Kattaqo‘rg‘onlik Jahongir To‘rayev «Bilim uchun 100 million» olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Bilim uchun 100 million» olimpiadasining finalida Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi, bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakulteti talabasi Jahongir To‘rayev g‘olib bo‘ldi. Unga 100 million so‘m mukofot topshirildi.
- Jahongir bolaligidan matematika faniga qiziqardi, - deydi onasi Salima Usmonova. – Shuning uchun uni 6 yoshida shahrimizdagi 17-IDUMning 1-sinfiga qabul qilishdi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Xadicha opa Rashidova uning iqtidoriga alohida e’tibor bergani tufayli mental arifmetikani yaxshi o‘zlashtirdi. So‘ngra Gulnora Qo‘chqorova, Inobat Parmonovalardan saboq olib, shahar va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan bilimlar bellashuvi, kichik olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Jahongir 2015 yilda Xitoyning Chanchun shahrida 6-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etib, 30 ga yaqin davlatlarning 600 dan ortiq o‘quvchilari orasida 2-o‘rinni egalladi. Bu uning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirdi.
Yigirma yoshli Jahongir bugungacha o‘ndan ziyod xalqaro matematika olimpiadalarida sovrindor bo‘lgan. U akademik T.Sarimsoqov nomidagi, akademik Qori-Niyoziy nomidagi stipendiyalar sovrindori hamda «Asakabank» AJ tomonidan tashkil etilgan «Yosh matematik» stipendiyasi sohibi.