O‘z guliga ega bolalar
Mana, necha yillardan beri Xalqaro bolalar kunida Orif Gulxaniy uy-muzeyi jamoasi tomonidan ajoyib an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, bu kuni ta’lim dargohlariga “Samarqandni gulga burkaylik! 1+10” aksiyasi doirasida uy-muzeyda parvarishlanayotgan gullar va gul urug‘lari tarqatiladi.
Maqsad bolajonlarni tabiatga oshufta etish, ularni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetishiga hissa qo‘shish.
- Gullarni parvarishlagan boladan yomonlik yiroq yuradi, - deydi Orif Gulxaniy uy-muzeyi direktori Muqimjon Oripov. – Ular o‘z ta’lim dargohlarida jajji nihollarga nafaqat g‘amxo‘rlik qiladi, balki ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ham yaqin ko‘makchiga aylanadi. Ular qalbida tabiatga bo‘lgan mehr uyg‘onadi. Atrofni toza tutish, obodonlashtirish kabi ezgu fazilatlarimiz shakllanadi. Joriy yil ham Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim dargohlariga 36 xildagi 2082 dona tuvaklarda parvarish etiladigan gullar hamda 16 xil 31 ming 775 dona gul urug‘lari ko‘paytirish uchun tarqatildi.
Shu bilan birga muzeyda parvarishlanayotgan noyob gullar viloyatimizning turli xududlariga tarqatiladi. Gullarning nafis iforidan insonlar bahra oladi.
Gul ko‘chatlari va urug‘larini olgan kattaqo‘rg‘onlik ta’lim muassasalari xodimlari ularni ekish va parvarish qilishga kirishdilar.