Yangi o‘quv yili – yangi maqsadlar sari

Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida ilk qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, yangi o‘quv yili boshlandi.

Samarqand shahridagi 1-son ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" shiori ostida "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etdi.
Hokim dastlab Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib, eshittirdi. So‘ngra yoshlarni puxta bilim olish va xorijiy tillarni o‘rganishga chaqirib, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish hamda farzandlar ta’lim-tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini yanada oshirish muhimligi haqida gapirdi.
1-son ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga ilk bor qadam qo‘ygan 105 nafar birinchi sinf o‘quvchisiga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi va darsliklardan iborat "Prezident sovg‘asi", IELTS imtihonidan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.