Telefon – enaga, internet – tarbiyachi(mi?)

Bugun jamiyatimizning eng katta muammolaridan biri – yosh oilalarning farzand tarbiyasiga yetarlicha e’tibor qaratmayotganida. Ko‘chada, avtobusda yoki uyda bo‘ladimi, har qadamda telefonga berilgan ota-onani uchratamiz. Bir qo‘lida smartfon, ikkinchi qo‘lida yig‘layotgan bola. Go‘yo telefon – enaga, internet – tarbiyachiga aylandi. Bu qachongacha davom etadi?
Ayrim ota-onalar xuddi yosh boladay. Hayotning og‘irligi, turmush xarajatlari ularni moliyaviy muammolar girdobiga tortib ketyapti. “Farzandimni tarbiyalay olyapmanmi” degan savol ko‘pchilikning xayoliga ham kelmaydi. Pul topish – aksariyatimizning maqsadimizga aylangan. Afsuski, pul bilan bola kamolga yetmaydi. Pul kiyim beradi, ovqat beradi, ammo vijdon bermaydi, mehr bermaydi, tarbiya bermaydi...
Ijtimoiy tarmoqlarda “storiy”lar, “like”lar ortidan quvib, soatlab ekran qarshisida o‘tirayotgan onaning bolasiga mehr berishga vaqti yetmaydi. Ota esa ish bahona kun bo‘yi ko‘chada, kechqurun u ham telefon bilan mashg‘ul. Oqibatda bolaning qalbida bo‘shliq paydo bo‘ladi. O‘sha bo‘shliq esa yomon ko‘chalarga, begona ta’sirlarga, yolg‘onlarga yetaklaydi. Shunday qilib kelajakni qo‘ldan boy beryapmiz.
Nega bolamizni telefon, ijtimoiy tarmoq tarbiyalashi kerak? Ota-onalik bola tug‘ishgina emas, uni inson qilib tarbiyalash hamdir.
Xo‘sh, bu muammolarga yechim bormi? Albatta bor. Avvalo, ota-onalar o‘zini tarbiyalashi kerak. Telefonni bir chetga qo‘yib, farzandi bilan suhbatlashsin. Kechqurun bola yonida o‘tirib ertak o‘qisin, maktab darslarini so‘rab tursin, bolasi bilan sayr qilsin. Oddiy ko‘ringan bu ishlar aslida eng buyuk tarbiya vositasi.
Jamoat tashkilotlari ham ota-onalar uchun ma’naviy-ma’rifiy seminarlar, treninglar tashkil etsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki bola tarbiyasi oilanigina emas, jamiyatning kelajagini belgilaydi. Yosh oilalarga moliyaviy yordam berish, farzandlar uchun bepul to‘garaklar, sport va san’at markazlari tashkil etish lozim.
Farzandimizning qo‘liga telefon berib, “jim yur” deyaverganimiz bilan jamiyatni jimlikka o‘rgatib bo‘lmaydi. Chunki bugungi beparvolik ertaga ijtimoiy falokatga olib keladi.
Telefon emas, mehrimiz, tarbiyamiz farzandimizning kelajagini belgilaydi.
Noila OChILOVA,
SamDChTI katta o‘qituvchisi.