Mahalladagi hokim yordamchisi qanday ishlarni bajaryapti?
Oqdaryo tumanida 35 ta mahalla bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimi yordamchilari faoliyat olib boryapti.
Ular ish boshlaganiga bir oydan ziyod vaqt o‘tdi. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida qanday natijalarga erishildi? Shu savolga javob topish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan tumanning eng chekka hududida joylashgan "Oytamg‘ali" mahallasida bo‘ldik.
Mahallada 150 nafarga yaqin ishsiz bor. Bu – kammi, ko‘pmi?
"Oytamg‘ali" mahallasida hokim yordamchisi vazifasiga tayinlangan Yoqub Temirov faoliyatini xatlov jarayonidan boshladi.
- Natijaga ko‘ra, mahallada 5 525 nafar aholi istiqomat qilishi, ular orasida mehnatga layoqatli 143 nafar ishsiz mavjudligi aniqlandi, - deydi u. - Bu achinarli holat. Ishsiz fuqarolarning aksariyati xotin-qizlar ekan. Shuni inobatga olib, ularga tumanimizdagi yirik korxonalardan biri, “Mushtariy Oqdaryo” tikuvchilik fabrikasida yangi ish o‘rinlar yaratilganligi, u yerdagi mehnat sharoitlari haqida ma’lumotlar berildi. Natijada 60 nafardan ziyod xotin-qiz ishga joylashtirildi.
Pilol – gulchilar qishlog‘i
Yoqub Temirovning keyingi ishi mahalladagi hunarmandlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘ldi. Qo‘lida hunari bor fuqarolarni aniqlab, ularning qo‘l mehnati mahsuli haqidagi ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtira boshladi.
- Mahalladagi birgina Pilol qishlog‘ida matolardan gul yasaydigan ayollar ko‘pchilikni tashkil etarkan, - deydi Yo.Temirov. – Faqat ular yaratgan bejirim, sovg‘abop, asosiysi, bozorgir san’at asarlarini kimga pullashni bilmas edi. Gul yasaydigan opa-singillarimizning ishini tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirdim. Buni ko‘rgan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ularga har tomonlama yordam berishda menga hamkorlik qilishini aytdi. Xususan, “Hunarmand” uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Farrux Yodgorov hamkorligida ularga uyushmaga a’zo bo‘lish va mavjud imtiyozlardan foydalanish huquqi mavjudligi to‘g‘risida tushunchalar berdik. Natijada Pilol gulchilar qishlog‘iga aylandi, desak xato bo‘lmaydi.
Mahallamiz gullayapti, gullarimizni pullayapmiz
Qishloqning hunarmand ayollaridan biri Nafisa Hamidullayeva ishni qizi bilan birga qiytiq matolardan foydalanib, gul yasashdan boshlagan. Ammo ular mahsulotlarini sotib, mo‘may daromad qilish yo‘llarini bilmas edi. Bugungi kunda ular yasayotgan sun’iy, ammo tabiiylaridan qolishmaydigan guldastalarning bozori chaqqon.
- Avvaliga qizim ikkimiz qiytiq matolardan gullar yasardik, - deydi Nafisa opa. – Biz yaratgan asarlarga xaridorlar chiqa boshladi. Keyin yangi matolar, zarur materiallarni sotib olib, guldastalar yasay boshladik. Bu shunchaki qiziqish edi. Mehnatimizning orqasidan mo‘may daromad qilishni xayolimizgayam keltirmagandik. Yaqinda mahallamizda hokim yordamchisi ish boshlagach, ko‘mak berdi. Shundan so‘ng ham shogirdlarimiz ko‘paydi, ham xaridorlar. “Hunarmandlar” uyushmasiga a’zo bo‘ldim. Subsidiyalar ajratilyapti. Ishonasizmi, nafaqat viloyatimizdan, balki Jizzax va Sirdaryodan ham buyurtmalar tusha boshladi. 8 mart – Xotin-qizlar bayrami arafasida yaxshigina daromad qilishni ko‘zlab turibmiz. Kelgusida foydadan faoliyatimizni kengaytirib, qo‘shimcha tikuv sexi ham ochish niyatidamiz.
Gul yasashni rangli qog‘ozdan boshlaganmiz
Qishloqdagi yana bir hunarmand ayol Zuhra Asomova pensiyaga chiqqandan keyin gul yasashni boshlagan. U gulli va chiroqli bezaklar, qo‘g‘irchoqlar, o‘yinchoqlar yasab sotmoqda.
- Mahsulotlarimizni bozorma-bozor ko‘tarib yurmaymiz, - deydi u. – Xaridorlar uyimizdan olib ketishadi. Hokim yordamchisining ko‘magi bilan kundan-kunga bizni so‘rovchilar, xaridorlarimiz, shuningdek shogirdlarim safi kengayyapti. Qo‘shni mahallalardan ham xotin-qizlar ustoz shogird an’anasi asosida hunar o‘rganishga kelishyapti. Mamlakatimizda hunarmandlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan biri sifatida bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan shogirdlarimiz uchun stipendiya to‘lanishi alohida ahamiyatga ega.
Bolalar qamrovi ikki baravarga oshadigan bo‘ldi
"Oytamg‘ali" mahallasining yana bir qishlog‘i Govbandda tadbirkor Aliqul Qodirov tashabbusi bilan 2018 yilda 100 o‘ringa mo‘ljallangan davlat xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotiga asos solindi. Buning uchun qurilishi rejalashtirilgan 2 binoning biri mablag‘ yetishmaganligi sababli oxiriga yetmay qolgandi.
- 2019 yilda maktabgacha ta’lim vazirligi bilan 1 milliard 200 million so‘mlik shartnoma imzolangan, - deydi tadbirkor. – Mablag‘imiz 2021 yil fevral oyidan boshlab chiqa boshladi. Sentyabr oyigacha 964 million so‘m mablag‘ ajratilib, shartnomada belgilangan 236 million so‘m mablag‘ qoldi. Ajratilgan mablag‘ evaziga 2 ta bino qurdik. Biri ishga tushdi, ikkinchisining esa pardozlash va jihozlash ishlari chala qolgan. Agar shu bino ham ishga tushsa, yana 50 nafar bola bog‘chaga qamrab olinadi. Shuningdek, 5 kishi ish bilan ta’minlanadi. Shu masalaga yechim topishda bizga hokim yordamchisi yaqindan ko‘maklashdi. Ya’ni, shartnomada belgilangan mablag‘ qoldig‘ini kutib o‘tirmasdan, ishni samarali tashkil etish maqsadida “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida kredit olib, ikkinchi binoni ham ishga tushirish kerakligini aytdi va kredit ajratilishi uchun bankka tavsiyanoma berdi.
Mahallada ishsiz odam bo‘lmaydi
- Hokim yordamchisi – mas’uliyatli vazifa, - deydi Yoqub Temirov. – Shu ish bizga ishonib topshirildimi, sidqidildan mehnat qilishimiz kerak. Mana, ishlasak bo‘larkan. Faoliyatimni boshlaganimga bir oydan ziyodroq vaqt bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan davr ichida mahallada 2 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 1 ta oilaviy korxona va 6 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat boshladi. 3 nafar ayol hunarmandlar uyushmasiga a’zo bo‘lib, 50 nafar xotin-qiz ularga shogirdlikka tushdi. Ularning ish boshlagani mahalladagi ishsizlik, kambag‘allik muammosiga yechim topildi, degani emas. Hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ishli bo‘lgan, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan fuqarolarimiz ishining rivojiga yanada hissa qo‘shish, yo‘llarida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarga yechim topish asosiy maqsadimiz bo‘lishi kerak. Shundagina tadbirkorlar safi kengayadi, mahallada ishsizlar bo‘lmaydi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.