Samarqandni gullar shahriga aylantirish uchun nimalar qilinyapti?
Bugun Samarqand shahrining qaysi ko‘chasidan o‘tmang, qaysi go‘shasiga bormang, albatta ko‘zingiz yashillikka, ko‘kalamzor va gul-u gulzorga tushadi. Shaharning Ibn Sino, Dahbed, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur nomli markaziy ko‘chalarida, shuningdek, mahallalarda tashkil etilgan gulzorlarni ko‘rib qalbingiz quvonchga to‘ladi.
- Ko‘chalarimizdagi yashnab turgan gulzorlar mahalliy va xorij tajribalari, zamonaviy landshaft arxitekturasi asosida amalga oshirilmoqda, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yunus Bobonazarov. - Ko‘kalamzorlarda yurtimiz tabiiy iqlimi va sharoitlariga mos gul va gul butalari, manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, bog‘ va gulzorlar yaratilmoqda. Bugungi kunda Samarqand shahrida 5 millionga yaqin rang-barang gullar parvarishlanmoqda. Shahrimizning eng gavjum jamoatchilik markazlari va sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan xiyobonlar, piyodalar yo‘laklari, ko‘cha va yo‘llar yoqalarida 100 ga yaqin gulzorlar tashkil etildi. Qator yillardan buyon Toshkentning «Bahor gullari» MChJ xizmatidan foydalanib, o‘nlab turdagi o‘stirilgan gullar ekilardi. Endi o‘zimiz gul yetishtirib, parvarishni o‘rganib oldik.
Boshqarmaning Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan issiqxonasida bir mavsumda 2,5 million tupdan ziyod mavsumiy va ko‘p yillik gul ko‘chatlari o‘stirilmoqda. Shuningdek, viloyat hokimining tashabbusi bilan Cho‘ponota tepaliklaridagi qo‘shimcha 50 sotix yer maydonida qurilgan issiqxonada ham 1 million tupga yaqin xorijdan keltirilgan noyob gul urug‘laridan ko‘chat yetishtirilmoqda. Issiqxonalarda tajriba tariqasida 100 ming tupga yaqin geran, salbiya, petuniya, katarantus kabi 21 turdan ziyod ko‘p yillik gul butalari va manzarali daraxtlar ko‘paytirilmoqda. Shuningdek, gulchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab tadbirkorlar ham o‘z tomorqalarida turli anvoyi gullar parvarishlab, gulzorlar yaratishda o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Zamonaviy gulchilik rivojlangan Niderlandiya, Italiya, Portugaliya, Germaniya, shuningdek, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlaridan tajriba tariqasida yuzlab turdagi gul butalari olib kelingan.
- Yaqinda Xitoy davlatiga borib, ekologiya, obodonlashtirish, zamonaviy landshaft arxitekturasi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib qaytdik, - deydi Yunus Bobonazarov. – Ularda bizdagidek, ko‘kalamzorlashtirish va mavsumiy gullarga nisbatan ko‘proq ko‘p yillik gul butalari va manzarali daraxtlar ekishga ahamiyat berilar ekan. Chunki ular tez-tez o‘rilib turiladi, kuniga suv talab qiladigan maysalarga nisbatan o‘zidan ko‘proq kislorod ajralib chiqaradi. Suv kam talab qilib, uzoq yillar yashilligini saqlab qoladi. Boshqarmamiz agronomlari bilan kelishgan holda bir yillik gul va maysalar o‘rniga ko‘proq gul butalari va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishga harakat qilyapmiz.
Boshqarmaning 3 nafar agronom va dizayner-mutaxassislari yaqinda Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan "Gullar festivali"da qatnashib, ularning gul teshtirishdagi tajribalarini o‘rganishdi.
Dunyoning ko‘plab davlatlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari asosan maxsus texnikalarda bajariladi. Biroq bizda ko‘cha va yo‘llarni tozalash, chiqindi saralash, tashish, ariq va zovurlarni kovlash kabi yumushlar qo‘lda amalga oshiriladi. Daraxtlarni ko‘chirish, lotok ariqlarni tozalovchi, bog‘ qator oralarini ag‘daruvchi mini-traktorlar yetishmaydi. Chunki boshqarma xodimlari kuniga shahar bo‘ylab 68 kilometr masofada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishadi.
Samarqand shahrining obodonlashtirish ishlarini o‘z vaqtida va tezkorlik bilan amalga oshirish uchun geografik joylashuvidan kelib chiqib, Siyob, Qorasuv, Bog‘ishamol, Temiryo‘l hamda Bog‘ibaland hududlariga ajratib olingan. Ularning har birida bittadan agronom va 10 nafarga yaqin ishchilar bo‘lib, har bir brigada o‘z hududidagi obodonchilik ishlarini ta’minlab keladi.
Shahar hududini 76 kilometr kanal va kollektorlar kesib o‘tadi. Ularni tozalash, ariq bo‘ylarida qurilgan piyodalar yo‘laklari, gulzor va manzarali daraxtlar, o‘rindiq va bolalar maydonchalarini asrab-avaylash ham obodonlashtirish ishchilari zimmasiga yuklatilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (video).