda to‘ylarni qisqartirish haqida fikrlar o‘rtaga tashlanyapti, muhokama, munozara qilinyapti. Hatto davlat darajasida qandaydir cheklov choralari ustida ishlanyapti. Ammo odamlarning dunyoqarashi o‘zgarmasa, bunday cheklovlarning samara berishiga ishonish qiyin. Birgina umidimiz yoshlardan.
Yangicha fikrlaydigan yoshlarimiz ko‘payib, to‘ylar qisqarsa, ortgan pulga ko‘cha, maktab yoki bog‘chani ta’mirlash, ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, bemorlarning dori-darmonini olib berish, talabalarning kontrakt pulini to‘lab berish kabi qanchadan-qancha savobli ishlarni bajarsa bo‘ladi.
Xurshida ERNAZAROVA.