Gul yetishtirib, pul topayotgan talaba

Shahzod Aslanov Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘minxo‘ja mahallasida yashaydi. U Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘qish bilan birga, bo‘sh vaqtlarida xonaki gullar yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

E’tiborlisi, bo‘lg‘usi shifokor bu ishi bilan mo‘maygina daromad ham topyapti. Bugungi kunda u 50 turdagi xonaki gul parvarishlayapti.
- Har bahorda 2-3 oy davomida shu ish bilan shug‘ullanaman, - deydi u. – Avvaliga, onam bilan birgalikda, shunchaki bezak uchun gul yetishtirganmiz. Sotib, daromad topish xayolimga ham kelmagandi. Keyinchalik qo‘ni-qo‘shnilarimdan talab tusha boshlagach, gul savdosi bilan shug‘ullanish rejasi tug‘ildi. Bugungi kunda yiliga 15 million so‘mdan ziyod daromad topyapman.
Shahzod faoliyatini kengaytirishni maqsad qilgan. "Buning uchun issiqxona tashkil etaman", deydi u.